Rustam Azimov prezident Shavkat Mirziyoyev faoliyati haqida fikr bildirdi
«O‘zbekinvest» eksport-import sug‘urta kompaniyasi» aksionerlik jamiyati bosh direktori Rustam Azimov «O‘zA»da e’lon qilingan maqolasida Shavkat Mirziyoyev tomonidan oxirgi 5 yilda amalga oshirilgan muhim o‘zgarishlarni sanab o‘tdi.
«Shuni mamnuniyat bilan aytish kerakki, prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘ta tahlikali va murakkab davrda jonajon vatanimiz istiqlolini nafaqat ko‘z qorachig‘idek asramoqdalar va himoya qilmoqdalar, balki tez sur’atlar bilan har tomonlama mustahkamlab bormoqdalar.
Hayot shiddat bilan ilgarilab bormoqda. Zamon, shu bilan birga talablar, mezonlar o‘zgarmoqda. Ayniqsa, mamlakatimiz siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotida keyingi 5 yilda bo‘lgan o‘zgarishlarni o‘ylaganda odam hayratda qoladi.
2017 yildan boshlab Shavkat Miromonovich Mirziyoyev boshchiliklarida O‘zbekistonda keng qamrovli islohotlar boshlangan bo‘lsa, mazkur amalga oshirilayotgan islohotlarni faqatgina sanab o‘tishning o‘ziga bir kun kamlik qiladi», — deb yozadi sobiq moliya vaziri.
Aholi farovonligini oshirishga eng katta omil bo‘lgan o‘zgarishlar sifatila quyidagilar sanab o‘tilgan:
Birinchidan, O‘zbekiston demokratik jamiyatni qurishga kirishdi. Buni ochiq aytish kerak, oson qaror bo‘lmadi. Ekspert va mutaxassislar «bu qadamni bosishning vaqti hali kelmadi, Siz ham, mahalliy hokimliklar ham juda katta qiyinchiliklarga duch kelasizlar» deb muhtaram Prezidentimizni bu yo‘ldan qaytarmoqchi bo‘lishgan.
Lekin, Shavkat Miromonovich o‘zlarining metin irodalari tufayli juda to‘g‘ri va dono qaror qabul qildilar. Chunki, demokratiya bo‘lmagan davlatda rivojlanish bo‘lishi juda qiyin. Qo‘pol qilib aytganda, bir qushning qanotlarini kesib tashlasangiz, u uchmaydi. Demokratiya xalqimizning qanotlarni keng yoyib, parvoz qilishga, ya’ni ijodkorlik, tashabbuskorlik va yangilikka intilishga bo‘lgan xususiyatlariga keng yo‘l ochdi.
Davlat xalqning fikri, e’tirozi, arzi va takliflarini eshitadigan bo‘ldi, shunga javoban, o‘zining siyosatini xalq niyati, istagi va umidlari asosida o‘rnatishga keng yo‘l ochildi. O‘tgan 5 yil ichida bu bizning eng muhim va katta yutug‘imiz bo‘ldi.
Ikkinchidan, iqtisodiy islohotlar jadal rivojlanyapti, bulardan eng birinchisi valyutaning erkin aylanmasi joriy qilingani bo‘lsa, bank tizimi va pul muomalasining erkinlashtirilishi, soliq yukining keskin kamaytirilishi va xususiy biznesga keng yo‘l ochilishi uning asosiy negizidir.
Ayniqsa, xususiy biznesning qonun himoyasida bo‘lishidek ishonchli tizim yaratildi va turli bosim, ma’muriy, rasmiy va norasmiy tazyiqlardan ozod bo‘lganligi bozor iqtisodiyotining rivojiga keng yo‘l ochib berdi.
Oxirgi yillarda nafaqat O‘zbekistonda, qolaversa, boshqa davlatlarda amalga oshirilmagan mutlaqo yangi usullar, kambag‘al oilalarga budjetdan subsidiya berib, arzon uylar qurish, nafaqat tumanlar, qolaversa mahallalardagi mustahkam budjet manbalarini belgilash, «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari»ni joriy qilish va shu orqali qiynalgan oilalarni, ayollar va yoshlarni ish bilan band qilish va aniq daromadiga ega bo‘lishi alohida e’tiborga ega. Shu orqali iqtisodiyotimizga eng katta tahdid keltiradigan ishsizlik muammosiga yechim topish uchun amalga oshirilayotgan siyosat, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
Albatta, bu va boshqa ko‘plab yig‘ilib qolgan muammolarni faqat o‘zimizning chegaralangan manbalar hisobidan to‘liq hal qilishning imkoni yo‘q. Shuning uchun davlatimiz chetdan qarz olishga majbur. Olingan mablag‘lar eng katta to‘siq bo‘lib turgan masalalarni, jumladan, xalqimizni elektr, gaz va ichimlik suv bilan ta’minlash tizimini yangilashga, shuningdek, eski, buzilgan yo‘l va ko‘priklarni qayta ta’mirlashga hamda yangi yo‘llarni qurish, ta’lim va tibbiyot tizimlarini yaxshilash hamda zamonaviy sanoat korxonalarini qurishga ishlatilmoqda.
To‘g‘ri, qarz oshmoqda, lekin shu bilan birga iqtisodiyotimiz ham tez sur’atlar bilan o‘smoqda, o‘sayotgan iqtisodiyot esa, mening fikrimcha, bu qarzlarni o‘z vaqtida to‘lashga to‘liq imkoniyat beradi.
Mazkur islohotlar natijasida pandemiya va o‘ta murakkab jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi salbiy oqibatlarining oldi olindi, iqtisodiyotimiz tiklanib hozirgi kunda jadal rivojlanmoqda. Buning natijasi o‘laroq, odamlar ish bilan band, xalqimizning daromadlari mavjud va aniq, bu, o‘z navbatida, davlatimizda tinchlik va barqaror rivojlanishning asosiy poydevoridir.
Uchinchidan, ta’lim-tarbiya tizimining to‘liq isloh qilinishidir. Maktabgacha ta’lim tizimi butunlay qayta ko‘rilib, qamrov darajasi 20 foizdan 70 foizgacha oshgani, umumta’lim maktablari tizimining sifat jihatidan o‘sishi, oliy o‘quv yurtlari soni 2 barobar oshgani, 30 ga yaqin xorijiy nufuzli oliy ta’lim muassasalari respublikamizda o‘z filiallarini ochgani, maktab bitiruvchilarining oliy o‘quv muassasalariga o‘qishga kirishi 9 foizdan 30 foizgacha oshgani buning yaqqol dalilidir.
Madaniyat, ma’naviyat va sport sohalarida olib borilayotgan islohotlar ham e’tiborga molik. Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alaba va unda ishtirok etgan o‘zbek o‘g‘lonlari xotirasiga bag‘ishlangan G‘alaba bog‘i, hududlarda, Namanganda Ibrat domla majmualari, Gulistonda O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva nomidagi maktab, Andijonda xalq shoiri Muhammad Yusuf nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning barpo etilishi, Nukus shahrida qoraqalpoq adabiyotining so‘nmas yulduzi Ibroyim Yusupov nomidagi va shunga o‘xshash ko‘plab muassasalarning ochilishi yoshlarimizning iqtidorini oshirishga, tarixni mukammal bilish va qalbida Vatanga bo‘lgan muhabbat tuyg‘usini uyg‘otishga katta turtki bo‘lmoqda.
Sportchilarimizning yaqinda Tokioda o‘tkazilgan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlaridagi betakror yutuqlari hammamizga g‘urur va quvonch bag‘ishladi.
To‘rtinchidan, poytaxtimiz Toshkentda, shahar va qishloqlarimizda betakror ulkan qurilishlar, obodonlashtirish, yangi yo‘llar va ko‘priklarning barpo etilishi, mahalla va uzoq qishloqlarda bo‘layotgan bunyodkorlik ishlari Yangi O‘zbekiston barpo etilayotgani bu quruq shior emas, balki buning negizida xalqning farovonligi yo‘lidagi juda katta va tizimli o‘zgarishlar ro‘y berayotgani o‘z tasdig‘ini topmoqda.
Jumladan, hammani hayratda qoldirgan «Yangi O‘zbekiston» milliy bog‘ining barpo etilgani va u yerda muhtaram Prezidentimizning bayram tantanalarida qilgan ta’sirli, sermazmun nutqlari hamda betakror konsert dasturlari namoyishi xalqimizning mustaqillikka erishish yo‘lida boshidan kechirgan qiyinchiliklar va bugungi yorug‘ kunlarga yetib kelishida olib borilgan ishlarining ko‘rsatib berilganligi barchamizda o‘zgacha taassurot qoldirdi.
Beshinchidan, sanoat va ishlab chiqarish sohalarida yangi, davlat-xususiy sherikchilik tizimi yaratilishi, geologiya va bazaviy tarmoqlarning mutlaqo yangi samarali mexanizmlari ishlab chiqilishi buning yaqqol misolidir.
Navoiy viloyatida ilk bor quyosh energiyasi asosida ishlaydigan elektr stansiyasi ishga tushishi iqtisodiyotimizning asosi bo‘lgan energetika sohasining eng zamonaviy tizimga o‘tishi bo‘yicha birinchi va eng muhim qadam bo‘ldi.
Ko‘plab kimyo, gazni qayta ishlash, qurilish materiallari, mashinasozlik, to‘qimachilik, farmatsevtika, metallurgiya sanoatidagi yangi zavodlar, elektrostansiyalar, Olmaliqdagi yangi katta konni o‘zlashtirish bo‘yicha majmuaning ish boshlagani va shunga o‘xshash ko‘plab yangi loyihalar qurilib, ishga tushgani O‘zbekistonda ilg‘or texnologiyalar asosida jahon miqyosida raqobatbardosh zamonaviy sanoat tarmoqlarining tez sur’atlar bilan barpo etilishining tasdig‘idir.
Oltinchidan, qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlar, klaster tizimining yaratilishi, bu jarayonda faqat manfaatdor tomonlarning ishtiroki, yerdan oqilona foydalanish, yerga bo‘lgan munosabatning o‘zgarishi va bundan qishloq aholisi manfaatdor bo‘lishi — e’tiborga molik islohotdir.
Ushbu o‘zgarishlar natijasida, klaster ishtirokchilari o‘zlari xomashyo tayyorlab, tayyor mahsulot ishlab chiqarib, qo‘shimcha qiymat bilan ichki va tashqi bozorda sotmoqdalar va daromadlarini oshirmoqdalar.
Yettinchidan, Xavfsizlik, mudofaa va ichki ishlar tizimlaridagi islohotlar e’tiborga sazovor. Huquq-targ‘ibot tizimining tubdan isloh qilinishi natijasida fuqarolarimiz jinoyatchilikdan ishonchli himoyalanganligi alohida e’tiborga molik.
Yaqindagina harbiylarimiz xalqaro ARMI – 2021 musobaqalarida 2-o‘rinni egallaganligi, ko‘plab qudratli qurolli kuchlarga ega bo‘lgan davlatlardan o‘zib ketishi – bu sohada olib borilayotgan islohotlarning natijasidir. O‘ylaymanki, hozirgi tahlikali davrda bu hammamiz uchun juda muhim va quvonarli voqea.
Sakkizinchidan va eng muhimlaridan biri, o‘tgan 5 yil ichida qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarimiz tubdan ijobiy tomonga o‘zgardi. Prezidentimizning tashabbuslari bilan Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida do‘stona, o‘zaro manfaatli qo‘shnichilik munosabatlari tiklandi. Bu, o‘z o‘rnida, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hamda xavfsizlik munosabatlarining ijobiy o‘zgarishlariga olib keldi.
Muhim bir jihatni to‘g‘ri tushunish kerakki, bu yutuqlar tasodifan bo‘lgani yo‘q. Bu va boshqa yutuqlarimizning negizida avvalambor Yurtboshimizning chuqur o‘ylangan siyosatlari va irodalari hamda shu siyosatni kechayu kunduz amalga oshirish maqsadida ishlayotgan hukumat a’zolari, hokimliklar va faollar, qolaversa, butun xalqimizning fidokorona mehnati turibdi.
Qayd etishimiz lozimki, 35 million aholi farovonligini oshirish va hayotini tubdan har tomonlama isloh qilish dasturini ishlab chiqish va boshqarish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi.
Bu o‘ta og‘ir yukni faqat davlatimizda vaziyatni chuqur biladigan, boy bilim va tajribaga ega bo‘lgan, irodali va dovyurak, oliy darajadagi tashkilotchilik qobiliyatiga ega – milliy lider Shavkat Mirziyoyev matonat bilan o‘z zimmalariga olib, amalga oshirmoqdalar, deb yozadi Rustam Azimov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter