Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ruslanbek Davletov mansabdorlarga bir haqiqatni eslatdi

Ruslanbek Davletov mansabdorlarga bir haqiqatni eslatdi

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov feysbukdagi sahifasida ommaviy axborot vositalari erkinligi, axborot maydonidagi fikrlar xilma-xilligini ta’minlash har qanday islohotlar muvaffaqiyatining garovidir, deb yozdi.

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti joriy yil 22 noyabr kuni o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida ham bu masalaga alohida e’tibor qaratdi.

Albatta, mansabdor shaxslar va jurnalistlarning o‘zaro munosabatlari huquqiy va odob-axloq me’yorlari doirasida qurilishi zarur.

Bu bugungi kunda har bir davlat idorasining ham, jamiyatimizning va fuqarolarimizning ham manfaatlariga mos keladi.

Davlat organlarining ochiqligi, xalq bilan muloqot prinsiplari dadil va chuqur demokratik o‘zgarishlarni taqozo qiladi. Bu o‘zgarishlar avvalo o‘zimizdan, birinchi navbatda esa davlat xizmatchilaridan boshlanishi kerak. Aynan, ular o‘rnak bo‘lishi kerak, aksincha emas.

Har qanday jamiyatni kemiruvchi korrupsiya, tanish-bilishchilik, «qora iqtisodiyot» va boshqa shu kabi salbiy holatlarni fosh etishda OAVning roli beqiyos ekanini rad etib bo‘lmaydi.

Xususan, adliya tizimi misolida olib qaraydigan bo‘lsak, notariat yoki davlat xizmatlari sohasida qator qoidabuzarliklar va muammolarni hal qilishda jurnalistlar va blogerlarning katta hissasi bor.

Ushbu holat OAVning kuchli fuqarolik jamiyati qurish va tizimli muammolarni bartaraf etishdagi roli naqadar muhimligini ko‘rsatib turibdi. Shunday sharoitda har bir mansabdor OAVga munosabat davlat siyosatiga munosabat ekanini chuqur anglashi lozim.

Hech qaysi davlat organi o‘z xodimlarining har qadamini to‘liq nazorat qila olmaydi. Bizning e’tiborimizdan chetda qolayotgan muammolardan o‘z vaqtida ogoh bo‘lib, ularni bartaraf etishga zudlik bilan kirishishimiz esa faoliyatimiz muvaffaqiyatining garovidir. Shunday ekan, muammolar haqida vaqtida aniq va to‘g‘ri signal berib turgan jurnalistlar va boshqa jamoatchilik vakillaridan minnatdor bo‘lishimiz lozim.

Biz bundan keyin ham fuqarolarimizning og‘irini yengil qilish, ularning huquq va qonuniy manfaatlari ishonchli himoyasini ta’minlash, shuningdek, xalq bilan uzviy muloqotni yangi bosqichga olib chiqishda ommaviy axborot vositalari va boshqa jamoatchilik vakillariga suyanamiz, ular bilan hamkorlikni kuchaytiramiz», deb yozadi vazir.


Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring