Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiya xorijliklar o‘rtasidagi jinoyatchilikka oid raqamlarni e’lon qildi

Rossiya xorijliklar o‘rtasidagi jinoyatchilikka oid raqamlarni e’lon qildi

Rossiya Ichki ishlar vazirligi mamlakatda bo‘lib turgan xorijliklar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar sonini hisoblab chiqdi.

RTVI saytining Rossiya IIVga tayanib ma’lum qilishicha, bu toifa jinoyatlar soni 2022-yil va 2023-yilning dastlabki 5 oyida 40 mingtaga yaqinlashgan. Qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlarning asosiy qismi (xorijliklar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning qariyb 40 foizi) esa O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan qo‘zg‘atilgan.

Hisobotda keltirilishicha, o‘zbekistonliklar bu davr oralig‘ida 15 841 ta jinoyat sodir etgan va shundan 7 412 tasi og‘ir jinoyat turlariga kiradi.

Bu borada ikkinchi o‘rinda Tojikiston (25 foiz), uchinchi o‘rinda esa Qirg‘iziston (13 foiz) fuqarolari qayd etilgan.

RF IIV hisobotida Turkmaniston, Gruziya va Abxaziya fuqarolari kamroq jinoyat sodir etgani aytiladi (2022 yilda ular mos ravishda 325, 320 va 115 ta jinoyat sodir etgan, ya’ni jami jinoyatlarning 1 foizi).

Nashr, shuningdek, o‘zbekistonliklar ko‘p hollarda narkotik moddalar savdosi va qotillik jinoyatlarida ayblanayotganini yozadi.

O‘z navbatida, RTVI yuqoridagi raqamlar borasida muhojirlar masalalari bo‘yicha huquq faoli Valentina Chupikning ham munosabatini olgan. U xorijliklar o‘rtasida jinoyatchilikning ko‘payishi haqidagi ma’lumotlarga shubha bilan qarab, raqamlarning bo‘rttirilishini saylovoldi davr bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring