Rashidjon Qodirov xorijga uchib ketmoqchi bo‘lganida Toshkent aeroportida ushlandimi?
2018-yilning 22-fevral kuni O‘zbekistonning sobiq Bosh prokurori Rashidjon Qodirov hibsga olingani haqida xabar bergan edik. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bugun, 24-fevral kuni ushbu ma’lumotni rasman tasdiqladi.
O‘zbekistonning sobiq Bosh prokurori tovlamachilik, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish va pora olishda gumon qilinmoqda.
Mavzuga doir:
Sobiq Bosh prokuror Rashidjon Qodirov haqida nimalarni bilamiz?
«Xabar.uz»dagi ma’lumotlarga ko‘ra, Rashidjon Qodirov xorijga uchib ketmoqchi bo‘lganida Toshkent aeroportida ushlangan. Bu ma’lumotni Bosh prokuraturaning rasmiy saytida bugun e’lon qilingan bayonoti ham qaysidir ma’noda tasdiqlaydi. Unda «23-fevral kuni R.X.Qodirov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangani» qayd etiladi.
Jinoyat-protsessual kodeksi (JPK)ning mazkur moddasida belgilanishicha, jinoyatni sodir etishda gumon qilingan shaxs quyidagi asoslar mavjud bo‘lganda ushlab turilishi mumkin:
1) shaxs jinoyat ustida yoki bevosita uni sodir etganidan keyin qo‘lga tushsa;
2) jinoyat shohidlari, shu jumladan jabrlanuvchilar uni jinoyat sodir etgan shaxs tariqasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatsalar;
3) uning o‘zida yoki kiyimida, yonida yoki uyida sodir etilgan jinoyatning yaqqol izlari topilsa;
4) shaxsni jinoyat sodir etishda gumon qilish uchun asos bo‘ladigan ma’lumotlar mavjud bo‘lib, u qochmoqchi bo‘lsa yoki doimiy yashaydigan joyi yo‘q yoxud shaxsi aniqlanmagan bo‘lsa.
Sobiq Bosh prokurorga nisbatan JPKning 221-moddasi 4-bandi qo‘llangani ehtimoli yuqori. Hozircha bu borada rasmiy ma’lumot berilmadi. Bosh prokuraturaning Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Gulnoza Rahimova «Xabar.uz»ning so‘roviga rasmiy bayonotda keltirilganidan boshqa ma’lumotni bera olmasligini aytdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter