Qozonda o‘tayotgan xalqaro tadbirda Tatariston prezidentidan tatar tilida gapirishni so‘rashdi
Bugun Tatariston poytaxti Qozon shahrida Worldskills-2019 musobaqasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Marosim oldidan tashkilotchilar ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. Anjuman davomida Tatariston prezidenti Rustam Minnixanovga ushbu musobaqaning respublika uchun qay darajada foydali bo‘lishi haqida savol berildi va ushbu savolga tatar tilida javob berishi iltimos qilindi.
— Respublikada o‘tkaziladigan har qanday xalqaro tadbir Tatariston uchun juda katta foyda keltiradi. Biz bu musobaqadan ko‘p hunarlar o‘rganamiz. Worldskills bizga Tataristonda yaxshi kadrlar yetishib chiqarish uchun yordam beradi. Eng yaxshi stanoklar va jihozlar kelyapti, ulardan foydalanishni o‘rganmoqdamiz. Biz tashkilotchilardan bu stanoklarni bizga qoldirishlarini iltimos qilamiz.
Musobaqa Tatariston yoshlariga rivojlanish qay tariqa kechayotganini ko‘rsatish imkonini beradi, — deydi Minnixanov.
Tadbir davomida Rossiya federatsiyasi hukumat raisi o‘rinbosari Tatyana Golikova musobaqa budjeti haqida savolga javob berarkan, Worldskills-2019 Tataristonda o‘tayotganini «bizning baxtimiz», deb atadi.
— Musobaqa Qozonda o‘tayotgani bizning baxtimiz. Bu mintaqa Rossiya federatsiyasida donor hisoblanadi va Tatariston bunday musobaqalar uchun pul ajrata oladi, — deydi Golikova.
Xabar qilinishicha, musobaqa g‘oliblarining mukofot pullari Tatariston Respublikasi budjetidan to‘lanadi. Unga ko‘ra g‘oliblarga 459,77 ming rubl to‘lanishi belgilab olingan. Ikkinchi o‘rin uchun 402,3 ming va uchinchi o‘rin sohiblariga 344, 8 ming rubl to‘lanadi. Professional mahorati uchun medal olganlar esa 114,9 ming olishi ko‘zda tutilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter