Qozog‘iston global muammolar yechimi uchun yangi muloqot maydoni taklif etmoqda

Dunyoda qutblashuv va geosiyosiy ixtiloflar kuchaygan bir davrda Qozog‘iston global muammolarni hal etish uchun yangi muloqot maydoni – Ostona xalqaro forumi o‘tkazishni taklif qilmoqda. Mashvarat joriy yil 8-9 iyun kunlari Qozog‘iston prezidenti shafeligida o‘tishi rejalashtirilgan. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Xorijiy davlatlar hukumat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar yetakchilari, ilm-fan va ishbilarmonlik doiralari vakillari qatnashadigan anjumanda iqlim o‘zgarishi, energetika xavfsizligi va oziq-ovqat yetishmasligi kabi dolzarb muammolarga yechim izlanadi.
«Bugun dunyo ahli bir necha o‘nyilliklar davomida kuzatilmagan tarixiy muammolarga yuzma-yuz kelmoqda. Bu muammolar xalqaro hamjamiyat uchun misli ko‘rilmagan tahdidlar uyg‘otib, yangi qizil chiziqlarni hosil qilmoqda, globallashuv va multilateralizm tamoyillarini xavf ostida qoldirmoqda. Ostona xalqaro forumi shu kabi muammolarga munosib javob berish maqsadida ta’sis etildi. Xalqaro tizim umrboqiyligining bosh omili sifatida hamkorlikka ustuvor ahamiyat berish kerak», – degan Qozog‘iston rahbari Qosim-Jo‘mart To‘qayev forumning ahamiyatiga to‘xtalar ekan.
Qayd etilishicha, Qozog‘iston Sharq va G‘arb o‘rtasidagi ko‘prik sifatida konstruktiv aloqalarni rivojlantirish tajribasiga ega. Ushbu siyosat 2022 yilda jiddiy sinovdan ham o‘tdi.
Rasmiy Ostonaga ko‘ra, xalqaro forum orqali yangi ko‘priklar barpo etish, robitalarni mustahkamlash va kollektiv muammolarga diplomatik, iqtisodiy va siyosiy yechimlar topish maqsad qilingan.
«Muammolarni muloqot vositasida hal etish: hamkorlik, farovonlik va taraqqiyot yo‘lida» shiori ostida o‘tkaziladigan anjuman haqida rasmiy saytda batafsil ma’lumot berilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter