Qotillikka kim javob beradi: jin-ajinalar, turli ovozlar yoki nazoratsiz qoldirganlarmi?

«Ruhiy kasalliklar ro‘yxatida turarmish.... »
Keyingi paytlarda qotillik haqida o‘qib qolsak, eshitsak albatta ruhiy kasal ekan, degan javobni eshitamiz yoki kasal-pasaldirda deydigan bo‘ldik. Balki facebook saytidagi «Deputatlar, maktab va maktabgacha ta’lim minbari» guruhida bong urilganidek: «Butun ruhiy xastalar ko‘chadami yoki aqlan nosog‘lom, deyish moda bo‘ldimi?»
Shu kunlarda, bir oy ichida ikkita qotillik sodir bo‘ldi – Surxondaryoning bozorlaridan birida 3 yoshli qizaloq kuppa-kunduz notanish ayol tomonidan pichoqlandi va vafot etdi...
Kuni kecha Yunusobod tumani Yunusobod dehqon bozori hududida xizmat olib borayotgan post-patrul xizmati inspektori safdor I.Ibragimov yer osti tushish yo‘li oldida o‘tib ketayotgan fuqaro o‘zining xatti-harakatlari bilan shubha uyg‘otganligi sababli, uni to‘xtatib tekshirayotgan bo‘lgan. Biroq fuqaro yonidagi pichoq bilan to‘satdan xodimga hujum qilib, bo‘yin qismiga jarohat yetkazgan. Xodim tezkorlik bilan kasalxonaga yotqizilib, uning hayoti saqlab qolishga erishilgan. Olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida gumondor shaxs ushlangan. Aniqlanishicha, u 1963-yilda tug‘ilgan, Jizzax viloyati Paxtakor tumanida yashovchi X.A.T. bo‘lib, 2005-yildan beri ruhiy kasalliklar dispanserida ro‘yxatda turadi.
Bunday voqealarning sanog‘i yo‘q, masalan 2021-yil Navoiy viloyatining Xatirchi tumani «Guliston» MFYda sodir bo‘lgan mudhish holatda ona o‘z farzandi tomonidan, vahshiylarcha pichoqlandi. Bunga sabab yana o‘sha erkakning ruhiy xasta ekanligi. Ya’ni chaqaloqning yig‘isi yoqmagan, kelinoyisi tomonga borayotganda onasi uni qaytarmoqchi bo‘lgan. Yigit g‘azabdan onasining ko‘ksiga pichoq qadagan. Agar ona qalqon bo‘lmaganida, baribir qotillik yuz berardi – balki chaqaloqning onasi va go‘dak ham fojeali o‘lim topardi. Axir ruhiy xasta odam nima qilayotganini bilmaydi... Yoki bo‘lmasa, bundan olti yil avval 5 may kuni kechasi ruhiy kasalliklar dispanserida ro‘yxatda turuvchi shaxs ustaning umriga zomin bo‘lgani haqidagi voqea-chi? Yangiyo‘l tumanida ruhiy kasalliklar dispanserida ro‘yxatda turuvchi 39 yoshli Sh. I. mast holda uyda ishlayotgan ustani urib, o‘limiga sababchi bo‘lgan.
Bunday fojealarning ro‘yxati juda uzun. O‘lim bilan bog‘liq bo‘lmagan holatlar ham baribir odamni hushyorlikka chorlaydi. Shu yilning fevral oyida Toshkent shahri, Bektemir tumani, Bilol Nozim ko‘chasida joylashgan bekat oldida bir ayol maktab o‘quvchisi oldiga borib, muloqotga kirishgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoga ko‘ra, ayol o‘quvchining qo‘lidan ushlamoqchi bo‘lgan.
foto: internet, ochiq manbalar
Toshkent shahri IIBB xabar berishicha, ayol 1990-yilda tug‘ilgan, ruhiy-asab kasalliklari dispanserida muntazam davolanib turgan.
«Qotillik ajinalarga yuklanadimi?»
Bunday postlarga yozilgan izoh esa nafaqat ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini, balki mas’ullarni, sog‘liqni saqlash tizimini befarq qoldirmaydi deb o‘ylaymiz:
N. X.: «O‘zini kasalga solganlarning dastidan, haqiqiy ruhiy xastalarga shifoxonada joy qolmagan shekilli».
X. T.: «Moda bo‘lgan, jinoyatdan qutilishning oson yo‘li bu...»
Z. A.: «Lekin odam o‘ldirib qo‘yadigan shunaqa ruhiy kasallaram borakan. Bir qishloqdoshimiz – akamning sinfdoshi shunaqa kasalga chalingan. Birinchi yangasini pichoqlab qo‘ygan, (yangasi bilan gap talashib qolibdi, keyin pichoqlab qo‘yibdi deyishgandi). Uydagilari qanaqadir balnisaga joylagan. U yerda necha yillar davolanib uyga kelgan, uydagilari yangasiga nimadir qilib qo‘ymasin deb, yangasini ehtiyot qilib yurishgan bo‘lgan. U bola bo‘lsa boshqa akasining o‘g‘lini o‘qishiga borib, uyga ketdik deb, yo‘lda o‘ldirib qo‘ygan...»
A.O.: «Shuning uchun aytayapmanda, olib chiqib ketadiganlar ruhiy kasallar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar uchun jazo olishi shart. Jazo olishga rozi bo‘lmasa olib chiqmasin! Siz aytgan misolda o‘z yaqinlarini o‘ldiribdi. Ammo bu begona bo‘lganda nima bo‘lardi? Bir begunoh odam o‘lib ketaverarmidi?»
R.T.: «Essiz bitta jon! Bizning bozorimizda ham bitta yoshi katta aqliy nosog‘lom ayol yuradi, yo‘lida kim uchrasa qo‘lini musht qilib urib o‘tib ketadi, bolaligimda 3-4marta orqamga mushtlab urgan, hozir o‘sha ayolni ko‘rishim bilan qo‘rqib qochaman! Bunday insonlarni maxsus joylarga joylashtirmagan qarindoshlari o‘zlari hamisha nazorat qilishlari shart! Ishga yaroqsizlik nafaqasini olayotgan oila-a’zolari jamoat xavfsizligini ham inobatga olishi kerak!»
F.B.: «Ruhiy kasal odamlarni jamiyatdan qanday ajratasiz? Bir umr kasalxonaga tiqib qo‘yib bo‘lmaydi, chunki davlat budjeti buni ko‘tarmaydi. Nogironlar uyiga faqat nogironligi bor kimsalarni joylashtirish mumkin. Ruhiy kasallikda esa oson emas nogironlik guruhini olish. Bu ayol ruhiy kasalliklar dispanseri nazoratida bo‘lgan, lekin vaqtida ko‘rikdan o‘tib turganmi yo‘qmi bilmayman. Ovozlar buyruq berdi deb ko‘rsatma beribdi dastlab tergovda, demak kasalligi avj olayotgan davr hozir, yaqinlari dori-darmonini ichdimi yo‘qmi, nazorat qilishmagan bo‘lsa, dispanser xodimlari bemorni orqasidan tunu kun yurisholmaydi!»
A.O.: «Sizning-cha bir begunoh qizchaning o‘limida kim aybdor? Ruhiy kasallarni saqlab turishga budjeti «ko‘tarmaydigan» davlatmi, vaqtida ko‘rikdan o‘tkazib turmagan dispanser xodimlarimi, dori-darmonini vaqtida ichib turishini nazorat qila olmagan yaqinlarimi? Kimdir bunga javob berishi kerak-ku axir! Bunday kasallar tashqarida yuribdimi, demak, bularni harakatiga javob berish yuklatilgan shaxslar ham bo‘lishi kerak! Har holda sud «bunga ovozlar buyruq bergan ekan», deb qotillikka aybdorlikni ajinalarni bo‘yniga yuklab ishni yopmasa kerak?!»
F.B.: «Agar u ayol yolg‘iz bo‘lsa, demak o‘sha tuman tibbiyot birlashmasi xodimlari, ya’ni dispanser xodimlari va mahalliy poliklinika xodimlari, agar oilasi bilan yashasa, demak oyla-a’zolari nazorat qilishi shart. Dori iste’moliyu vaqtida kasalxonaga yotqazishni ham.»
A.O.: «Davlat budjeti ortiqcha konsert, dabdabali tadbirlarni o‘tkazguncha, shunaqalarni parvarishlab shifoxonada qarashni joyiga qo‘ysin. Bunday odamlar o‘zlari ham uyida tuzukroq qaralayotganiga, och emasligiga, gigiyenik ahvoli yaxshiligiga ishonch bormi? Yoki pensiyasini oila-a’zolariga bermay, shifoxonada parvarishlash kerak! Yaqinlari bu kasallarniyam, boshqalarning xavfsizliginiyam ta’minlashiga kim garantiya beradi? Qizchani qaytara oladimi?»...
Kim nazorat qiladi?
Ruhiy xastalar orasida xavfsizlari ham bor, ammo xavfli toifalar borki, ayrim holatlarda nazoratsiz qolgan bemorlar nafaqat o‘zini, balki jamiyatni xavf ostiga qo‘yadi.
Ba’zi insonlar haqiqatan ham o‘zini idrok qilmaydi. Lekin nega aynan jinoyat sodir etilganidan keyin «ruhiy nosog‘lom» ekani aniqlanadi? Avval qayerda edi u? Qanday yurardi? Nima uchun ko‘chada edi?
Nazoratsiz odamlar ko‘chada yuribdi, shunchaki «u ruhiy kasal» deb har bir qotillikni oqlab bo‘lmaydi. Inson hayoti tasodifiy qotillik uchun qurbon bo‘lmasligi kerak.
Ko‘pchilik uchun bu tushunarsiz: Nega har bir shov-shuvli qotillikdan so‘ng eshitadigan gapimiz bitta: «u aql-hushida emas edi»?
Qizig‘i shundaki, bu gap o‘sha inson jinoyat sodir etmaguncha aytilmaydi. Undan avval u nafaqat yurardi, balki atrofdagilar bilan muloqotda bo‘lardi, ko‘p hollarda unga ishonch bildiriladi, ba’zan u hatto mehnat qiladi, xizmat ko‘rsatadi. Unda nima uchun aynan jinoyatdan keyingina «ruhiy nosog‘lom» ekanligi aniqlanadi?
Qurbonlar uchun kim javob beradi?
Har qanday jamiyatda davlatning birinchi vazifasi – inson hayotini himoya qilish. Agar shaxs ruhiy xastaligi bilan xavfli hisoblansa, nega u davolanmayapti? Agar u xavfsiz bo‘lsa nega u jinoyat qilayapti?
Har qanday ruhiy xastalik jinoyat emas. Lekin jinoyat qilgan shaxsga «ruhiy xastalik» deb yorliq yopishtirib, jazodan ozod qilish – bu jamiyatga qarshi jinoyat.
Agar inson aqli to‘liq joyida bo‘lmasa, uning harakati nazoratda bo‘lishi shart. Lekin bizning sharoitda ruhiy xastalarning aniq, ochiq ro‘yxati mavjud emas. Ba’zi bemorlar uyda saqlanadi, ba’zilari umuman tashxissiz qoladi, ba’zilari esa o‘zini himoya qilolmaydigan ahvolda ko‘chada qolayotgani ham bor.
Ruhiy xasta insonga inson sifatida munosabatda bo‘lish kerak – shubhasiz. Ammo u odam jinoyat qilgan bo‘lsa, jamiyat «u bemor edi» deb tasalli topmasligi kerak. Chunki bu tasalli emas – qurbonlarning kelgusida sonini ko‘paytirish xavfi.
Buni kechirish, unutish, yopish mumkin emas. Bu tizimli yechim talab qiladi.
Quyidagi choralar shoshilinch va zarur:
Ruhiy xastalar ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqish, xavf darajasiga ko‘ra nazoratga olish.
Psixiatriya xizmatini kuchaytirish – kadrlar sonini, dispanserlar imkoniyatini kengaytirish.
Sud-psixiatriya ekspertizasini shaffof va ko‘p jihatdan nazorat qilish mexanizmlarini kuchaytirish.
Javobgarlikni kengaytirish – faqat qotil emas, balki o‘z vaqtida reaksiya qilmagan shifokor, mahalla, hatto oila a’zosi ham mas’ul bo‘lishi kerak.
Jamiyatni xabardor qilish – ammo nafrat emas, balki ehtiyotkorlik va tushunish orqali.
Ruhiy xastalik – inson hayotining og‘riqli qismi. U jinoyat emas. Lekin jinoyatni aqliy nosog‘lomlik tufayli sodir bo‘ldi, deya ko‘niksak, bu jamiyatni xavf ostiga qo‘yish demakdir.
Qotillikni «ruhiy xasta»lik ortiga yashiraversak, unda biz nafaqat jinoyatni, balki odam hayotining qimmatini ham yo‘qotayotgan bo‘lamiz.
Barno Sultonova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter