Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qorako‘ldagi qora kun yoki amakivachchalar fojiasi

Qorako‘ldagi qora kun yoki amakivachchalar fojiasi

Qishning ayni chillasida Qorako‘l tumanining «O‘tiq Do‘rman» qishlog‘ida joylashgan «Qorovulbozor - ohaktosh» mas’uliyati cheklangan jamiyati qurilish ob’yektida sodir bo‘lgan voqea ko‘pchilikni qayg‘uga soldi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumani sudi raisi Bobomurod Ochilovning «Xabar.uz» ga bildirishicha, spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgan S.S.ga nisbatan o‘z amakivachchasi S.M.ni o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan o‘ldirgani sababli 15 yil muddatga qamoq jazosi qo‘llanilgan.

«O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish), 2-qismining «j» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybdor, deb topildi va unga shu modda bilan 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Aybdor tayinlangan jazoni umumiy koloniyalarda o‘tashi belgilandi. Hukmdan norozi tomonlar hukm e’lon qilingan kundan boshlab,  o‘n sutka ichida Buxoro viloyat sudi apellyasiya sudlov hay’atiga apellyasiya tartibida protest kiritishi mumkin»,-dedi sud raisi.

Voqeaga ko‘ra, bir-biriga amakivachcha bo‘lgan – S.S., S.M. hamda S.T.lar «Qorovulbozor - ohaktosh» mas’uliyati cheklangan jamiyati qurilish tashkilotida ishlab kelishgan. Ularning yashash manzili qurilish ob’yektidan uzoq masofada joylashgani sababli ishchilar yashashi uchun mo‘ljallangan vagonda tunab kelishgan.

Joriy yilning fevral oyi oxirgi kunida ushbu vagonda vaqtincha yashab kelayotgan amakivachchalarning har biri 20 ming so‘mdan yig‘ib, spirtli ichimlik va yeguliklar xarid qilishgan. Aroq tugagach, S.S. amakivachchasi S.M.ga yana aroq olib kelishni buyurgan. S.M. buni rad etgan. Spirtli ichimlik iste’mol qilmagan T.S. ham akasiga qo‘shilib, boshqa ichmaslikni taklif bergan. S.S. janjal boshlagan. Aka-ukalar janjal avj olmasin uchun yana 30 ming so‘mdan pul yig‘ib, yana spirtli ichimliklar va yeguliklar xarid qilib kelishgan. Oradan ko‘p o‘tmay, T.S. shu yaqin manzilda joylashgan ko‘p qavatli uylardan birida ijara uyi borligini va dam olib, ertalab ishga qaytishini bildirib, vagondan chiqib ketgan. Yolg‘iz qolgan S.S. hamda S.M.lar ichishda davom etishgan. Yana o‘rtada janjal kelib chiqqan. Shunda S.S. jahl ustida suv qaynab turgan tefal bilan S.Mning peshona, burun, yuz, lab va tanasining boshqa turli joylariga qasddan urgan. Tungi havo harorati -30s bo‘lishiga qaramay, S.S. og‘ir jarohat olgan amakivachchasini vagondan ko‘chaga sudrab chiqqan. O‘ziga o‘zi yordam ko‘rsatishga qodir bo‘lmagan S.M.ga yana kuchli azob-uqubatlar yetkazish maqsadida unga nisbatan o‘ta shafqatsizlikda davom etgan. S.M.ni qasddan o‘ldirib, murdani ko‘chada qoldirib, o‘zi yana vagon ichiga kirib yotgan.

Ertalab tong saharda qurilish ob’yektiga ishga kelgan ishchilar ichki ishlar organlariga «odam o‘ldirib ketilgani» yuzasidan xabar berishgan. Holat yuzasidan tezkor ishlar olib borilgan vaqtda, S.S. o‘z aybiga iqror bo‘lmagan. Amakivachchasi bilan janjallashgandan so‘ng spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgani uchun vagonda uxlab qolganini, M.S.ni o‘ldirmaganini qasddan yashirishga uringan.

«S.M. sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, qaynoq suvda kuyganidan tashqari, bosh miya yopiq jarohati, bosh miya shishi, bosh miya ikkala tomon yarimsharlari gidromasi, burun suyagi yopiq sinishi, pastki labining o‘ng tomon tashqi va ichki yuzasidagi yarasi, peshona sohasidagi, o‘ng va chap quloq sohalaridagi, bo‘yin sohasi old pastki qismidagi, o‘ng va chap yelka sohalaridagi, chap quloq, o‘ng va chap tirsak, chap son, chap yelka yuqori uchli tashqi yuzasidagi, o‘ng va chap tizza, chap oyoq panja kaft tashqi yuzasidagi shilinmalari» tashxisi bilan vafot etgan. Sud-tergov harakatlari davomida esa S.S. tomonidan amakivachchasi S.M.ning shafqatsizlarcha o‘ldirgani ochiqlandi»,-dedi sud raisi.

Ma’lum  bo‘lishicha, sudda marhumning onasi  sog‘ligi yomonlashgani sababli qatnasha olmagan. U, aslida, qaynjiyanining onasiz ulg‘ayganini, shuning uchun ham o‘g‘li S.M. amakivachchasi S.S.ga nisbatan mehribon va beozor bo‘lganini hamda o‘g‘lining qotiliga aylangan qaynjiyaniga nisbatan da’vosi borligini va qilmishiga yarasha jazo berishlarini so‘ragan.

S.S. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismining «j» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybdor, deb topilgan va unga shu modda bilan 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. O‘z amakivachchasining qotili tayinlangan jazoni umumiy koloniyalarda o‘taydigan bo‘ldi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring