«Qochoq maqomida»: Evo Morales Argentinaga keldi
Boliviya sobiq prezidenti Evo Morales Argentinaga keldi. Bu haqda Argentina tashqi ishlar vaziri Felipe Sola 12-dekabr kuni TN telekanaliga ma’lum qildi.
«U hozirgina Eseysa xalqaro aeroportiga kelib tushdi, nazarimda, u bu yerda qoladi», — dedi Sola.
Felipe Solaning qo‘shimcha qilishicha, Evo Morales bilan birga Boliviya sobiq vitse-prezidenti Alvaro Garsiya Linera ham kelgan. Har ikkalasiga boshpana berilgan, keyinchalik ular qochoq maqomini oladi.
Dekabr boshlarida Morales Kubaga tibbiy ko‘rikdan o‘tishga ketgandi.
Eslatib o‘tamiz, 2019-yilning 10-noyabr kuni harbiylar va muxolifatchi siyosiy kuchlar bosimi ostida Evo Morales Boliviya prezidentligidan iste’foga chiqqandi. Ayrim mamlakatlar vakillari buni davlat to‘ntarishi deyishmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter