Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Qiz bolaga nima kerak bu soha?» — jiddiy to‘siqni yengib o‘tgan Farangiz hikoyasi (video)

«Qiz bolaga nima kerak bu soha?» — jiddiy to‘siqni yengib o‘tgan Farangiz hikoyasi (video)

«Ayti» sohasi – ayollar uchun emasmi? Suhbatimiz qahramoni Farangiz Kenjayeva boshqacha fikrda, chunki u bu sohada turli to‘siqlarga duch kelmagan holda karera qura oldi.

U «ayti» sohasida uzoq yillar davomida ishladi, odamlarning IT ayollar kasbi emasligini tinmay gapirishiga, hayotiy muammolar va moliyaviy qiyinchiliklarni yengib o‘tish tarzidagi to‘siqlarga duch keldi.

U bozorda ishlashdan tortib, tikuvchilikka qadar turli sohalarda o‘zini sinab ko‘rdi.

Hozir esa 32 yoshda, asli farg‘onalik TATU Farg‘ona filialidagi IT-Park inkubatsiya markazi menejeri va iqtidorli talabalar uchun ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish bo‘limi mudiri bo‘lib ishlaydi.

«IT sohasiga qiziqishimga asosan dadam sababchi bo‘lganlar. 3 yoshimda menga robot hamda o‘yinchoq Volga avtomashinasini sovg‘a qilganlar. Shu davrdan boshlab texnika bilan bog‘liq qiziqishim uyg‘ongan. O‘sha vaqtlarda videokasetalarni qo‘yish, ularni orqaga qaytarish amallarini bir marta dadam ko‘rsatib berishlari bilan eslab qolganman. Mendan kompyuter mutaxassisi chiqishini ko‘p bora ta’kidlaganlar»,— deydi Farangiz Kenjayeva.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ota-onasi ajrashishganidan so‘ng onasi bilan qoladi. Bu davrda u ko‘p ishlarni qilishiga, xususan, savdo-sotiq yumushlarini bajarishiga to‘g‘ri kelgan. Letseyda o‘qigan davrida qo‘shni mamlakatdan buyumlar olib kelib sotgan.

«Ikkinchi kursni tamomlaganimda menga dadam kompyuter sovg‘a qildi. Menga «ayti»ni o‘rganishim kerakligini, dasturchi bo‘lib yetishishim lozimligini ta’kidladilar. To‘g‘risini aytsam, men boshida biroz cho‘chidim. Sababi birgina dadamdan boshqa qo‘llaydiganim yo‘q edi, qiyin ahvolda bo‘lganligimiz meni ortga qaytishga majbur qilardi. Qarindoshlarim menga qiz bolaga nima kerak bu soha, sen hunar o‘rgan deb qarshilik ko‘rsatishdi. Ularni aytganlariga amal qilib hunar o‘rgandim. Pardalar tikishni, pishiriqlar pishirishni o‘rgandim, buyurtmalar olib daromad qildim. Tirikchiligim o‘tib turdi, lekin negadir men u sohalarda o‘zimni ko‘ra olmadim. Nimadir doim yetishmayotganligini his qilib turdim», — deydi u.

Ta’kidlashicha, u doimo «ayti»ga bog‘liqligini his qilib yurgan. Maktabda kompyuterdan dars berib yurgan. Ishdan bo‘shab, universitetga kirishga harakat qilgan. Kompyuter sohasiga topshirmagani uchun ko‘p bora yiqilgan.

«2016 yilda Rossiyadagi universitetga hujjat topshirdim. Birinchi kurs men uchun juda og‘ir kechdi. Maktab va litseyni bitirganimga ko‘p bo‘lganligi sababli moslashishim ancha qiyin bo‘ldi. Ko‘nikdim, imkoniyatlari bor ekan. Menga yordam berishdi, tushuntirishdi. Menga qiziq bo‘ldi dasturlashni o‘rganish. Birinchi kursni tugatib, TATUning Farg‘ona  filialiga o‘qishimni ko‘chirdim. U yerda meni ustozlarim qo‘llab-quvvatlashdi. Oilaviy holatimda qiyinchilik bo‘ldi. Men shunda o‘qishdan ketishga ham qaror qildim. Shunda ustozim Shahruza opa G‘aniyeva meni ham ma’naviy, ham amaliy qo‘lladi. Menga dasturchilik sohasida o‘qish va oilani birdek olib ketish kerakligini tushuntirdi. «Ayti» sohasida ayollar, qizlar o‘zini ko‘rsata bilishi kerakligini aytdi. Ustozimning doimiy qo‘llashlari menga kuch bag‘ishladi. 2015 yilda dadam vafot qilganidan keyin menga hech kim «ayti»ga kir, shu soha seniki demagan. Ustozim Shahruza opa qo‘llab-quvvatlaganliklari sababli men yana dasturchilik sohasiga qayta qadam qo‘ydim. AKT vaziri kelib menga printer sovg‘a qilgani ancha katta motivatsiya bo‘ldi. To‘rtinchi kursligimda iqtidorli talabalar safida mutaxassisligim bo‘yicha 0,5 stavka ishga joylashdim. Undan keyin IT-Parkka menejer sifatida ishga kirdim. Hozirda TATU Farg‘ona filialida iqtidorli talabalar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i sifatida ishlab kelmoqdaman»,— deydi Farangiz.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «ayti» faqat yigitlar uchun emas, balki qizlar, ayollar uchun ham mos keladigan soha. Farangiz Kenjayeva qizlarga dasturchilikdan qo‘rqmaslikni, bir marta qadam bosib cho‘chimaslikni, o‘z ustida ishlab, oxirigacha harakat qilishlari kerakligini maslahat beradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring