Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolari uchun soddalashtirilgan bojxona nazorati qo‘llanadi – loyiha
Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda IIVning «Bojxona chegarasidan olib o‘tilayotgan avtotransport vositalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga qo‘shimcha kiritish haqida»gi qarori loyihasi ishlab chiqildi.
Qayd etilishicha, mazkur qaror Qirg‘iziston va Tojikiston Respublikalari fuqarolariga nisbatan soddalashtirilgan bojxona nazoratini qo‘llash maqsadida ishlab chiqilgan.
Ya’ni, mazkur Nizomning 2-1-bandiga qo‘shilayotgan oltinchi xatboshisiga ko‘ra, xorijiy avtotransport vositalari respublika hududiga majburiyatnoma asosida kirib kelishi yoki tranzit o‘tishi O‘zbekiston Respublikasining eksklav hududlariga olib kirilayotgan va tranzit o‘tayotgan xorijiy avtotransport vositalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Hujjat loyihasiga berilgan izohga ko‘ra, bojxona chegarasidan olib o‘tilayotgan avtotransport vositalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 3 va 4-bandlariga asosan xorijiy avtotransport vositalari respublika hududiga majburiyatnoma asosida kirib kelishi yoki tranzit o‘tishi belgilangan.
Biroq, bugungi kun amaliyotida respublikaning eksklav hududlariga xorijiy avtotransport vositalarini kiritish bojxona organlari tomonidan majburiyatnomani rasmiylashtirmagan holda amalga oshirilmoqda.
Respublikaning eksklav hududlarida Qirg‘iziston va Tojikiston Respublikalari fuqarolariga nisbatan soddalashtirilgan bojxona nazoratining o‘rnatilishi Qirg‘iziston va Tojikiston Respublikalarining eksklav hudularida doimiy yashaydigan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga ham soddalashtirilgan bojxona nazoratining o‘rnatilishini ta’minlaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter