Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vaziri hibsga olindi
Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vaziri Alimqodir Beyshenaliyev bosh prokuratura tomonidan hibsga olindi. «24.kg» bosh prokuraturaga asoslanib xabar berishicha, Beyshenaliyev korrupsiyada ayblanyapti.
Qirg‘iziston 2020-yilning dekabridan 2021-yilning sentyabrigacha Rossiya, Xitoy, Ozarbayjon va Qozog‘istondagi xalqaro tashkilotlardan beg‘araz insonparvarlik yordami doirasida 451 ming 560 doza vaksina olgan.
Bundan tashqari, Xitoy va Rossiya prezidentlari bilan kelishuvlar asosida mamlakatga yordam tariqasida 6 mln doza vaksina ajratilgan.
Sog‘liqni saqlash vaziri Beyshenaliyevning shaxsiy ko‘rsatmasi bilan 2021-yilning aprel, iyun, iyul va sentyabr oylarida xorij xususiy kompaniyalaridan 1 mlrd 581 mln 474 ming 315 som qiymatidagi vaksinalar keltirilgan. Asossiz ravishda 2 mln 460 ming doza vaksina sotib olingan. Pullar ofshor hisoblariga o‘tkazib berilgan. 3 milliondan ziyod vaksina ortiqcha keltirilgani uchun qo‘llanish muddati tugab bormoqda.
Davlatga 1 mlrd 581 mln 474 ming 315 som (qariyb 20 mln AQSh dollari) zarar yetkazilgan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi ochilgan. Vazir hamda vazirlikning boshqa xodimlariga nisbatan beshta jinoyat ishi bo‘yicha tergov ketmoqda, deyiladi xabarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter