Qirg‘iz-tojik chegarasida yana otishma sodir bo‘ldi
Qirg‘iziston-Tojikiston davlat chegarasida o‘qotar quroldan foydalanish bilan bog‘liq hodisa yuz berdi. Bu xabar har ikki tomonning Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara qo‘shinlari xizmati tomonidan tasdiqlandi.
Qirg‘iziston tomonining bildirishicha, kecha, 7 may kuni taxminan soat 12:20 larda Botken viloyati Leylek tumani Oq-Bosog‘o aholi punkti yaqinida qirg‘iz chegarachisi Tojikiston fuqarolarining mamlakat hududida chorva mollarini o‘tlatib yurganini ko‘rib qolgan.
Tojikiston fuqarolari chegarachilarning Qirg‘iziston hududini tark etish talabiga e’tibor bermay, harbiy xizmatchilarga tosh otishni boshlagan. Cho‘ponlardan biri Qirg‘iziston chegara xizmati xodimlari tomonga bir necha marta o‘q uzgan.
Vaziyat keskinlashuvining oldini olish maqsadida Qirg‘iziston chegarachilari havoga ogohlantiruvchi o‘q uzgan, shundan so‘ng cho‘ponlar Tojikiston hududiga qochib ketishgan.
Qirg‘iz chegarachilari orasida qurbon va jabrlanganlar yo‘q.
Tojikiston tomoni esa hodisada tojikistonlik ikki fuqaro bo‘lganini yozdi. Aytilishicha, 34 yoshli fuqaro qirg‘iz chegarachilari ushlab turgan voyaga yetmagan o‘g‘lini qutqarish maqsadida (nega ushlanganiga aniqlik kiritilmagan) qirg‘iz chegarachilarining oldiga borgan.
Tojikiston chegara xizmatiga ko‘ra, 34 yoshli fuqaro «yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga zid bo‘ladigan hech qanday harakat qilmagan», biroq unga nisbatan o‘qotar qurol qo‘llangan va u hozir olgan tan jarohati bilan shifoxonada yotibdi.
O‘z navbatida, qirg‘iz tomoni tojikistonlik fuqaroning oyog‘idan yaralangani haqidagi ma’lumotdan xabardorligini bildirib, «jarohatni qanday sharoitda, qachon va qayerda olgani noma’lum» ekanini ta’kidlagan.
Hozirda ikki davlatning tegishli idoralari ushbu hodisa yuzasidan tekshiruv olib bormoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter