Qimmat aviachiptalar, ko‘makka muhtoj muhojirlar – Turkiya elchisi savollarga ochiq javob berdi
Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar mamlakatimizdagi yetakchi internet nashrlar vakillari bilan uchrashib turli mavzulardagi savollarga javob qaytardi. Muloqotda «Xabar.uz» muxbiri ham qatnashib, sayyohlik va OAV sohasidagi hamkorlik masalalarini ko‘tardi.
Vatandoshlar huquqi himoyasi bo‘yicha qanday choralar ko‘rilmoqda?
Ayni paytda Turkiyada minglab o‘zbekistonliklar mehnat qilmoqda. Oyning o‘n beshi yorug‘ bo‘lsa, o‘n beshi qorong‘i: gohida matbuotda yurtdoshlarimiz zo‘ravonlik qurboni bo‘lgani yoki aksincha jinoyatga qo‘l urgani haqida xabarlar chiqadi. Suhbat avvalida elchi Olgan Bekar fuqarolar huquqlarini himoya qilish uchun ikki davlat mas’ul idoralari qanday chora-tadbirlar ko‘rayotgani haqidagi savolga javob qaytardi.
«Davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar rivojlangani sari vatandoshlar huquqini himoya qilish masalasi ham kun tartibiga chiqmoqda. Xalqaro konvensiyaga muvofiq, bunday vaziyatlarda mamlakat vakolatli idoralari tegishli diplomatik vakolatxonaga darhol xabar beradi.
Jinoiy ishlar haqida gap ketganda, surishtiruv-tergov jarayoni har bir mamlakatning ichki ishi ekani, huquqiy idoralar uni mustaqil taftish etishini unutmaslik kerak. Ammo rasmiy murojaatlarga binoan surishtiruv-tergov borasida hamkorlik amaliyoti ham mavjud.
Hozirda ikki davlat fuqarolariga huquqiy ko‘mak berish borasida kelishuv yuzasidan muzokara olib borilmoqda. Biz o‘zaro huquqiy ko‘makni yanada mustahkamlash, prokuratura, sud, ichki ishlar idoralari hamda diplomatik vakolatxonalar o‘rtasidagi axborot almashuvini kuchaytirish kerakligini teran anglaymiz», – deydi janob Bekar.
Noqonuniy ishchilar taqdiri qanday kechadi?
Turkiyada ishlab ro‘zg‘or tebratayotgan o‘zbekistonliklar orasida noqonuniy muhojirlar ham yo‘q emas. Diplomat noqonuniy mehnat har tomonlama xatarli ekanidan ogohlantirdi.
«Turkiyadagi ko‘p kuzatiladigan muammo shuki, ayrim xorij vatandoshlari sayyohlik vizasi bilan borib, tegishli ruxsatsiz ishlashga kirishadi. Pirovardida esa Turkiyaga kirishi cheklangan holda deportatsiya qilinadi. Men barcha xorijliklar kabi o‘zbekistonlik qardoshlarimizni ham ruxsatnoma olgan holda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishlarini tavsiya etaman. Negaki, rasmiy ruxsatnoma olgan shaxs qonunan ishchi maqomiga hamda sug‘urta, sog‘liqni saqlash borasida huquqlarga ega bo‘ladi. Maoshi ham kafolatlanadi. Xavfsizlik nutqai nazaridan ham qonuniy tartibda mehnat qilish ayni muddaodir», – deydi elchi.
Avipchiptalar narxi nega buncha qimmat?
Keyingi yillarda ko‘plab sohalar qatori turizm borasida ham ikki davlat o‘rtasida almashuv kuchaygan. Ammo, deylik, o‘zbekistonliklar uchun BAAga arzon sayyohlik paketlari taklif etilayotgan bir paytda Turkiyaga safar xarajatlari sezilarli darajada baland bo‘lib qolmoqda. Xususan, aksar yurtdoshlarimiz aviachipta narxi qimmat ekanini aytmoqda. Xo‘sh, bu masalaning yechimi bormi?
«Ayni paytda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi haftalik aviaqatnovlar soni 56 tani tashkil etmoqda. Uning yarmi «Türk hava yolları», qolgan yarmi «O‘zbekiston havo yo‘llari» shirkatlari tomonidan amalga oshiriladi. Ammo bu ko‘rsatkich ikki qardosh o‘lka o‘rtasidagi tig‘iz bordi-keldilar uchun yetarli emas.
Aviachipta qimmat ekani borasidagi fikrga men ham qo‘shilaman. Ochig‘i, 1000-1200 dollarlik chipta ko‘p safar qiladigan kamina uchun ham qimmatlik qiladi. Chipta narxi turizmning yanada kengayishiga to‘siq ham bo‘lmoqda. Men bu masalada aviashirkatlarni ayblamagan bo‘lar edim. Shirkatlar talab yuqori ekaniga ko‘ra shunday yo‘l tutayotgan bo‘lsa ajab emas.
Masalani hal etish uchun parvozlar sonini oshirish lozim. Bu borada har ikki tomon iroda va g‘ayrat ko‘rsatishi kerak.
Biz Turkiyadan Samarqand, Urganch, Farg‘ona shaharlariga parvozlarni yo‘lga qo‘yish taklifi bilan murojaat qilganmiz. Shuningdek, poytaxt Anqaradan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni amalga oshirish rejamiz bor. Qolaversa, sayyohlik markazlarimizdan biri – Antaliyadan Toshkentga «Türk hava yolları» va «O‘zbekiston havo yo‘llari» reyslarini yo‘lga qo‘yish ham maqsadga muvofiqdir. Vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirish uchun harakatlar davom etmoqda. Ikki tomon mushtarak maqsad yo‘lida kelishuvga erishadi, albatta. Parvozlar sonining oshishi, tabiiyki, raqobatga yo‘l ochadi. Oxir-oqibat narx-navo ham maqbullashadi», – deydi diplomat.
Bir yil avvalgi xulosa o‘zgarmadimi?
Elchi O.Bekar bir yil avval «Xabar.uz»ga bergan intervyusida O‘zbekistonning turizm bo‘yicha salohiyati ulkan ekani, turkiyaliklar Buxoro, Samarqand, Xiva kabi shaharlarni albatta ko‘rishi lozimligini ta’kidlagan edi.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘tgan muddat davomida diplomatning bu boradagi fikri yanada qat’iylashgan.
«Turkiya elchisi sifatida Buxoro, Samarqand, Xiva shaharlariga bir necha bor safar qildim. Har gal tashrifdan so‘ng bu qadim shaharlarni albatta ko‘rmoq, idrok etmoq lozim deyman o‘z-o‘zimga. Zotan, bu zamin – bizning ota yurtimiz. O‘zbek qardoshlarimiz merosi – bizning ham merosimiz. Keyingi oylarda Turkiyadan Buxoro, Samarqand, Xiva ziyoratiga kelayotganlar soni ko‘paymoqda. Biz ham vatandoshlarimizga qadimiy shaharlarni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘ring deb targ‘ib qilmoqdamiz. Ta’kidlashni istardimki, o‘tgan muddat ichida O‘zbekistonning qadimiy shaharlarini ko‘rmoq lozim degan xulosam yanada qat’iylashdi», – deydi suhbatdoshimiz.
Turkiy davlatlar jurnalistlari uyushmasini tuzish vaqti kelmadimi?
Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) xalqaro maydonda tobora jiddiy o‘rin egallamoqda, tuzilma doirasida turli yo‘nalishdagi robitalar mustahkamlanmoqda. Hamkorlik tadriji, qolaversa, bugungi geosiyosiy vaziyat TDT jurnalistlari boshini qovushtiruvchi uyushma yoki assotsiatsiya tuzishni talab etayotgandek. Turkiya elchisi «Xabar.uz» muxbirining ayni shu mazmundagi taklifini qo‘llab-quvvatladi.
«TDT doirasida qo‘shma faoliyat yanada kengayishi tarafdoriman. Xususan, turkiy o‘lkalar o‘rtasida axborot alshashuvi kuchaysa, ishonchli axborot muhiti vujudga keladi. Odamlarga o‘zga manbalardan axborot izlashga hojat qolmaydi. Umuman, TDT doirasida amalga oshiriladigan dastur va loyihalar bisyor. Ular bosqichma-bosqich ro‘yobga chiqishiga ishonchim komil. Negaki, davlat rahbarlari, yetakchilarimizning bu boradagi irodasi qat’iy va sobit», – deya fikrlariga xulosa yasadi Olgan Bekar.
Suhbat davomida ikki birodar xalq hamkorligiga doir yana boshqa masalalar haqida ham so‘z bordi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter