Qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqaruvchilarga imtiyozlar berildi. Undan foydalanuvchi aholiga ham
Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi Qonun Prezident tomonidan imzolandi (O‘RQ–539, 21.05.2019 y.). Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar bermoqda.
Qonunga muvofiq, qayta tiklanuvchi energiya manbalari atrof-muhitda tabiiy holda qayta tiklanuvchi quyosh, shamol energiyasi, yer harorati (geotermal), suv oqimlarining tabiiy harakati, biomassa energiyasidir.
Energetika vazirligi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.
Sohada qurilmalarni ishlab chiqarish, shuningdek ilmiy-texnikaviy hamda innovatsion jihatdan ta’minlash davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar quyidagilardan ozod etiladi:
- qurilmalarni (nominal quvvati 0,1 MVt va undan ortiq bo‘lgan) o‘rnatganlik uchun o‘n yil muddatga mol-mulk solig‘ini to‘lashdan hamda ushbu qurilmalar bilan band bo‘lgan uchastkalar bo‘yicha yer solig‘ini to‘lashdan;
- davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan e’tiboran besh yil muddatga soliqning barcha turlaridan.
Amaldagi energetika resurslari tarmoqlaridan to‘liq uzib qo‘yilgan yashash uchun mo‘ljallangan joylarda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar uch yil muddatga jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘idan, yer solig‘idan ozod etiladi.
Hujjat haqidagi to‘liq ma’lumot bilan www.lex.uz sayti orqali tanishish mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter