Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qaysi hududlar aholisi eng ko‘p ipoteka krediti olgani aytildi

Qaysi hududlar aholisi eng ko‘p ipoteka krediti olgani aytildi

2022-yilda o‘zbekistonliklar jami 14,4 trln. so‘mlik ipoteka kreditlari olishgan. Bu 2021-yilga nisbatan qariyb 1,5 barobarga oshgan deganidir. Bu haqda Markaziy bank «Ipotek kreditlari sharhi»da ma’lum qildi.

Hisobot davrida Moliya vazirligi mablag‘lari hisobidan ajratilgan ipoteka kreditlarining ulushi 2021-yildagi 92,1 foizdan 73,7 foizgacha pasaygan bo‘lsa, tijorat banklari mablag‘larining ulushi esa 9 foizdan 26,3 foizgacha oshgan.

Mazkur davrda ajratilgan jami ipoteka kreditlarining 10,8 trln. so‘mi yoki 75 foizi (ipoteka shartnomalari soniga nisbatan) birlamchi bozordagi uylar, 3,6 trln. so‘mi yoki 25 foizi ikkilamchi bozordagi uylar sotib olishga yo‘naltirilgan.

Shuningdek, 2022-yilda uy-joy oldi-sotdisi bo‘lgan shartnomalar soni 250,3 mingtani tashkil etib, shundan 70,9 mingtasi ipoteka kreditlari hisobidan moliyalashtirilgan shartnomalar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Hududlar kesimida esa, 2023-yil 1-yanvar holatiga ajratilgan ipoteka kreditlarining 60 foizi 5 ta hududlar hissasiga to‘g‘ri kelib, bunda 29,9 foizi (4 302,5 mlrd. so‘m) Toshkent shahri, 8,2 foizi (1 178,9 mlrd. so‘m) Samarqand, 8 foizi (1 149,4 mlrd. so‘m) Farg‘ona, 7,4 foizi (1 066,2 mlrd. so‘m) Andijon va 6,4 foizi (919,1 mlrd. so‘m) Navoiy viloyatida istiqomat qiluvchi fuqarolarga ajratilgan.

2022-yil mobaynida ajratilgan ipoteka kreditlarining 21 foizi (3,1 trln. so‘m) 18-30 yoshgacha, 70 foizi (10 trln. so‘m) 31-50 yoshgacha, 9 foizi (1,2 trln. so‘m) esa 50 yoshdan yuqori fuqarolarga ajratilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring