Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qarzini to‘lamaslik uchun qotillik sodir etgan shaxs 16 yilga qamaldi

Qarzini to‘lamaslik uchun qotillik sodir etgan shaxs 16 yilga qamaldi

Buxoroda qarzini to‘lamaslik uchun qotillik sodir etgan shaxsga sud hukmi o‘qildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Romitan tuman sudi raisi Zafar Sharopovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, Buxoro tumanilik 44 yoshli fuqaro N.E. ushbu qotillikni qasddan va shafqatsizlarcha sodir etgan.

Qotillik 2024-yil 22-oktyabr kuni, soat 18:00 larda Buxoro tumani, Yangiobod MFY «Hazratbobo» qishlog‘ida joylashgan «Ravshanbobo» fermer xo‘jaligiga qarashli chorbog‘da fuqaro N.E. tomonidan sodir etilgan.  Ma’lum bo‘lishicha, u bolalikdan birga o‘sgan hamqishlog‘i O.O. bilan unga tegishli uzumzordagi hosilni 2018-yilda 10 ming AQSh dollari evaziga sotib olishga kelishgan. Hosilni olib ketishdan oldin ushbu mablag‘larni bir yil davomida bo‘lab-bo‘lab to‘lab borishini aytgan. Hamqishlog‘ining hosilidan ko‘rgan foydasini o‘z manfaatlari yo‘lida ishlatib yuborib,  2 yil davomida 2000 AQSh dollar pulni zo‘rg‘a to‘lab bergan.

Biroq, oradan 7 yildan ortiq vaqt o‘tishiga qaramay, N.E. hamqishlog‘i O.O.ga qaytarishi kerak qarzlarning qolgan qismini, ya’ni 8 ming AQSh dollarini qaytarishni paysalga solib kelavergan.

2014-yilning oktyabr oyida O.O. fermer xo‘jalik yerlarida qo‘ylarni boqib, qo‘lidagi bolta yordamida o‘tin maydalab turgan N.E.dan qarzini qaytarishini so‘rab kelgan.

Avvaliga gap talashishgan, keyin tortishishgan. Tortishuv janjalga, janjal esa o‘zaro mushtlashuvga aylanib ketgan.

N.E. tamagirlik niyatida qarzidan qutilish maqsadida O.O.ni qasddan o‘ldirish payiga tushgan. Mushtlashuv chog‘ida qo‘lidagi bolta bilan O.O.ning bosh qismining peshana va ensa sohalariga o‘ta shavfqatsizlik bilan bir necha marotaba urgan. Unga qattiq azob-uqubat yetkazgan. Yer maydoni yonidan oqib o‘tuvchi loyqa suvli ariqqa itarib,  bo‘ynidan bug‘gan. «Urma, to‘xta!»-deb xirillab talpinishiga qaramagan. Ariqdan chiqarib, yana shafqatsizlikda davom etgan.  Peshona, bosh va bel qismlariga boltaning orqa qismi bilan yana bir necha marta zarb bilan urgan. So‘ngra qonga belangan jonsiz tana ustidan turib,  O.O.ning  jasadini yashirishga tushgan.  Shu yaqin atrofdagi zahkashgacha sudrab borib, belkurak yordamida 1 metr 30 sm chuqurlik kovlagan. Jasad sig‘magach, uni yana buklab, shafqatsilarcha shu chuqurlikka ko‘mgan.

...Oradan 22 kun o‘tgach, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan O.O.ning murdasi topilgan.

Ma’lumot o‘rnida: Sud-tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, jasadda bosh miya ochiq jarohati, kalla gumbaz suyaklarini botiqli sinishi, asos suyaklargacha bo‘laklanib maydalanib yorilib sinishi, bosh miya pardalari, bosh miya va miyacha to‘qimasiga qon quyilishi, ensa sohasi va ensa suyagi o‘ng yarmida aniqlangan lat yaralar va peshona sohasidagi qon talash, chegaralangan yuzali o‘tmas qattiq jismlar ta’siridan ya’ni boltaning orqa temir to‘mtoq qismi bilan hamda chap chakka tepa sohasi, chap chakka o‘rta qismi va o‘ng chap chakka tepa o‘rta qismlaridagi chopilgan yaralari o‘tkir chopuvchi jism bolta ta’siridan yuzaga kelgani, ya’ni hayot uchun xavfli bo‘lgan va ayni holatda qisqa vaqt oralig‘ida kelib chiqqan uning o‘limi bilan yakunlangan og‘ir tan jarohatlari aniqlangan.

Aybdor O‘zbekiston Respublikasi JK 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 2-qismining «j, i» bandlari bilan aybli, deb topilgan. 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini olgan N.E. jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring