«Qani aytinglarchi, qanday muammolaring bor». Vazir talabalar bilan muloqot qildi (foto)

Hozirgi talabalarga odamning havasi keladi. Ayniqsa, tanlangan yo‘nalishdagi soha rahbari kelib, «qani aytinglarchi, qanday muammolaring bor», deya hol-ahvol so‘rab tursa. Albatta, bunday so‘rovlar har qanday talabaning ko‘nglini ko‘tarsa ko‘taradi, aslo cho‘ktirmaydi.
Bu gal ham shunday bo‘ldi. Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Urganch filialida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov va soha korxona hamda tashkilotlari rahbarlari bilan qiziqarli uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Yoshlarning qalbiga bunday qo‘l soladigan uchrashuvlar oldinroq Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi AKT fanlariga ixtisoslashtirilgan maktabda ham tashkil etilgan edi. Ayniqsa, AKT maktabidagi uchrashuv videoselektor tizimi orqali o‘tkazilib, yoshlarning sohaga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirgandi.
Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, soha rahbari TATU Urganch filiali talabalari bilan dildan suhbat qurdi. Avvaliga qimtinib turgan yoshlar suhbat davomida ochila boshlashdi. O‘zlarini qiziqtirgan masalalarni dadil aytishib, jo‘yali javob olishdi. Yoshlarning startap loyihasi, magisturada o‘qish, korxonalarda ishlab chiqarish amaliyotini o‘tash, turarjoy bilan bog‘liq savollariga mutassaddilar javob berishdi. AKT vaziri yoshlarning ayrim muammolarini shu yerning o‘zida hal qilib berdi.
Uchrashuvning eng qiziqarli pallasi muloqot yakunida ro‘y berdi. Vazir filial talabalari - Sevara Polvonova, Melixol Umurzoqova, Shahnoza Qalandarova, Mansur Karimov, Ma’mur Bobojonovlarga vazirlik sovg‘asini topshirdi. Dilnoza Artikovaga esa vazirlik stipendiyasiga sazovor bo‘lganligi haqidagi sertifikat taqdim etildi. TATU rektori To‘lqin Teshaboyev ham qarab o‘tirmadi, u ham filialning yetti nafar talabasiga faxriy yorliq, sertifikat va esdalik sovg‘alarini tuhfa qildi.
Sovg‘a o‘z yo‘liga. Asosiysi, uchrashuv yakunida yoshlarning taassurotlari o‘zgacha edi, ular vazir bilan jonli muloqot qilganliklaridan, o‘zlarining fikrlari va g‘oyalarini soha rahbariyati oldida bayon qila olishganidan mamnun edilar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter