Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qahramon Quronboyev: «Yoshlar ittifoqi «Kamolot» uylari qurilishi uchun javobgarlikni bo‘yniga olmaydi» (video)

Qahramon Quronboyev: «Yoshlar ittifoqi «Kamolot» uylari qurilishi uchun javobgarlikni bo‘yniga olmaydi» (video)

Foto: «www.facebook.com/kuranbaev.k»

Toshkent shahrida Prezidentning yoshlar siyosati masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi Qahramon Quronboyev ommaviy axborot vositalari vakillari oldida hisobot berdi.

Unga ko‘ra, o‘tgan olti oyda yoshlar qabulxonasiga 2 ming 345 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 82 foizi ijobiy hal etilgan bo‘lsa, 14 foizi ko‘rib chiqilmoqda. Boshqa tashkilotlarga tegishli bo‘lgan 4 foizi esa tegishli joylarga yetkazib berilgan. Hozirda Andijon, Farg‘ona va boshqa viloyatlarda 5 yoshlar markazi tashkil etishga 25 milliard mablag‘ sarflangan.

Shuningdek, Qahramon Quronboyev OAV xodimlari va ijtimoiy tarmoqlardan kelgan savollarga ham javob berib o‘tdi. Feysbuk orqali kelgan savolni e’tiboringizga havola qilamiz:

— Yoshlar uylarini berish tartibi qanday amalga oshiriladi? Uylar ma’lum bir qatlam yoki yutuqqa erishgan yoshlarga beriladimi? Yoki faqat faol yoshlar uchun taqdim etiladimi?

— Birinchidan, «Kamolot» uyini olganlar «Kamolot» nimaligini umuman bilmagan va tushunmagan. Shuning uchun yoshlar uylari Yoshlar ittifoqi faollariga beriladi, deyapmiz. Hamma yosh ittifoq faoliga aylanadi, xudo xohlasa, — deya javob berdi Q.Quronboyev. — Kelgusi yil mart oyida har bir a’zomizga ID kardlar beriladi, uy olish uchun muvaffaqiyatga erishgan bo‘lish shart emas. Eng muhimi, uyga muhtoj ittifoq faoli bo‘lsa bas. Shunday ekan, yoshlar uyini hamma yosh olishi mumkin. Buni onlayn tarzda tashkil etamiz.

Bundan tashqari, Davlat maslahatchisi «Kamolot» uylari haqida ham alohida to‘xtalib o‘tdi:

— «Kamolot» uylariga arizalar ko‘payib ketgan. Toshkent shahrining o‘zida 400 odamga sertifikat berildi, lekin Toshkent shahar hokimligi tomonidan uy hali qurilmagan. Bizda 169 ta uy qurilgan, lekin 569 ta ariza kelib tushgan. 400 odam sertifikati bilan uy ololmayapti. Bunga Yoshlar ittifoqi aybdor emas. Biz buni Toshkent shahar hokimligiga aytdik, ular o‘zlari tavsiya qilgan, rejaga kiritgan va qurmagani uchun o‘zlari javob beradi.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 12-oktyabr kuni «Telegraf.uz» sayti O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Yuridik bo‘lim mudiri Bahrom Ilhomjonovdan intervyu olgan, suhbat chog‘ida 2017-yilning 23-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlashni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori «Kamolot uylari»ni olish uchun hujjat topshirgan, ammo shu paytgacha turli sabablarga ko‘ra uy ololmay kelayotgan yosh oilalarga yangi qurilayotgan «Yoshlar uylari» berilish-berilmasligi haqida ham so‘z borgan edi. Huquqshunos B.Ilhomjonov Yoshlar ittifoqi O‘zbekiston «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakatining barcha huquq va majburiyati bo‘yicha huquqiy voris hisoblanishini, bugungacha uy olish uchun hujjat topshirgan yosh oilalarning arizalari o‘z kuchida qolishini ma’lum qilgan edi.
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring