Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Pushkin Qur’on o‘qiganmi?

Pushkin Qur’on o‘qiganmi?

Bobosi Ibrohim Hannibal Pyotr I ga xizmat qilganidan Aleksandr Sergeyevich g‘ururlanib yurar, o‘zining hamisha sharqqa intilishi kuchli edi. Sharqqa mahliyolik, muqaddas Qur’ondan ta’sirlanish uning bir qancha asarlarida aks etgan. Xususan, «Arzrumga sayohat» kitobida shoir «daryal» etimologiyasiga to‘xtalib, bu so‘z qadimiy fors tiliga oid «darvoza» ma’nosini bildirishini aytadi. Shuningdek, mazkur asarda u bir qishloqqa kelib, karvonsaroydagi odamlardan ot so‘raganini keltirib o‘tgan va ularga aytgan iborasini yozgan: «Ver menga ot!» (turkiy o‘g‘iz – xorazmliklar shevasida: «Ber menga ot!»).

Pushkin ijodida Sharq mavzusi, arxiv hujjatlarini o‘rganish asnosida, qolaversa, Kavkazga borganida turkiy tillarni, o‘g‘iz shevasini o‘rganishga kirishganini ham aytib o‘tish kerak.

Umuman olganda, Pushkinda Sharq mavzusiga qiziqish katta bo‘lib, u arab, fors, turkiy tillardan ruschaga tarjima qilingan asarlarni o‘qib borar va ulardan ta’sirlanishi natijasida sharq mavzularida she’r, dostonlar bitar, rus nazmini yangi ohanglar bilan boyitar edi.

Bundan tashqari Firdavsiyning mashhur «Shohnoma»  asari V.A.Jukovskiy tomonidan ruschaga tarjima qilingach, rus adabiyotida ham shu va boshqa sharqona asarlardan ta’sirlanish natijasida «Uruslan Lazarevich degan shonli bahodir haqida doston» nomli asar yuzaga kelgan. Professor N.Gudziyning «Xrestomatiya po drevney russkoy literature XI – XVII vv» nomli asarida (M, 1947, 439-bet) yozilishicha, «Shohnoma»ning bir qancha syujetlari turkiy xalqlar orasida keng tarqalgan, og‘izdan-og‘izga ko‘chib yurgan va ular orqali rus folkloriga kirib borgan. Keyinchalik, XVIII asr oxirida yaratilgan «Uruslan Lazarevich haqida qissa» ana shu yo‘l bilan o‘tib, kuchli o‘zgarishga uchragan «Rustam va Suhrob» («Firdavsiy «Shohnomasi»ning bir qismi – U.B.) dostonining bir variantidir». Pushkin bu dostondan ta’sirlanishi natijasida o‘zining «Ruslan va Lyudmila»  dostonini yaratadi.

 Bundan tashqari Pushkin va M.Yu.Lermontov ijodida yana «Boqchasaroy fontani», «Bo‘stonchi ovuli», «Kavkaz asiri» singari sharq mavzusidagi rus kishisi bilan sharqlik insonning o‘zaro do‘stlashuvi va muhabbatini tarannum etuvchi asarlar ham yuzaga kelgandi.

Pushkin ijodidagi «Hofizdan», «Arabiy asarga taqlid», «Qur’onga taqlid»  she’rlarida sharqona va islomiy ruh yaqqol aks etganini ko‘ramiz. Masalan, «Qur’onga taqlid»  she’rida:

Mardona bo‘l, aldovlardan hazar qil,

Haq yo‘lidan bardam tashlagin odim...

deyilsa, «Arabiy asarga taqlid» she’rida:

Bir umr uyatchan bo‘lmagin,

Ey nozik navnihol yigitcha.

O‘sha isyon o‘ti tanimizdadir,

Bir hayot tarzi-la yashaymiz ikkov...

degan satrlar bor.

Pushkin va Qur’on mavzusini tadqiq qilgan rus sharqshunosi I.S.Braginskiy «Pushkin sharq motivlari, jumladan, Qur’on obrazlarida dekabristlar qo‘zg‘oloni arafasida qahramonlik g‘oyasini, fidoyilik kurashi va bukilmas matonatini ifodalash uchun badiiy shakl topgan» («Narodi Azii i Afrikii»  jurnali, 1965, 4-son, 124-bet) deb yozgan edi.

 Tabiiyki, «Pushkinning Sharq motivi asosida o‘z g‘oyalarini ifodalashiga bu bir bahona, shunchaki bir usul bo‘lib xizmat qildi», deyish noto‘g‘ri bo‘lardi. Bu o‘rinda Pushkinnning shoirlik qudrati sharqona ruh va ma’noni o‘z o‘quvchilariga tuhfa qila borib, ko‘nglidagi gaplarni aytishga yo‘l topgani, rus adabiyotiga sharqona ohangni olib kirganidadir.

 U, ayniqsa, Hofiz Sheroziyning «Bo‘ston» asaridan shunchalik ta’sirlanganki, «Bu chashmadan biz kabilarning ko‘pi suv ichgan. Ular ketdilar – olamdan ko‘z yumdilar: nega endi bu karvonsaroyga ko‘ngil bog‘laylik, do‘stlar ketdilar, biz ham yo‘ldamiz» degan baytini «Bog‘chasaroy fontani»  dostoniga epigraf qilib oladi.

 Shu bilan birga Vyazemskiyga yozgan maktubida «o‘zaro aytganda, dostonning o‘zi e’tibor qilishga arzimaydi, lekin epigrafi ajoyib! Albatta u butun dostondan ustun turadi, meni o‘ziga rom etdi. Sa’diy va Hofiz qalami yaratgan pinhoniy sirlardan xabardor bo‘lganimga qadar mening she’rlarimda nash’ali jihatlar va hayotsevarlik hissiyoti kamroq ko‘rinardi» deya kamtarlik bilan o‘zining asaridan g‘urulanib ketmagan holda Hofiz hamda Sa’diy asariga katta baho beradi.

 Sharq shoirlari va Qur’onning Pushkinga bunchalik ta’sir qilishiga sabab, Aleksandr Sergeyevich ularda o‘zining ruhiy holatini ifodalovchi mohiyatni ko‘rib, anglab bilganligida edi.

 Ma’lumki, dekabristlar qo‘zg‘oloni bostirilgach, shoirning bu do‘stlari har tomonga – kimdir surgunga, kimdir o‘limga duchor qilindi. Bu borada Sa’diyning bayti ajib bir ixchamligi bilan Pushkin qalbi tubidagi sadoni aks ettira olgan, HAQIQATni Qur’on, Sa’diy baytlari allaqachon olam va odamlarga aytib ketgan ediki, bobosi musulmon bo‘lmish Ibrohim Hannibaldek insonning avlodi – Pushkinni bu holat g‘oyat HAYRATga soldi. Bu hayrat esa nafaqat sharq adabiyoti bilan tanishishga, balki Sharqqa, O‘rta Osiyoga talpinishga ham undadi.

1833 yil sentyabrida Pushkin O‘rta Osiyo bilan chegaradosh Orenburg guberniyasiga borib, u yerda yashovchi musulmonlar hayoti bilan bevosita tanishdi, o‘zaro muloqot qilib, gubernator Perovskiy qurdirgan musulmonlar masjidida namoz o‘qilishiga, Qur’on tilovat qilinishiga shaxsan guvoh bo‘ldi. Bu holat uning ijodida aks etib, «Qur’onga taqlid», «Arabiy asarga taqlid» she’rlarini yozishiga ilhom berdi.

Umid Bekmuhammad,

tadqiqotchi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring