Pullar qaysi cho‘ntakda: odamni bilish san’ati
Insonning fe’l-atvori va ichki dunyosini qandaydir ruhiy testlardan ko‘ra, uning pulga munosabati ko‘proq ochib beradi. Mutaxassislar mazkur jarayonni o‘rganib, pul va odamlar tabiatidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlikni aniqladilar. Shundan kelib chiqib, pulga qay tarzda «murojaat» qilishingizga ko‘ra, fe’l-atvoringiz, dunyoqarashingiz, izzat-nafsingiz, harakatingiz, belgilaringiz va shu kabilarni bexato aytib berish mumkin.
Har bir odam pulga turlicha munosabatda bo‘ladi. Kimdir o‘zi bilan pul olib yurmay, to‘lovlar uchun kredit kartochkasini ma’qul ko‘radi. Naqd oldi-sotdini xushlamaydigan bunday yondashuv uning egasi pulni irkit hisoblab, virtual tartibda hisoblashishini yoki kreditdan doimiy foydalanish boshqalarda u haqida boy-badavlat inson sifatida tasavvur uyg‘otishini o‘ylashini anglatadi.
Yuqoridagiga zid o‘laroq, pullarini naqd mablag‘ sifatida ishlatishni lozim ko‘radigan odam esa erkin, mustaqil tabiatga egaligi bilan ajralib turadi. Bunday inson uchun hech kimdan so‘ramay katta xaridlar qilish yoxud to‘satdan g‘oyib bo‘lish, aniqrog‘i, o‘z joyidan xohlagan vaqtda ketib qolish kabi imkoniyatlarni his etish juda muhim. Ajablanarlisi, bu toifa kishilar bilan bir vaqtda pullarini doimo yonlarida olib yuradiganlar o‘z kuchlariga unchalik ishonmaydiganlar. Pullar ular uchun muhim ahamiyat kasb etib, qudrat timsoli sifatida tasavvur qoldiradi.
O‘ziga ishonchsizlik, notavonlik hissi zich mahkamlangan ko‘krak cho‘ntagida pul olib yuradiganlarga ham xosdir. Hissiyotli, tashvishga beriladigan, badgumon bunday odamlar atrofidagi olamdan go‘yo shu tariqa muhofazalanadi, ya’ni ular uchun pullar o‘ziga xos qalqon vazifasini o‘taydi (Samyuel Lepaste tadqiqoti).
Orqa cho‘ntagida pul olib yuradiganlarni esa (Lepaste izlanishlaridan farqli o‘laroq), ruhshunoslar manfaatparast bo‘lmagan, mutlaqo saxiy shaxslar hisoblashadi. Ular ongli ravishda pullarga ko‘zlari tushishini xohlamaydi, moddiy masalalarni ikkinchi darajada ko‘radi.
– Pullar bilan murakkab munosabatlar ularga nisbatan beparvolikni namoyon etadi, – deydi rossiyalik ruhshunos-maslahatchi Mariya Belix. – Biroq bunday odamlar pulni qadrlamaydi, deyish xato. Pullarga qaratilgan qahr-g‘azabni mablag‘ning nihoyatda kamligi bilan izohlash mumkin. Axir, pullarni g‘ijimlab, ezg‘ilab, ularning hajmini xayolan ko‘paytirgan bo‘lamiz. Shuning uchun katta-katta pullar qo‘lga tushganda ham hech kim ularni g‘ijimlagisi kelmaydi.
Aksariyat odamlar naqd pullarini hamyonda yoki charm karmonda olib yurishadi. Xuddi 1-tadqiqotda qayd etilganidek, bundaylar pulga o‘zgacha hayajon, to‘lqinlanish bilan munosabatda bo‘ladi, mablag‘ jamg‘arish ularga alohida quvonch baxsh etadi. Hamyon xuddi «uy» kabi pullarni ko‘ngilsizliklardan himoya qiladi, ularni ishlatib yuborishdan saqlaydi. Hamyonlar, shuningdek, o‘z egasining nufuzini ham belgilaydi.
– Umuman aytganda, pulga va moddiy qiymatlarga munosabat erta bolalikdan boshlanadi, – deydi rossiyalik shifokor-psixoterapevt Oksana Deren. – Shunday ekan, go‘dakning o‘zini tutishiga qarab, kelajakda pulga qay tarzda munosabatda bo‘lishini oldindan aytish mumkin. Masalan, o‘jar bola ziqna, dunyoparastlikka moyil bo‘lib o‘sishi ehtimolga yaqin, gapga kiradigan, mo‘min-qobil bolalardan esa saxovatli insonlar yetishib chiqadi.
Shunisi ham aniqlanganki, odamlarning pulga munosabati ularning madaniy darajasi, ma’lumoti, ijtimoiy kelib chiqishi va mentalitetiga bog‘liq. Masalan, g‘arb odami uchun pullar – eng muhim nuqta, ularning pulga munosabati boshqa o‘lka odamlaridan mutlaqo farq qiladi.
Ayrim mamlakatlarda pul jamg‘arishga uncha ahamiyat berilmasa, g‘arbda bu ishga qandaydir muqaddas deb qaraladi. Ular qashshoqlikdan nihoyatda qo‘rqishadi, shuning uchun qora kunga deb astoydil jamg‘argan va meros qoldiradigan o‘z hisoblaridagi ma’lum miqdorni me’yoriy hayot kafolati hisoblaydilar.
Xullas, odamlar va pulga munosabatni o‘qib chiqdingiz. Endi, marhamat qilib, siz qanday odam ekanligingizni bilib olavering!
A.Fathullayev
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter