Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Propiska deb fuqarolarni xo‘rlash adolatdanmi?

Propiska deb fuqarolarni xo‘rlash adolatdanmi?

Ichki ishlar vazirligi mutasaddilarining axborot berishicha, 2019-yilda Toshkent shahrida 16 ming 785 nafar fuqaro doimiy propiskaga qo‘yilibdi.

Tasavvur qilyapman. Bu odamlarning xursandligini, quvonch va alam aralash ko‘z yoshlari duv-duv to‘kilayotganini. Hoynahoy, o‘zlarini yettinchi osmonda uchib yurgandek his qilishgandir. Pasportiga shu yetishish qiyin pechat ulgur bosilgach, dunyoda undan baxtli odam bo‘lmaganiyam aniq...

Sababi, bu his o‘zimgayam begona emas. O‘n besh yil deganda Toshkent propiskasiga ega bo‘lganman! Shuncha yil-a?! Lash-lushimni orqalab ketishga g‘urur qurg‘ur bo‘yin bermagandi-da!

Ha, men yengdim. Suxtasi sovuq uchastkavoylar bosgan shtraflarni mardonavor to‘lab yengdim.

Homilador xotinimni ro‘yxatga qo‘ymay taysallagan olmisoq doktorlarning kurakka turmaydigan talablari noqonuniyligini isbotlab, yutdim. Bolamni bog‘chaga qabul qilmagan mudiraning qonun doirasida tanobini tortib, g‘alaba qildim.

Yo‘q, yo‘q, yengilgan ekanman, aslida. Propiska balosi hali dunyoni idrok etishga ulgurmagan go‘daklarimni juda erta ulg‘aytirib qo‘ygan ekan.

Bolalarimni o‘z uyiga o‘g‘ri mushukdek pusib kirib-chiqishiga majburlagan ekan. Eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlagan zahoti yig‘layotgan chaqalog‘imning ham ovozi darhol o‘chishiga, akasining «tiss» deb barmog‘ini labiga bosib, ukalarini tinchlantirishga odatlantirib qo‘yganiga ahamiyat bermagan ekanman...

Yaxshiyamki, shu elda tug‘ilib-o‘sgan, shu yurt fuqarosi ekanmiz. Haliyamki, jinoyatchi emasmiz va qora ro‘yxatda turmaymiz. Baxtimizki, oliy ma’lumotli, davlat ishida ishlaymiz.

Endi ayting, birgina propiska vajidan fuqarolarni shunday xo‘rlash adolatdanmi? Nega Konstitutsiya bilan kafolatlangan huquqimiz bunchalik paymol qilinadi?

Ishonamanki, Toshkenti azimda yuz minglab odamlar hali-hamon shunday hadik bilan shu zayl yashamoqda. Ularning sabri yana qanchaga yetarkan-a?!.

Manba: t.me

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring