Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prokurorning uyidagi hasharchilarga nega davlat pul to‘lashi kerak? — Bahrom Abduhalimov

Prokurorning uyidagi hasharchilarga nega davlat pul to‘lashi kerak? — Bahrom Abduhalimov

Foto: Adolat

Ijtimoiy tarmoqlarda Qo‘rg‘ontepa tuman prokurori Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlarini noqonuniy ravishda o‘z uyida ishlatganligi to‘g‘risidagi xabar tarqaldi.

Ushbu holatga «Adolat» SDP Siyosiy Kengashi raisi Bahrom Abduhalimov o‘z munosabatini bildirdi.

«Har qanday qonunning ijrosi ko‘p jihatdan qonun himoyachilariga bog‘liq. Agar qonun himoyachilarining o‘zi unga zid ravishda ish tutsachi?

Ko‘rsatilishicha, Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari ish vaqtida prokurorning hovlisida «o‘z ixtiyori» bilan ishlagan, ularga ajratilgan ish haqi davlat korxonasi hisobidan to‘langan. Janob prokuror mard bo‘lib o‘zgalar mehnatidan foydalanibdi, ish haqini ham budjetdan emas o‘z hisobidan to‘lasinda edi.

Ko‘pchilik korrupsiya deganda poraxo‘rlik, noqonuniy pul oldi-berdisini tushunadi. Lekin bu illat shoxdor bo‘lib, mansabini suiste’mol qilishning har qanday turi korrupsiyaga misol bo‘la oladi. Qo‘rg‘ontepadagi mazkur holat ham korrupsiyaning o‘zginasidir.

Mazkur vaziyatda korrupsion holatga «hashar» niqobi kiygizilib, ikki karra jinoyatga qo‘l urilmoqda (korrupsiya va yolg‘on). Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlarining ham ish vaqti va quvvati chegaralangan. Qaniydi prokurorning uyiga sarflagan vaqt va mehnatlarini yurtimizning biror maskani chiroy ochishiga bag‘ishlay olganlarida...

Qonun barchaga barobar. Shunday ekan uni himoyachilari ham bunga amal qilishga majbur.

Shu o‘rinda obodonlashtirish boshqarmasi rahbarlariga ham e’tiroz bor. Nega ular o‘z xodimlari huquqini himoya qilib, mehnatlaridan maqsadli foydalana olmayapti? Bunday iltimos (to‘g‘rirog‘i topshiriq) bilan chiqqan prokurorga nega rad javobini berolmaydi? Tili qisiq joyi bormi? Xatolari fosh bo‘lishidan qo‘rqadimi? Xodimlar-ku, bir sodda, oddiy odamlar, ammo rahbar prokuraturaga qaram tashkilot emasligini anglab, o‘z so‘zini ayta olishi kerak edi-ku. Bunday laganbardorliklar qachon barham topadi?», deb yozadi partiya rahbari.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring