Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezidentning Namangan viloyatiga tashrifi yakunlandi

Prezidentning Namangan viloyatiga tashrifi yakunlandi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatining ramziy darvozalaridan biri hisoblangan Namangan temir yo‘l vokzalida amalga oshirilgan qurilish-rekonstruksiya ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Mahalliy aholi va xorijlik sayyohlarga temir yo‘l transporti xizmatini ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirish maqsadida vokzalda «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati, korxona o‘z mablag‘i va O‘zmilliy bank kredit mablag‘larini yo‘naltirgan holda 24 milliard so‘mlik bunyodkorlik ishlari bajarildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Vokzaldagi kutish va komfort zallari, bufet, tibbiyot punkti, ona va bola xonasi, elektron ma’lumotlar markazi, kutubxona, milliy sovg‘alar, gazeta-jurnallar shoxobchasi, yuklarni vaqtinchalik saqlash xizmati kabi barcha bo‘limlar zamonaviy andozalarda tashkil etildi. Bundan tashqari, majmuaga qo‘shimcha ravishda o‘ttiz uch o‘rinli mehmonxona qurib bitkazildi.

Ushbu ishlar natijasida Namangan temir yo‘l vokzali zamonaviy qiyofa kasb etib, bir vaqtning o‘zida 250 nafar, sutkasiga 2,5 ming nafar yo‘lovchiga zamonaviy xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Vokzal Farg‘ona vodiysi xalqa temir yo‘li bo‘ylab tezkor elektropoyezdlar qatnovida vodiy shaharlari va mamlakatimizning boshqa hududlari bilan transport bog‘lanishida muhim bo‘g‘in bo‘lib xizmat qiladi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatiga tashrifi yakunlandi. Davlatimiz rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring