Prezidentni haqorat qilgan shaxs 3 yilga qamaldi
Xorazm viloyati, Hazorasp tumani sudi tomonidan bloger Sobirjon Boboniyozov 3 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. U jazoni manzil koloniyada o‘taydi. Bu haqda O‘zbekiston inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov Facebook’dagi sahifasi orqali ma’lum qildi.
Xazorasp tumanining «Bo‘ston» qishlog‘ida yashovchi bloger O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov hamda amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyevni haqorat qilishda ayblangan.
Jinoyat ishi materiallariga ko‘ra, 31 yoshli bloger Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi «Blogerlar birlashmasi» nomli guruhga a’zo bo‘lib, mazkur guruhda O‘zbekistonning sobiq prezidenti Islom Karimov hamda amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyevni haqoratlovchi va faoliyatini obro‘sizlantiruvchi mazmunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri videomateriallar e’lon qilgan.
2021-yilning 21-aprelidagi sud-lingivistik ekspertiza xulosalariga ko‘ra, mazkur materiallar Jinoyat kodeksining 158-moddasi (O‘zbekiston Respublikasi prezidentiga suiqasd qilish) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikni ifodalaydi.
Ayblov xulosasiga ko‘ra, bloger mazkur jinoyatlarni og‘irlashtiruvchi, ya’ni mast holatda takroran sodir etgan.
Jinoyat kodeksining 158-moddasi 3-qismiga kiritilgan so‘nggi o‘zgartirishga muvofiq, O‘zbekiston prezidentini omma oldida haqoratlash yoki unga tuhmat qilish, shuningdek, matbuot yoki boshqa ommaviy axborot vositalaridan foydalangan holda uni haqoratlash yoki unga tuhmat qilish olti oygacha qamoq yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Eslatib o‘tamiz, avval prezident nomidan Facebookda sahifa ochib firibgarlik bilan shug‘ullangan shaxs ham qamalgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter