Prezident yig‘ilishi: Jahon banki ajratgan 500 million dollarni o‘zlashtirish loyihalari muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-avgust kuni Jahon banki ishtirokida «Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish» loyihasini amalga oshirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.
Shu yil 23-iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari agrar tarmoqqa ajratilayotgan investitsiyalardan to‘g‘ri foydalanish, yuqori natija beradigan loyihalar ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi.
Bugungi yig‘ilishda Jahon banki tomonidan ajratilgan 500 million dollar kredit mablag‘larini o‘zlashtirish bo‘yicha shakllantirilgan loyihalar muhokama qilindi.
Prezidentimiz ko‘rsatmasiga muvofiq, loyihalarni ishlab chiqishda fanni rivojlantirishga, ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga ustuvor ahamiyat qaratilgan. Xususan, jalb qilinayotgan mablag‘ning 87 million dollari qishloq xo‘jaligi sohasidagi 10 ta ilmiy-tadqiqot muassasasi, 4 ta ixtisoslashgan markaz faoliyatini takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini yaxshilashga ajratiladi.
Shuningdek, 70 million dollar ko‘chatlar yetkazib berish, fitosanitariya, geoaxborot va sertifikatlash xizmatlarini ko‘rsatadigan agroxizmat markazlarini tashkil etishga yo‘naltiriladi. Qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish uchun berilayotgan 10 million dollar hisobiga yerlarning hosildorligi, tuproq tarkibi tahlili, zarur mineral o‘g‘itlar turi va miqdori, soliq, transport-logistika va mahsulotlar bozorlari haqida ma’lumotlar olish imkoni yaratiladi.
Yig‘ilishda suv xo‘jaligi, chorvachilik, karantin, kadastr, moliya, soliq va boshqa tegishli idoralar ma’lumotlar bazasini ushbu tizimga integratsiya qilish muhimligi ta’kidlandi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligiga ilmiy-tadqiqot muassasalari va ixtisoslashgan markazlarni Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti hududida joylashtirib, laboratoriya uskunalari va texnikalar bilan ta’minlash, viloyatlardagi qishloq xo‘jaligi kollejlari negizida ularning filiallarini tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Ushbu muassasalarni yuqori malakali mutaxassislar bilan to‘ldirish, xorijdan konsultantlar jalb qilib, ularni o‘qitish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Davlatimiz rahbari har bir ilmiy-tadqiqot muassasasi va markaz ilmiy ishlanmalarini sotadigan tijorat tashkilotiga aylanishi zarurligini ta’kidladi.
– Qishloq xo‘jaligini ilm bilan qilmasak, xarajatlarimiz natija bermaydi. Har bir loyiha manfaatdorlikni ta’minlash, rentabellikni oshirishga xizmat qilishi kerak. Pirovard marramiz – eksport. Ilmiy asoslangan, standartlarga mos mahsulot chiqarilsa, bozor topiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Kooperativlar va klasterlarni rivojlantirishga mo‘ljallangan 200 million dollar hududlar o‘rtasida taqsimlangan. Bundan tashqari, xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘lari hisobidan Farg‘ona vodiysi uchun qo‘shimcha 54 million dollar hamda Xorazm viloyatiga 100 million dollar mablag‘ ajratilgan.
Prezident ajratilayotgan har bir dollarni uch dollarga aylantirish, imtiyozli kreditlarni qaytarish bo‘yicha aniq hisob-kitob asosida ishlash zarurligini ta’kidladi.
Intensiv bog‘ maydonlarini kengaytirishga 65 million dollar yo‘naltirish belgilangan. Xususan, buning hisobidan Toshkent viloyatida 500 gektar, Andijon, Buxoro, Namangan, Farg‘ona va Samarqandda 300 gektardan, Jizzaxda 250 gektar, Qashqadaryo hamda Surxondaryoda 200 gektardan, Qoraqalpog‘istonda 100 gektar maydonda yangi usuldagi intensiv bog‘lar yaratilishi rejalashtirilgan.
Mutasaddilarga qisqa muddatda yerlarni ajratib, kelgusi yil bahorda bog‘larni foydalanishga topshirish vazifasi yuklatildi.
Yana 65 million dollar evaziga zamonaviy agrologistika markazlari va komplekslarini tashkil qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi vaziri va viloyat hokimlari jalb qilinayotgan mablag‘lar o‘zlashtirilishini loyihalar kesimida taqdimot qildi hamda ishni tashkil qilish rejalari bo‘yicha axborot berdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter