Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident yangi taqdimot bilan tanishdi

Prezident yangi taqdimot bilan tanishdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 aprel kuni III Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Ushbu anjumanning nufuzi va ko‘lami tobora oshib bormoqda. 2022 yilda o‘tgan ilk forumga 56 mamlakatdan mingdan ziyod xorijiy mehmonlar kelgan bo‘lsa, bu yil 84 ta davlatdan qariyb 2 ming 500 kishi qatnashishi kutilmoqda. Ular orasida hukumat vakillari, yirik kompaniyalar rahbarlari, BMT, YeTTB, OPEK, ShHT kabi xalqaro tashkilotlardan yuqori martabali mehmonlar bor.

Shu bois forumga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilindi. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan tegishli vazirliklar bilan hamkorlikda barcha tashkiliy chora-tadbirlar ko‘rildi.

Forum mamlakatimizning iqtisodiy imkoniyatlarini ko‘rsatish hamda o‘zaro manfaatli loyihalarni kelishish uchun qulay maydondir. Shu bois uning doirasidagi tadbirlar, muhokama qilinadigan masalalar ko‘p. Jumladan, sho‘’ba majlislari, davra suhbatlari, taqdimotlar, hukumatlararo komissiya yig‘ilishlari kabi 40 dan ortiq tadbirlar rejalashtirilgan. Shuningdek, yurtimizdagi qator loyihalarni ishga tushirish marosimi ko‘zda tutilgan.

Davlatimiz rahbari forumni yuqori darajada tashkillashtirish, har bir tarmoq va hududning investitsiyaviy salohiyatini to‘la namoyon etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

3 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining ikkinchi yalpi majlisi ham o‘tkaziladi.

Ma’lumki, ushbu kengash jahon tajribasi va amaliyotlariga tayangan holda, O‘zbekiston hukumatiga mamlakatni investitsiyaviy, sanoat-texnologik va innovatsion rivojlantirishning eng muhim yo‘nalishlari bo‘yicha maslahatlar beradi. Bu galgi majlisda ham mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash va istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga doir dolzarb masalalar ko‘rib chiqiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring