Prezident yangi elektropoyezdda Xo‘jakentga bordi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 dekabr kuni «Toshkent – Xo‘jakent» yo‘nalishida yangi elektropoyezdni ko‘zdan kechirdi.
Davlatimiz rahbarining o‘tgan yil 10 oktyabrdagi qaroriga muvofiq, «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatini transformatsiya qilinmoqda. Jamiyat tarkibida infratuzilma, vagon xizmati, yo‘lovchi tashish kabilar bilan shug‘ullanuvchi 6 ta mustaqil korxona ish boshladi.
Poyezdlar parki ham kengaytirilmoqda. Ayniqsa, yo‘lovchi tashishda aholi va turistlarga qulayliklar oshirilmoqda. Yangi poyezdlar olib kelindi. Toshkentdan Samarqand, Buxoro, Qarshi kabi tarixiy shaharlarimizga «Afrosiyob» elektropoyezdlarining qatnovlari ko‘paytirildi.
O‘tgan davrda yurtimizda 3 ming kilometrdan ziyod temir yo‘llar elektrlashtirildi. Buxoro – Urganch – Xiva temir yo‘l tarmoqlarini elektrlashtirish yakuniy bosqichda. Miskin – Nukus yo‘nalishida jadal davom ettirilmoqda. Toshkent atrofida ham elektrlashgan yo‘l qurilib, poyezdlarni o‘tkazish imkoniyati 30 foizga oshdi.
Endi «Toshkent – Xo‘jakent» yo‘nalishida yangi elektropoyezd qatnovga qo‘yilmoqda. Davlatimiz rahbari ushbu poyezdga chiqib, harakatlanishi va qulayliklarini ko‘rdi.
Vagonlar shinam va yorug‘, yo‘lovchilar uchun qulay. O‘rindiqlar soni 586 ta. Ma’lumot tablolari va yong‘in xavfsizligi tizimi o‘rnatilgan. Poyezd soatiga 120 kilometrgacha tezlikka chiqa oladi. Har bir tarafga kuniga uchtadan qatnov yo‘lga qo‘yiladi.
Safar chog‘ida davlatimiz rahbari temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, yo‘lovchilar uchun sharoitlarni yaxshilash, temir yo‘llarni elektrlashtirish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha mutasaddilarning hisobotlarini tingladi.
Toshkent va Xojikent oralig‘idagi temir yo‘lga tutash maydonlarni 2025 yilgi renovatsiya dasturiga kiritib, ularni tartibga keltirishga ko‘rsatma berildi. Yo‘nalishdagi egri qismlarni to‘g‘ri qilib qayta qurish orqali kunlik ekspress poyezdlar qatnovini ko‘paytirish va ko‘proq yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish uchun sharoit yaratish topshirildi.
«Yashil makon» loyihasi doirasidagi ishlar ham muhokama qilindi. Temir yo‘l chetlarini ko‘kalamzorlashtirish, suv resurslari cheklangan hududlarda xorijiy tajriba asosida qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklarni ekish, chet eldan faqat mahalliy iqlimimizga mos bo‘lgan ko‘chatlarni keltirish zarurligi qayd etildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter