Prezident tomonidan ilgari surilgan «O‘zbekiston uchun 100 g‘oya» respublika tanlovida ITSM xodimi TOP-100likka kirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev iqtidorli yoshlarni kashf etish, ularning tashabbus va intilishlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida «O‘zbekiston uchun 100 g‘oya» loyihasini ilgari surgan edi. Kuni kecha Toshkent shahridagi Innovatsion o‘quv va ishlab chiqarish texnoparkida «O‘zbekiston uchun 100 g‘oya» loyihasining final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Yoshlar ishlari agentligi, IT-Park va Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan «O‘zbekiston uchun 100 g‘oya» respublika tanlovi bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha o‘tkazildi.
Ekologiya, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va kimyo texnologiyalari yo‘nalishi bo‘yicha Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazining Maktabdan tashqari ta’lim va elektron resurslarni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Farrux Abduvaxidov tomonidan taklif etilgan «Mening daraxtim» («My tree») loyihasi final bosqichida g‘olib deb topilib, tanlovda TOP-100likdan joy oldi.
Mazkur loyiha bugungi va kelgusidagi ekologik vaziyatni inobatga olib, davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan daraxt ekish hamda ushbu savobli ishda har bir tashkilot-muassasa, har bir fuqaro o‘z o‘rnini topishini ta’minlashga ko‘maklashishga qaratilgan innovatsion yechimlarni o‘z ichiga oladi.
Eslatib o‘tamiz, respublika tanlovida umumiy qatnashchilar soni 25 094 nafarni tashkil etib, ular orasidan eng sara 100 g‘oya mualliflari «O‘zbekiston uchun 100 g‘oya» maxsus diplomi, statuetka va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishdi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ishtirokidagi «O‘zbekiston yoshlari» ikkinchi forumida o‘z g‘oyalari bilan qatnashish hamda prezident va hukumat rahbarlariga taqdim etiladigan «O‘zbekiston uchun 100 g‘oya» albomiga va O‘zbekistonning TOP-100 yoshlari safiga kirish imkoniyatini qo‘lga kiritdilar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter