Prezident farmon chiqardi: Har bir aholi punktida 10 Mbit/s dan kam bo‘lmagan internet bo‘ladi
«Raqamli O‘zbekiston – 2030» strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni (PF–6079-son, 05.10.2020-y.) qabul qilindi.
Farmonga muvofiq:
2020-yil 1-noyabrdan barcha vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida amaldagi rahbar o‘rinbosarlaridan biriga raqamlashtirish bo‘yicha o‘rinbosar (Chief Digital Officer) vakolatlari yuklatiladi.
2021-yil 1-yanvardan:
- fuqarolar tomonidan tizim boshqaruvi, axborot xavfsizligini ta’minlash va boshqa talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda xalqaro IT-sertifikatlarini olish xarajatlarining 50 foizgacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi;
- tajriba tariqasida jismoniy shaxsga identifikatsiya ID-kartasini berishda davlat organlari bilan elektron munosabatlarni yo‘lga qo‘yish uchun uning shaxsiy kabineti shakllantiriladi;
- barcha uchun ochiq bo‘lgan mahalliy dasturiy mahsulotlar va IT-xizmatlar elektron platformasi yaratiladi.
- 2021-yil 1-iyuldan Ochiq ma’lumotlar portalida davlat xaridlarini amalga oshirish, patentlar, dori vositalarini ro‘yxatga olish va boshqa umumfoydalanishdagi statistik ma’lumotlar onlayn joylashtirib boriladi.
- 2021-yil 1-sentyabrga qadar har bir tuman va shaharlarda mavjud infratuzilma ob’yektlari negizida keng aholi qatlamlari, ayniqsa, yoshlar va ayollar uchun raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari ochiladi.
- 2022-yil 1-yanvarga qadar barcha mashhur sayyohlik joylari yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlanadi.
- 2022-yil yakuniga qadar har bir aholi punkti 10 Mbit/s dan kam bo‘lmagan ma’lumotlarni uzatish tezligidagi internet tarmog‘iga ulanish imkoniyati bilan ta’minlanadi.
- 2023-yil yakuniga qadar barcha tuman va shaharlarda mavjud ta’lim muassasalari negizida 200 dan ortiq informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablar bosqichma-bosqich tashkil etiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter