Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Pasport stollari» oldida yuzlab odamlar to‘planmoqda

«Pasport stollari» oldida yuzlab odamlar to‘planmoqda

Videodan skrinshot

2020-yilning 21-dekabr kuni Xorazm viloyatining Xazorasp va Xiva tumanlarida istiqomat qiluvchi aholining ichki ishlar organlarining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari oldida to‘planishi holati videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi holat bo‘yicha murojaat qildi.

Qayd etilishicha, xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun murojaat qilayotgan aholining asosiy qismi Rossiya Federatsiyasi hududida mehnat qilayotgan fuqarolar ekanligi aniqlangan.

Mazkur fuqarolar 2021-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekiston fuqarolari barcha MDHga a’zo davlatlarga, shu jumladan Rossiya Federatsiyasiga faqat xorijga chiqish biometrik pasporti bilan chiqishlari tartibi kuchga kirishi munosabati bilan ichki ishlar organlarining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga murojaat qilmoqdalar.

Ushbu hududlarda yashovchi aholi orasida O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida avia qatnov yo‘lga qo‘yilganligi to‘g‘risida yolg‘on xabarlar tarqalgan.

«Shuni ta’kidlash joizki, pandemiya munosabati bilan hozirgi kunda bir qator davlatlar, shu jumladan Rossiya Federatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi bilan avia va temir yo‘l qatnovini qayta tiklashni rejalashtirayotgani bo‘yicha Ichki ishlar vazirligiga rasmiy ma’lumotlar kelib tushmagan.

Hozirgi vaqtda Xazorasp va Xiva tumanlari ichki ishlar organlarining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga xorijga chiqish biometrik pasportini olish bo‘yicha navbatda turgan fuqarolarga tushuntirish ishlari olib borilgan, ularga navbat talonlari tarqatilgan.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda respublikamiz fuqarolariga har qanday tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ishonmasliklarini, ichki ishlar organlarining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga tartib bilan murojaat qilishlarini so‘rab qolamiz», –deyiladi murojaatda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring