Parkentdan poytaxtga borishni osonlashtiruvchi temiryo‘l ishga tushiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi hayoti, hududlarning iqtisodiy rivoji va yangi loyihalar bilan tanishish maqsadida 18 iyun kuni Toshkent viloyatining Parkent tumaniga tashrif buyurdi. Dastlabki manzil “Parkentsoy” turar joy massivi bo‘ldi.
Hududlarni “o‘sish nuqtalari”ga tayanib rivojlantirish, aholiga munosib turmush sharoitlari yaratish – davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi. Bunday o‘zgarishlar Parkent tumanida ham namoyon.
Tuman markazidan oqib o‘tuvchi Parkentsoy qirg‘og‘ida qurilayotgan ushbu massivni ekoshahar deyish mumkin. Uning umumiy maydoni olti gektar bo‘lib, jami 5 ming 200 xonadonli 125 ta ko‘p qavatli turar joy quriladi. Ular barcha zamonaviy kommunal tarmoqlar, energiya tejamkor texnologiyalar bilan ta’minlanadi. Jumladan, uylar tepasiga geokollektorlar o‘rnatilib, suv isitishda foydalaniladi.
Aholi nisbatan zich yashaydigan hududlar uchun bunday massivlar muhim ijtimoiy ahamiyatga ega. Uylarning shinamligi, tannarxi xalqimizga mos. Bu ayrim mahallalarda bir hovlida qisilishib yashayotgan oilalar uchun ayni muddao bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari mazkur yangi xonadonlardagi sharoitlarni kirib ko‘rdi.
Bu yerda, shuningdek, ikkita maktab, sakkizta bog‘cha, bolalar maydonchalari, 10 gektarlik park, sun’iy ko‘l, sayilgoh va veloyo‘laklar barpo qilinadi. 17 kilometr ichki yo‘llar ta’mirlanadi.
Massiv nafaqat obod turmush uchun, balki tadbirkorlik uchun ham sharoit yaratadi. Bu yerda 58 ta noturar bino qad rostlaydi. Ularda savdo va xizmat korxonalari joylashib, 700 dan ortiq ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Davlatimiz rahbari shu yerda tumanni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
Bu boradagi muhim loyiha – “Baytqo‘rg‘on – Parkent” elektrlashtirilgan temir yo‘li. Hozirda uning qurilishi jadal ketmoqda. Qariyb 24 kilometrlik bu yo‘l foydalanishga topshirilgach, Parkentdan poytaxtimizga borish uchun katta qulaylik yaratiladi, tumanning xushmanzara go‘shalariga sayohatga kelish osonlashadi. Unda kuniga 275 ming nafargacha yo‘lovchi tashilishi hisob-kitob qilingan. Umuman, buning natijasida qatnov va tadbirkorlik faollashib, Parkent iqtisodiyotining sur’ati jadal oshadi.
Parkentsoyni tartibga keltirish, qirg‘oqlarini mustahkamlash bo‘yicha ham ish olib borilmoqda. Birinchi bosqichda soyning 4 kilometr qismi to‘liq betonlashtirildi. Bu yangi bunyodkorliklarga yo‘l ochdi. Xususan, soy bo‘ylab qariyb besh kilometrlik yangi yo‘l qurildi. U hozir tuman markazidan o‘tgan asosiy ko‘chaga yondosh bo‘lib, bir kecha-kunduzda 10 ming avtomobilni o‘tkazish quvvatiga ega. Bu transportlar yuklamasining bir qismini o‘ziga olib, markazda tirbandlikni kamaytiradi. Shuningdek, piyodalar yo‘lakchasi, yo‘l o‘tkazgich va ko‘prik barpo etilgan.
Endi, ikkinchi bosqichda Kumushkongacha bo‘lgan o‘zanlar tartibga keltirilib, ochiladigan 100 gektar yerda turizm ob’yektlari tashkil etish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz shu yerda parkentlik faollar bilan suhbatlashdi.
– Bizning eng katta boyligimiz yurtimiz tinchligi, xalqimizning osoyishtaligi. Tinchlik barqaror bo‘lsa, mana shunday bunyodkorlik bo‘ladi, rejalar amalga oshadi. Davlat tashkilotlarini safarbar qilib, imkoniyatlarni yuzaga chiqarib, hamma hududlarni rivojlantirishga harakat qilayapmiz. Parkentga ham istiqlol shabadasi, islohotlar natijasi yetib kelganini ko‘rib, xursand bo‘ldim. Xalqimiz mana shunday farovon sharoitda yashashga munosib, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Nuroniylar tuman rivoji uchun yaratilayotgan ulkan imkoniyatlar, aholi hayotida bo‘layotgan o‘zgarishlar, mehnatidan baxt topayotgan insonlar haqida so‘zladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter