Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Pahlavon Sodiq: «Menga qolsa, matbuotda Prezidentni maqtashga kamida ikki yillik moratoriy e’lon qilgan bo‘lardim»

Pahlavon Sodiq: «Menga qolsa, matbuotda Prezidentni maqtashga kamida ikki yillik moratoriy e’lon qilgan bo‘lardim»

Pahlavon sodiq — «BBC» O‘zbek xizmati muharriri.

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Milliy axborot agentligining rasmiy saytida O‘zbekiston Prezidentining Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi a’zolariga murojaatnomasi yuzasidan bildirilgan munosabatlarni e’lon qilib kelayapti. Jumladan, bugun «G‘arb ahlida ham umid uyg‘otgan murojaat» nomli sarlavha bilan xorijda faoliyat yurituvchi o‘zbek jurnalistlarning fikr-mulohazalari ommaga taqdim etildi. Quyidagi «BBC» O‘zbek xizmati jurnalisti, «bbcuzbek.com» muharriri Pahlavon Sodiqning mulohazalari bilan tanishasiz:

— Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning nutqidan bir kun oldin xabar topdik. Biz buni onlayn muloqot tarzida bo‘ladi, deb kutgandik. Ammo biz kutgan formatda bo‘lmasa-da, Prezidentning nutqi tanqidiyligi va qamrovi jihatidan bizning kutishlarimizdan oshib tushdi. Va albatta, davomiyligi bilan ham. Mening o‘zim nutqni London vaqti bilan ertalab soat 5.30 dan tomosha qilishni boshladim va nutq boshlanishi bilan Bi-bi-sining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida unga havola berdik. O‘n minglab Bi-bi-si tinglovchilari va mushtariylari O‘zbekiston Prezidentining nutqini jonli efirda tomosha qilishdi.

Shavkat Mirziyoyevning tanqidiy chiqishlari yangilik emas. Prezident hokimiyatning barcha organlari va boshqaruvning barcha bo‘g‘inlari faoliyatini o‘z chiqishlarida tanqidiy tahlil qilib kelayapti, ammo 22-dekabr kungi Murojaat avvalgilaridan ham tanqidiyroq edi. Bu safar Prezident o‘zini ham ayamadi.

«Bir xillar aytishi mumkin, sen 13 yil bosh vazir bo‘lib o‘tirib, shuni bilmaganmisan, bilganman, lekin juda atrof chatoq bo‘lgan», dedi Prezident nutq matnidan chetga chiqib. Shavkat Mirziyoyevning tanqidchilari 13 yil davomida hukumatga rahbarlik qilgani va mamlakatdagi ayanchli ahvolga birinchi navbatda uning o‘zi mas’ul ekanini aytib kelishadi va bu o‘rinli tanqid. Prezident oxirgi chiqishida ana shu tanqidlarga javob berdi. Ya’ni yakka shaxs tomonidan boshqarilgan hokimiyat vertikalida nafaqat parlament, jamoatchilik yoki saylovchi, hatto davlatning ikkinchi raqamli odami bo‘lgan bosh vazir ham o‘z so‘ziga ega emasdi. Shavkat Mirziyoyev mamlakat ichkarisi va tashqarisidagi jamoatchilikka «men ana shu boshqaruv uslubini o‘zgartiraman», degan mujdani beryapti.

Prezidentning o‘zi ham bunga izoh bergandek bo‘ldi. Mamlakatda «tiyib turish va muvozanat» tizimi ishdan chiqqanligini aytdi. Bu Murojaatning eng muhim jihatlaridan biri edi. Hokimiyatning bir idora qo‘lida jamlangani va ortiq bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidladi. Ta’kidlabgina qolmay, o‘tirganlarga «buni yodda tutinglar», deya uqtirdi. Prezident birinchi marta Milliy xavfsizlik xizmatini tanqid qildi. Hozirgacha bu idora tanqidlardan chetda qolib kelayotgandi. Tanqid MXXning tuman, shahar va viloyat boshqarmalariga qaratildi, ammo umumiyat-la, MXX isloh qilinishi kerakligi aytildi. Bu Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan buyon uning ichki siyosatga doir eng muhim bayonoti edi.

Bayonotni aniq qadamlar ta’qib etadimi, hozirda shu muhim. So‘z va ish birligi muhim. Bu kabi tanqidlar marhum Prezident boshqaruvining ilk yillarida ham yangragan, ammo amaliyotda mutlaq teskarisi bo‘lgan edi. Yana bir muhim jihat: Prezident amaldorlarni, ayniqsa, sobiq hukumat mulozimlarining ko‘pchiligini korrupsiya va boshqa jinoiy harakatlarda baralla ayblayapti.

Agar Prezident kimnidir jinoyatda ayblasa, tergov va sud idoralari bunga qonuniy baho berishi kerak. Prezident investitsion loyihalarning talon-taroj qilingani haqida gapirdi, ammo aniq raqamlarni keltirgani yo‘q. Gap milliardlab dollar xalq mablag‘lari haqida borayotgan bo‘lishi mumkin. Bu mablag‘lar xalqqa qaytarilishi kerak va jamoatchilik, matbuot buning uchun zarur huquqiy protseduralarni boshlashni talab qilishdan chekinmasligi kerak, nazarimda.

Bitta odam, u Prezident bo‘lsa ham, hamma narsani o‘zgartirolmaydi. Jamoatchilik fikri, qo‘llovi, ayniqsa, matbuot va jurnalistlarning faolligi muhim. Matbuot Prezidentni maqtash bo‘yicha poygaga o‘tib ketmasligi kerak. Prezidentning nutqini tanqidiy tahlil qilishi to‘g‘riroq bo‘ladi, deb o‘ylayman. Ayrimlar Shavkat Mirziyoyevning nutqini Uinston Cherchillning 1946-yildagi Fulton nutqiga qiyoslashdi. Men bu kabi muqoyasa qilishga shoshmagan bo‘lardim. Cherchillning nutqi «Fulton nutqi»ga aylangunicha oradan bir necha o‘n yil vaqt o‘tgan, bungacha uning o‘zi «shuhratparast» va «hayotdan uzilgan» rahbar, deya iste’foga majburlangan. Faqat vaqt Cherchillning nutqiga baho berdi. Shunga o‘xshab, Shavkat Mirziyoyev Murojaatiga ham eng yaxshi hakam vaqtdir.

Menga qolsa, matbuotda Prezidentni maqtashga kamida ikki yillik moratoriy e’lon qilgan bo‘lardim. Prezidentning o‘zi ikki yillik favqulodda holat e’lon qildi. Bu matbuotga ham joriy etilsa, yaxshi bo‘lardi. Chunki matbuotimiz so‘z erkinligi deganda ko‘proq hukumatni maqtashni tushunadi. Har holda, yaqin o‘tmishda shunday edi.

22-dekabr kuni meni Bi-bi-si Jahon xizmatining ingliz tilidagi dasturlaridan biriga Shavkat Mirziyoyevning nutqi haqida gapirib berish uchun taklif qilishdi. Boshlovchining birinchi savoli «Kim bu odam, qanday rahbar?» degan savol bo‘ldi. Bi-bi-sining auditoriyasi katta va bu kabi savol tabiiy edi. Men Shavkat Mirziyoyevni o‘zim bilganimcha ta’rifladim va u o‘zining o‘tmishdoshinikidan farqli boshqaruv uslubini namoyish etishga urinayotganiga urg‘u berdim. Bu muhim edi. Chunki o‘tmishda O‘zbekistondagi siyosiy boshqaruv borasida dunyoda juda ham salbiy fikr shakllangan. Bu fikrni o‘zgartirish uchun Shavkat Mirziyoyev hali bir emas, bir nechta «Fulton nutqlari»ni qilishi kerak bo‘ladi va bundan ham muhimi, qat’iy siyosiy irodani namoyish etishi lozim bo‘ladi.

Dunyo matbuoti so‘nggi chorak asrda O‘zbekistonda ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rmagani bois, Shavkat Mirziyoyev qo‘yayotgan qadamlarni ehtiyotkorlik bilan olqishlayapti. G‘arb jurnalistlari ularni hatto «g‘alati o‘zgarishlar» deb ham ta’riflashmoqda. Mana, jahon nashrlarining sarlavhalaridan bir nechtasi: «O‘zbek bahori keldi, ammo yozgacha hali ko‘p bor» («Ekonomist», 14-dekabr, 2017-yil), «Bir paytlar yopiq va repressiv O‘zbekiston dunyoga ochilmoqda» («Nyu-York Tayms, 25-oktyabr, 2017-yil), «O‘zbekistonga qaytish: iliqlashuv bo‘ladimi?» («BBCNews», 22-noyabr, 2017-yil), «Bu O‘zbek bahorimi?» (RFE/RL, 16-iyul, 2017-yil). Jahon matbuoti va jamoatchiligi O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni yaqindan kuzatmoqda. Hozirgacha, ko‘proq yaxshi niyat va yaxshi bayonotlarni ko‘rayapmiz. O‘zgarishlar bor, ammo hali ular muqarrar, orqaga qaytmaydigan nuqtaga yetganicha yo‘q.

22-dekabr kungi Murojaati bilan Shavkat Miromonovich Mirziyoyev mamlakat ichkarisi va tashqarisidagi jamoatchilikni o‘zgarishlarning samimiyligiga bir qadar ishontirdi. Ammo ishonqiramayotgan, skeptik jamoatchilik ichkarida ham, tashqarida ham bor. Ular aniq qadamlarni kutayapti. Masalan, mamlakat qamoqxonalaridagi siyosiy mahbuslarni ozod qilish, aybsizlarni reabilitatsiya qilish, qiynoqlarga butkul barham berish, so‘z, matbuot va ifoda erkinligini kafolatlash, xorijiy va mustaqil saytlarga qo‘yilgan to‘siqlarni darhol olib tashlash, siyosiy muxolifatga yo‘l berish, din erkinligini kengaytirish, yaqin o‘tmishda yo‘l qo‘yilgan xatolar haqida baralla gapirish va ularga siyosiy baho berish. Bular ko‘p narsa emas. Inqilob ham emas. Bular normal, taraqqiy qilishni istagan jamiyatning atributlari, xolos. Shavkat Mirziyoyev ham nazarimda muammo bormi, hal qilish kerak, degan pragmatik bir mantiqdan kelib chiqayapti. Ortiqcha pafosga berilayotgani yo‘q. Bularning hammasi umid uyg‘otadigan ishoralardir.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligining rasmiy saytida mazkur maqola e’lin qilingach, Pahlavon Sodiq o‘zining «Feysbuk»dagi sahifasiga bunga quyidagicha munosabat bildirdi:

— O‘zA maqolani juz’iy qisqartirish bilan chop etdi. Birinchi qadam. Davomli bo‘lsin!
Maqolaga kirmay qolgan ikkita paragraf mana shu:

«Ammo... uning o‘zi (Mirziyoyev)da ham eskidan qolgan bir navi avtoritar yondashuv borligini aytishimiz kerak. Prezident vazirlarni turg‘azib qo‘yib, yosh bolani tergagandek tergadi va «uch oydan keyin hammangni ishdan bo‘shamatan» degan so‘zlarni aytdi. Vazirlar va hokimlarni hisobdorlikka chaqirishi to‘g‘ri va zarur, ammo buni mintaqada keng tarqalgan avtoritar, masalan, Turkmanistondagi kabi bir uslubda emas, balki demokratik, institutlashgan bir ko‘rinishda amalga oshirilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi».

«Prezident amaldorlarni, ayniqsa, sobiq hukumat mulozimlarining ko‘pchiligini korrupsiya va boshqa jinoiy harakatlarda baralla ayblayapti. Ularga nisbatan «o‘g‘ri», «axlat», «kalamush» degan iboralarni ishlatayapti, ammo bu mulozimlarning birontasiga nisbatan jinoiy tekshiruvlar olib borilganini ko‘rayotganimiz yo‘q. Agar Prezident kimnidir jinoyatda ayblasa, tergov va sud idoralari bunga qonuniy baho berishi kerak. Aks holda, hammasi yana avvalgidek, «sulton suyagini xo‘rlamas» qabilida davom etishi mumkin».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring