Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 49,2 mlrd dollardan oshdi

O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 49,2 mlrd dollardan oshdi

Aprel oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari hajmi tarixiy rekord darajani o‘rnatdi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 1-may holatiga regulyator zaxiralaridagi aktivlarning umumiy qiymati 49,25 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan oyga nisbatan 1,4 mlrd dollarga yoki 2,93 foizga ko‘pdir. Natijada aktivlar hajmi mart oyida o‘rnatilgan avvalgi rekorddan (47,85 mlrd dollar) oshib ketdi.

Oltin zaxiralari 772,64 mln dollarga biroz oshib, 37,65 mlrd dollarga yetdi, qiymat jihatidan rekord yangilandi. O‘z navbatida, uning fizik hajmi kamayishda davom etib, 11,82 mln troy unsiya (367,09 tonna)dan 11,46 troy unsiya (355,83 tonna)ga pasaydi.

O‘tgan oyda O‘zbekistonning valyuta zaxiralari deyarli o‘zgarishsiz — 10,33 mlrd dollar miqdorida qoldi. Ularning hajmi bir oyda bor-yo‘g‘i 116,08 mln dollarga oshdi.

Xususan, boshqa mamlakatlar markaziy banklari va XVJdagi hisob raqamlaridagi valyuta zaxiralari miqdori 361,94 mln dollarni hamda xorijiy banklarda 9,96 mlrd dollarni tashkil etdi.

WGC (Xalqaro oltin qo‘mitasi)ga ko‘ra, O‘zbekiston mart oyida oltin sotish bo‘yicha dunyoda yetakchilikni saqlab qoldi. Markaziy bank tomonidan 11 tonna qimmatbaho metall sotilgan bo‘lsa, birinchi chorak yakunlari bo‘yicha sof oltin savdosi 15 tonnani tashkil etdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring