Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonliklar texnik xato sabab safarbarlikka chaqirilgan – Rossiyadagi elchixona

O‘zbekistonliklar texnik xato sabab safarbarlikka chaqirilgan – Rossiyadagi elchixona

Bir muddat oldin Rossiyaning Orlov viloyatidagi chiqindilarni qayta ishlash zavodida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi O‘zbekiston fuqarolarining murojaati va bunga hududiy ma’muriyatning munosabati  haqida xabar berilgan edi.

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi mazkur holatga munosabat bildirib, xodimlarining «EkoSiti» kompaniyasi bosh direktori Yuriy Paraxin va boshqa mutasaddilar bilan bog‘langanini ma’lum qildi.

Elchixona bergan ma’lumotga ko‘ra, safarbarlik chaqiruvi texnik xato tufayli o‘zbekistonliklarga yuborilgan va hujjatlar harbiy komissariyatda tekshirilgandan so‘ng chaqiruv qog‘ozi qaytarib olinib, masala hal etilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskvadagi vakillari Orlov viloyatiga, ishchilar bilan uchrashish uchun jo‘nab ketgan.

Elchixona, shu bilan birga, qisman safarbarlik e’lon qilingani munosabati bilan O‘zbekiston fuqarolari tomonidan texnik xatolar tufayli chaqiruv qog‘ozlari olish holatlari mavjudligini inkor etmagan.

«Odatda, barcha bunday hollarda safarbarlik chaqiruvi hujjatlar tekshirilgandan so‘ng qaytarib olinadi», – deyiladi Elchixona ma’lumotida.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring