O‘zbekistonlik yigit «Google»ni qanday zabt etdi?
IT Park xorijda ishlayotgan o‘zbekistonlik IT-mutaxassislarning muvaffaqiyat tarixi haqida hikoya qilib boruvchi «ICT hikoya» nomli ruknni ishga tushirdi. Ilk mehmon — Farruh Habibullayev.
Farruh 29 yoshda. 2012-2016 yillarda Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetining Biznes-axborot tizimlari fakultetida tahsil olgan. 2017 yildan 2019 yilgacha AQShning Ayova shtati Maharishi menejment universitetida «matematika va informatika» yo‘nalishi bo‘yicha magistr darajasini oladi.
Farruh hozirda Google kompaniyasining Android Automotive OS jamoasida dasturiy ta’minot muhandisi bo‘lib ishlaydi. U o‘z jamoasi bilan birgalikda avtomobillarni haydovchilar va yo‘lovchilar uchun xavfsizroq va qiziqarliroq qilish uchun operatsion tizimlarni ishlab chiqadi.
Chet eldagi faoliyat qanday boshlangan?
Farruhning eslashicha, u mehnat faoliyatini «Tune Consulting» kompaniyasida katta dasturiy ta’minot muhandisi sifatida boshlagan.
«Men o‘z mamlakatimda IT sohasiga ilk qadamimni Tune Consulting kompaniyasida qo‘ydim. 2014 yildan 2016 yilgacha ishladim. «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ uchun chiptalarni onlayn sotish uchun dasturiy ta’minot va Android ilovasi yaratildi. O‘qishni tamomlaganimdan so‘ng xalqaro kompaniyada o‘z kuchimni sinab ko‘rmoqchi bo‘ldim. Keyin men rezyumeni AQShning bir nechta kompaniyalariga yuborishga qaror qildim va 15 dan ortiq kompaniyalar meni suhbatga taklif qilganidan juda xursand bo‘ldim. Qolaversa, ulardan 10 nafari menga ish taklif qilishdi», eslaydi u.
Ko‘p sonli takliflar orasidan Farruh tibbiyot sohasidagi bioinjeneriya tadqiqotlariga ixtisoslashgan San-Fransiskodagi Neopeutics, Inc. kompaniyasini tanladi.
«Menga olimlar, bioinjenerlar bilan ishlash va ajoyib tadqiqotlar olib borish uchun shunday qiziqarli lavozim taklif qilindi. Bu haqiqatda hayotimdagi eng ajoyib tajriba bo‘ldi», deydi u.
Neopeutics, Inc. turli kasalliklarga davo izlaydi. Kompaniyaning olimlari va tadqiqotchilari juda katta miqyosda, petabayt ko‘lamida algoritmlar va ma’lumotlar bilan ishlaydi.
«U yerda dasturiy ta’minot muhandisi sifatida ishlaganimda, men ushbu yirik ma’lumotlar to‘plamini saqlaydigan va qayta ishlaydigan analitik va intellektual dasturiy ta’minotni yaratdim. Jamoam bilan birgalikda bunday katta ma’lumotlarni samarali, xavfsiz va ishonchli saqlaydigan va qayta ishlovchi dasturiy yechimlar va algoritmlarni ishlab chiqdik», ta’kidlaydi dasturchi.
Farruh va uning hamkasblari tomonidan yaratilgan dasturiy ta’minot olimlar va tadqiqotchilarga tadqiqotni oson, tez va aniqroq amalga oshirishda yordam berdi.
Nima uchun aynan AQSh?
Hikoyamiz qahramoni e’tirof etganidek, unda hujjatlarni rasmiylashtirish va ko‘chish bilan hech qanday muammoga bo‘lmadi, hamma narsa oson va tez kechdi.
«Viza bilan muammo bo‘lmadi. Ammo O‘zbekistondan AQShda dasturiy ta’minot ishlab chiqish bo‘yicha ishga joylashish oson bo‘lmadi. Suhbat jarayoni juda qiyin va uzoq kechdi, negaki men AQShdagi boshqa nomzodlar bilan raqobatlashishga majbur bo‘ldim», qayd etadi u.
Xarajatlar bilan bog‘liq masalalarni kompaniya o‘z zimmasiga oldi.
«Neopeutics, Inc. dan ish taklifini qabul qilganimda, ular mening barcha hujjatlarimni tayyorlab berishdi. Bundan tashqari, kompaniya birinchi marta parvoz va turar joy xarajatlarini o‘z zimmasiga oldi. Kompaniya mening AQShga kelishim uchun hamma narsani qildi. Men faqat chamadonlarimni yig‘ib, ota-onam bilan xayrlashdim, xolos».
Qiyin bo‘lgan yagona jihat – yurt sog‘inchi
«Boshida qiyin bo‘lgan. Vatanni tark etdim, qarindosh-urug‘lardan, do‘stlardan uzoqlarga ketdim. Chet elda men doim qarindoshlarimni, shahrimdagi qishloqni, mazali o‘zbek taomlarini va yana ko‘p narsalarni sog‘inaman. Ammo boshqa tomondan, boshqa dunyoga sho‘ng‘ish va o‘zingdan farqli madaniyat bilan tanishish qiziq edi», xotirlaydi Farruh.
Farruh nima uchun AQShni tanladingiz, degan savolga, u «eng avvalo imkoniyatlar haqida o‘yladim», deb javob berdi:
«Menimcha, Qo‘shma Shtatlar uzoq vaqtdan beri «imkoniyat» so‘zining sinonimiga aylangan, ayniqsa, martaba haqida gap ketganda. Haqiqatan ham professional o‘sish uchun barcha sharoitlar mavjud. Yana bir katta afzallik shundaki, siz turli mamlakatlardan kelgan mutaxassislar bilan ishlashingiz mumkin».
Shuningdek, u AQShda malakali IT-mutaxassislar uchun millionlab ish o‘rinlari mavjudligini va eng muhimi, AQShda dasturiy ta’minot muhandislarining maoshi eng yuqori ekanligini ta’kidlaydi:
«Masalan, Nyu-Yorkda 5 yillik tajribaga ega bo‘lgan dasturiy ta’minot muhandislariga yiliga million dollardan ortiq pul to‘laydigan kompaniyalar bor. Bundan tashqari, ish muhiti juda qulay va jadval moslashuvchan. Kompaniyalar sog‘liq sug‘urtasi, kunning istalgan vaqtida bepul ovqatlanish, AQShning istalgan joyidan ishlash imkoniyati va boshqalar kabi ko‘plab imtiyozlarni taqdim etadi».
Farruhning so‘zlariga ko‘ra, San-Fransisko, Kaliforniya eng zo‘r tanlov edi, chunki IT muhiti va madaniyati boshqa shaharlarga qaraganda yaxshiroq. Ammo yana bir fakt shaharni tanlashga ta’sir qildi: u San-Fransiskoning iqlimini juda yaxshi ko‘radi, chunki u yer issiq va bu, o‘z navbatida, Farruhga uning quyoshli yurtini eslatadi.
Muvaffaqiyat sari yo‘l...
Neopeutics, Inc. kompaniyasida bir yildan ortiq dasturiy ta’minot muhandisi sifatida ishlagan Farruh Zume, Inc startapiga o‘tib ketdi va u yerda robotlar va kobotlar uchun dasturiy ta’minot yaratdi.
Shundan so‘ng u bir muddat Amazonda ishladi.
«Amazonda men Prime Video jamoasida 100 dan ortiq muhandis va menejerlar bilan ishladim. Yuz millionlab Amazon Prime Video obunachilari va mijozlarini qo‘llab-quvvatlash uchun kengaytiriladigan va ishonchli veb-striming xizmatlarini ishlab chiqdim. Bundan tashqari, Fire OS va Fire TV qurilmalaridagi ilovalarni ishlab chiqishda ishtirok etdim», deydi u.
Hozir Farruh «Google» kompaniyasida muvaffaqiyatli ishlab kelmoqda.
«Bu yerda men 200 ga yaqin muhandislar bilan ishlayman. O‘z Android Automotive OS jamoamda 20 nafar muhandis faoliyat olib boradi. Men 500 dan ortiq avtomobil turlari, jumladan BMW, Ford, Chrysler va boshqalar uchun aqlli dasturiy ta’minot va Android operatsion tizimini ishlab chiqaman. Jamoam bilan birgalikda Android operatsion tizimining avtomobil uchun versiyasi ustida ishlaymiz. Masalan, sizda avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya bor. Agar mashinalaringizni aqlliroq qilishni istasangiz, Google va mening jamoam tomonidan ishlab chiqilgan Android versiyasidan foydalanishingiz mumkin», qayd etadi u.
Bundan tashqari, bizning qahramonimiz qisman avtonom avtomobillar uchun dasturiy ta’minotni ishlab chiqadigan jamoa bilan ishlaydi.
Farruhning xotirlashicha, ushbu kompaniyalarga ishga kirish uchun u butun bo‘sh vaqtini o‘qishga bag‘ishlagan, universitetda va mustaqil ravishda matematika va informatika fanlarini o‘qib-o‘rgangan. U barchasiga faqat bilim va o‘z ustidagi mehnat evaziga erishganini ta’kidlaydi.
O‘zbekistonning IT-sohasiga baho
Farruhning so‘zlariga ko‘ra, hozir O‘zbekistonda IT sohasi juda jadal rivojlanmoqda va bu yo‘nalishda karera qurishga qiziqayotgan yoshlar soni ortib bormoqda:
«Davlat talabalar, IT mutaxassislari va biznes uchun cheksiz imkoniyatlarni taqdim etadi. Har yili yangi IT universitetlari va bootcamplar ochiladi va IT-biznes ayrim soliqlardan ozod qilingan. Menimcha, buni boshqa hech bir davlatda topish mumkin emas. Agar shunday davom etsa, bir necha yildan so‘ng O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi texnologik markazga aylanadi».
Mutaxassis ta’kidlaganidek, O‘zbekistonning IT sohasi Amerikanikidan biroz farq qiladi. Uning fikricha, Markaziy Osiyoning ko‘pgina mamlakatlarida axborot texnologiyalari asosan tijorat maqsadlarida (masalan, mahsulotlarni sotish platformasi, to‘lov tizimlari va boshqalar) yoki jarayonlarni avtomatlashtirish maqsadida qo‘llaniladi. AQShda texnologiya nafaqat biznes va hukumatga, balki ilm-fanning ko‘plab sohalariga ham mustahkam ravishda integratsiyalashgan.
«Masalan, astrofizikada ular steroidlarni aniqlash va koinotni, molekulyar biologiyada hujayralarni kuzatish uchun ishlatiladi. Men ishni oson va samaraliroq qilish uchun axborot texnologiyalari imkoniyatlarini iloji boricha ilmiy sohalarda qo‘llashni juda istayman», deydi u.
O‘zbekistonga qaytishni xohlaysizmi, degan savolga Farruh bunday imkoniyatni istisno qilmasligini aytdi:
«Endilikda hisoblash biologiyasi/amaliy matematika bo‘yicha doktor darajasiga ega bo‘lish rejam bor. Shundan so‘ng O‘zbekistonga doimiy yashash uchun qaytishim mumkin».
Yosh IT-mutaxassislarga maslahat
Farruhning ta’kidlashicha, bu hayotda eng muhimi o‘zingni va hayotdagi maqsadingni topishdir.
«Men inson o‘z qalbiga quloq tutishi kerakligiga ishonaman. «Google»ga qo‘shilishdan oldin meni Instagram jamoasida ishlash uchun «Facebook»ga taklif qilishdi, lekin men rad etdim, chunki mening qiziqishlarim boshqa. Ushbu ijtimoiy tarmoqqa qiziqmaydigan avloddanman deb o‘ylayman. Men qalbimga quloq solganimdan va ko‘nglim bo‘lgan ishni topa olganimdan xursandman».
Shuningdek, qahramonimiz yoshlarga informatikadan tashqari matematika, fizika, kimyo, biologiya yoki ulardan birini yaxshi o‘rganishni tavsiya qiladi:
«Sun’iy intellekt asrida yaxshi dasturiy ta’minot muhandisi bo‘lish uchun kompyuter fanidan tashqari hech bo‘lmaganda matematika va fizikani bilishingiz kerak bo‘ladi».
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter