Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistondagi ko‘p qavatli uy-joylarning qariyb 77 foizi 1991-yilgacha qurilgan

O‘zbekistondagi ko‘p qavatli uy-joylarning qariyb 77 foizi 1991-yilgacha qurilgan

Foto: Xabar.uz

Mamlakatimizda davom etayotgan anomal sovuq havo sharoitida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan, Bosh vazir Abdulla Aripov raisligidagi videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilinishicha, bugungi kunda respublika bo‘yicha jami 40 mingta ko‘p qavatli uy-joy mavjud bo‘lsa, shundan 31 mingga yaqini 1991-yilgacha qurilgani ma’lum qilindi.

Shu bois, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi (Zokirov, Hidoyatov) Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda ushbu 31 mingta uylarning fasad qismini renovatsiya asosida bosqichma-bosqich bazalt qoplamaga o‘tkazish hamda muqobil energiya manbalaridan foydalangan holda issiq suv va elektr bilan ta’minlashni nazarda tutuvchi dastur loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi topshirildi.

Shu bilan birga, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi (Zokirov) endilikda yangidan quriladigan ko‘p qavatli uylar va ijtimoiy soha ob’yektlarining loyiha-smeta hujjatlariga energiya samaradorlik darajasi yuqori bo‘lgan qurilish materiallari va jihozlardan foydalanishni majburiy tartibda kiritishi topshirildi.

Bu borada energiyatejamkor qurilish materiallari ishlab chiqarishni ko‘paytirishga ham e’tibor qaratishimiz kerakligi qayd etildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda respublikamizda jami 13,2 ming tonna bazalt xom ashyosi ishlab chiqarilmoqda. Bu esa yillik ehtiyoj (5 mln kv m yoki 36 ming tonna) 30 foizini ham tashkil etmaydi.

Shu bois, «O‘zsanoatqurilishbank» (Annaqilichev) «O‘zsanoqurilishmateriallari» uyushmasi bilan birgalikda ikki oy muddatda joylarda bazalt xom-ashyosi ishlab chiqarish loyihalarini ko‘paytirish bo‘yicha alohida dastur tayyorlab, yil yakuniga qadar kamida 5 ming tonnalik quvvat yaratishi kerakligi ta’kidlandi.

«O‘zeltexsanot» uyushmasi (Yunusov) ham ikki oy muddatda transformatorlar, kabellar, quyosh panellari va suv isitish kollektorlarini ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bo‘yicha alohida dastur tayyorlab, Vazirlar Mahkamasiga kiritishi belgilandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring