Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda mahalliy hokimiyat hisobdorligi kuchaytiriladi

O‘zbekistonda mahalliy hokimiyat hisobdorligi kuchaytiriladi

O‘zbekiston adliya vaziri Akbar Toshqulov va USAID missiyasi rahbari Devid Hoffman.

O‘zbekistonda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan hamkorlikda mahalliy davlat hokimiyatini rivojlantirish loyihasi amalga oshiriladi.

Loyihani ishga tushirish marosimida O‘zbekiston adliya vazirligi va USAID o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

AQSh elchixonasi xabariga ko‘ra, memorandum ikki tomon o‘rtasidagi hamkorlik asoslarini belgilab berishi barobarida, asosiy e’tiborni samarali mahalliy boshqaruvni ta’minlash uchun huquqiy-me’yoriy muhitni takomillashtirish, qarorlar qabul qilishda fuqarolar ishtirokini rag‘batlantirish va mahalliy davlat hokimiyati organlari salohiyatini kuchaytirishga qaratadi.

«Chemonics International» tomonidan amalga oshiriladigan loyiha mahalliy davlat hokimiyati organlarining mas’uliyati va hisobdorligini kuchaytirish borasidagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

«Mahalliy hamjamiyatlarga boshqaruvda faol ishtirok etish imkoniyatini berish yanada mas’uliyatli va hisobdor hokimiyatni barpo etish uchun muhim ahamiyatga ega. Ushbu loyiha fuqarolar, ayniqsa, xotin-qizlar, yoshlar, nogironligi bor insonlar va boshqa himoyaga muhtoj aholining muammolarini mahalliy darajada tinglash, ularning ehtiyojlarini aniqlash va qanoatlantirishga qaratilgan», – deydi USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi rahbari Devid Hoffman.

Qayd etilishicha, yangi loyiha turli manfaatdor tomonlar, jumladan, fuqarolar, tadbirkorlar, aholining alohida guruhlari, faollar, ommaviy axborot vositalari va boshqa davlat boshqaruvi organlarining ehtiyojlarini aniqlaydi va ularni hal qilishda yordamlashadi. Ushbu inklyuziv yondashuv orqali mahalliy boshqaruvdagi islohotlarni jamiyatning o‘ziga xos ehtiyojlari va real voqelikka moslashtirish ko‘zda tutilgan.

Loyihaning «O‘zbekiston – 2030» strategiyasiga muvofiqligini ta’minlashga hamda natijalarning kelgusida hukumat tomonidan amalga oshirilishiga ham e’tibor qaratiladi.

Avval xabar berganimizdek, USAID administratori Samanta Pauer joriy yil oktyabr oyida yurtimizga tashrifi davomida AQSh O‘zbekiston xalqini qo‘llab-quvvatlash uchun 14,2 million dollar mablag‘ ajratishini ma’lum qilgan edi. Ushbu mablag‘ silga, epidemiya va pandemiya tahdidlariga qarshi kurash, biznes va xususiy sektorni mustahkamlash, yanada mas’uliyatli va samarali mahalliy boshqaruv kabi yo‘nalishlarda sarflanishi ko‘zda tutilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring