O‘zbekistonda gaz va «svet»ning tannarxi qancha bo‘layotgani aytildi
Energetika vazirligi tizimda narxlarning shakllanishida bozor mexanizmlari ishlamayotgani sabab davlat energetika sohasini subsidiyalashga majbur bo‘layapti, deya ta’kidlamoqda.
Vazirlikka ko‘ra, 1 kilovatt-soat elektr energiyasining tannarxi hozirda 970 so‘mga to‘g‘ri kelyapti. Bu bir oyda o‘rtacha 200 kilovatt-soat elektr energiyasi iste’mol qiladigan iste’molchiga davlat 135 ming so‘mdan subsidiya beryapti, deganidir. Mamlakatdagi jami iste’molchilar soni esa 7,4 million xonadonni tashkil etadi.
Xuddi shunday, 1 kub metr gaz tannarxi 1 890 so‘m bo‘lsa, isitish mavsumida 750 kub metr gaz yoqadigan bitta oila o‘rtacha 1 million 132 ming so‘m subsidiya oladi. Ayni paytda mamlakatdagi gaz iste’molchilarining jami soni esa 4,1 million xonadonni tashkil qiladi.
Shu tariqa ayni paytda aholiga elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli uchun o‘rtacha 14 trillion so‘mdan ortiq subsidiyalar ajratilmoqda.
Bu bir yilda o‘rtacha 1,15 milliard AQSh dollari aholining energetik ehtiyojini subsidiyalash uchun sarflanyapti, deganidir.
«Sohaning zarar bilan ishlayotgani hisobiga uni davlat budjetidan subsidiyalash kamomadga olib kelmoqda. Bu esa ijtimoiy sohaga ko‘proq mablag‘ yo‘naltirishga imkon bermayapti.
Buning natijasida esa aslida tizimni yangilashga yo‘naltirish mumkin bo‘lgan mablag‘lar faqatgina paydo bo‘lgan ushbu tafovutni qoplashga sarflanmoqda.
Narxlarni to‘liq subsidiyalash o‘rniga sohaga bozor tamoyillarini joriy etish, iste’mol qilingan energiya uchun bozor talablaridan kelib chiqib haq to‘lanishi muhim», – deyiladi vazirlik tushuntirishida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq tizimda iste’molchilarga ma’lum cheklovlar asosida bozor mexanizmlari asosida elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun tariflar ishlab chiqilishi haqida xabarlar tarqalgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter