Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda elektron hukumat dinamikasi

O‘zbekistonda elektron hukumat dinamikasi

Foto: «egovernment.uz»

O‘zbekiston 2030-yilgacha BMTning Elektron hukumatni rivojlantirish indeksi va Butunjahon bankining Tadbirkorlikni yuritish indeksida 30ta eng rivojlangan mamlakatlar safiga kirishi kerak.

Texnika va axborot asri sifatida izohlanayotgan ayni davrda rivojlangan dunyo mamlakatlari bilan qadam-baqadam bo‘lish zaruriy talabdir. Bugungi kunda internet o‘z ko‘lami jihatidan jamiyatning barcha soha va jabhalariga kirgan ekan, undan unumli, to‘g‘ri va xolisona foydalana olish zarur. Ko‘pgina davlatlarda davlat boshqaruvining elektron vositalar orqali amalga oshirilayotgani, shu bilan birga, elektron hukumat tizimini joriy etilayotgani bunga yaqqol misoldir.

Elektron hukumat, bu – raqamli texnologiyalar, internet va zamonaviy ommaviy axborot vositalari asosida davlat xizmatlarini taqdim qilish jarayonini, fuqarolar va boshqaruv organlarining o‘zaro munosabatlarini doimiy optimallashtirish demakdir. O‘zbekistonda ham dunyoning boshqa mamlakatlari kabi elektron hukumatni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilgan.

Respublikamizda elektron hukumatning asosi 2003-yilda imzolangan «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi qonunning qabul qilinishi bilan bog‘liq. Unda axborotlashtirish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilangan, xususan:

  • O‘zbekiston Respublikasining yagona axborot maydonini yaratish;
  • davlat axborot resurslarini shakllantirish, axborot tizimlarini yaratish va rivojlantirish, ularning muvofiqligi va o‘zaro hamkorligini ta’minlash.

Davlat boshqaruvi tizimini axborotlashtirish bo‘yicha «Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida» va «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi qonunlar muhim ahamiyat kasb etadi. Bu qonunlarning birinchisi markaziy va joylardagi hukumat boshqaruv organlarida axborot tizimlari orqali muassasalar o‘rtasida hujjat almashinish masalalarini tartibga soladi.

«Elektron hukumat to‘g‘risida»gi qonun elektron hukumat sohasini davlat tomonidan tartibga solishni belgilab beradi, shuningdek, davlat xizmatlari ko‘rsatishni muvofiqlashtiradi. Qonunda elektron davlat xizmatlarining yagona reyestrini yuritish shartlari va elektron davlat xizmatlarining sifatini baholash tartibi ko‘rsatilgan. mazkur qonunga muvofiq davlat boshqaruviga tegishli elektron hukumatning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • davlat organlari faoliyati samaradorligi, tezkorligi va shaffofligini ta’minlash, ularning mas’uliyati va ijro intizomini kuchaytirish, aholi va tadbirkorlik sub’yektlari bilan axborot almashishni ta’minlashning qo‘shimcha mexanizmlarini yaratish;
  • aholi va tadbirkorlik sub’yektlari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda elektron hujjat aylanishi, davlat organlarining o‘zaro hamkorligi va ularning ma’lumotlar bazalari o‘rtasida axborot almashinuvi mexanizmlarini shakllantirish hisobiga davlat boshqaruv tizimida «bir darcha» tamoyilini joriy etish.

Bugungi kunga kelib, elektron hukumatning yetarlicha muvofiqlashtirilgan arxitekturasi mavjud. U Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) va davlat organlarining alohida portallaridan iborat.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 27-iyundagi 1989-qarori ijrosini ta’minlash maqsadida elektron hukumatning axborot tizimlari komplekslari ishlab chiqilib, ishga tushirildi. Bugungi kunda interaktiv davlat xizmatlari jismoniy va yuridik shaxslar, ko‘chmas mulk, avtotransport vositalarining ma’lumotlar bazalari, shuningdek, ma’lumotnomalar va klassifikatorlarning ma’lumotlar bazasidan foydalangan holda taqdim etilmoqda.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali 2013-yilda yaratilgan bo‘lib, bugungi kunda 300dan ziyod davlat xizmatlaridan foydalanish imkonini beradi. 2017-yil may oyida 65ta xizmatni taqdim etuvchi YaIDXP (my2.gov.uz)ning yangi talqini ishga tushirildi. Unda quyidagi funksiyalar joriy etilgan:

  • foydalanuvchilar haqidagi ma’lumotlarni markaziy ma’lumotlar bazasidan foydalanish orqali avtomatik tarzda olish;
  • Elektron hukumat foydalanuvchilarini aniqlashda Yagona identifikatsiya tizimidan foydalanish imkoniyati;
  • jismoniy va yuridik shaxslar uchun shaxsiy kabinetlarni yaratish imkoniyati.

Bundan tashqari, fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlari 50dan ortiq turdagi faoliyatni litsenziyalash uchun YaIDXP orqali ariza topshirishlari mumkin. Xususan, ko‘chmas mulk, bojxona, soliq va arxiv ishlari yo‘nalishlari shular jumlasidandir. Shu bilan birga, fuqarolik va xorij pasportlari uchun elektron arizalarni rasmiylashtirish mumkin.

Fuqarolar orasida foydalanilayotgan elektron hukumatning boshqa bir qator loyihalari ham katta muvaffaqiyatlarga erishgan. Xususan, id.gov.uz Yagona identifikatsiya tizimi elektron raqamli imzodan foydalangan holda barcha elektron hukumat tizimida har bir shaxs uchun bitta hisob qaydnomasini yaratadigan qulay vositadir.

Ochiq ma’lumotlar portali (data.gov.uz) 128 davlat organining 3517 elektron ma’lumotlar to‘plamiga ega. Ushbu elektron axborot manbaidan foydalanish dinamikasi kundan-kunga ortib bormoqda.

Barcha axborot tizimlari komplekslari orasida eng ko‘p yuklab olinadigani «Litsenziya» ATKdir. Unda 130000 litsenziya va ruxsatnomalar haqida ma’lumotlar joylangan. 44 faoliyat turi bo‘yicha litsenziya olish uchun ariza topshirish mumkin bo‘lib, ushbu arizalarning asosiy qismi belgilangan muddatda ko‘rib chiqiladi.

Elektron hukumat davlat va jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning tobora samarali vositasiga aylanmoqda. Qonunchilik hujjatlari ta’sirini baholash tizimi (SOVAZ) buning isbotidir. U elektron hukumat faoliyatining mamlakat Konstitutsiyasi qoidalariga muvofiqligini tasdiqlovchi ochiqlik, oshkoralik va so‘z erkinligi tamoyillari asosida ish olib boradi. SOVAZ portalining yangi talqini 2018 yilda ishga tushishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda davlat organlari onlayn tartibda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari bo‘yicha ovoz berishlari mumkin. Kelgusida uni «Elektron parlament» tizimi bilan integratsiyalash rejalashtirilgan.

Bugungi kunda elektron hukumatni rivojlantirish darajasiga ko‘ra dunyodagi mamlakatlar reytingida O‘zbekiston mavqei ancha ko‘tarilgan. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Elektron hukumat bo‘yicha (2016) tadqiqotida O‘zbekiston 20 pog‘ona yuqori o‘ringa ko‘tarildi va 193 davlat orasida 80-o‘rinni egalladi.

Milliy elektron hukumatni yanada rivojlantirishning muhim natijasi sifatida, O‘zbekiston 2030-yilgacha BMTning Elektron hukumatni rivojlantirish indeksi va Butunjahon bankining Tadbirkorlikni yuritish indeksida 30ta eng rivojlangan mamlakatlar safiga kirishi kerak. Shu maqsadda, kelgusida aqlli texnologiyalardan foydalangan holda elektron hukumatni rivojlantirish va axborot xavfsizligi masalalari bo‘yicha elektron hukumat xizmatlarini to‘liq integratsiyalash ko‘zda tutilmoqda.

Tadqiqotning yana bir muhim ko‘rsatkichi BMTning fuqarolar, korxonalar va davlat hokimiyati organlari o‘rtasida muloqot qilish uchun AKTdan foydalanish samaradorligini baholaydigan indeks (E-Participation Index) hisoblanadi. O‘zbekiston 2014-yilda 71-o‘rinda bo‘lgan bo‘lsa, 2016-yilda 47ta pog‘onaga ko‘tarilib, reytingda 24-o‘rinni egalladi. So‘rov natijalariga ko‘ra, aloqa portallari (e-kommunal.uz), Ochiq ma’lumotlar portali (data.gov.uz) va qonun hujjatlarini muhokama qilish portalining (regulation.gov.uz) ishga tushirilishi jamoatchilik bilan ochiqlik, oshkoralik va samarali muloqotni ta’minlashning asosiy omili bo‘ldi.

Yurtimizda elektron hukumat tizimi kundan-kunga rivojlanib bormoqda. Uning asosiy vazifasi esa aholi uchun haqiqatda foydali bo‘lgan xalqning talab va ehtiyojlarini hisobga olgan holda davlat xizmatlarini taqdim etish tartibini doimo takomillashtirib borish, xususan, aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga elektron xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha interaktiv faoliyatni ta’minlashdir.

Nargiza AZIMOVA,

Elektron hukumat tizimini rivojlantirish markazi axborot xizmati rahbari

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring