Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda bir yilda 50 mingdan ziyod yuqori texnologiyali tibbiy operatsiyalar o‘tkazildi (foto)

O‘zbekistonda bir yilda 50 mingdan ziyod yuqori texnologiyali tibbiy operatsiyalar o‘tkazildi (foto)

Shu kunlarda poytaxtimizda «O‘zbekistonda shoshilinch tibbiy yordam tizimi: muammolar, yutuqlar va istiqbollar» mavzuida shoshilinch tibbiy yordam tizimi shifokorlarining IV s’yezdi bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur tadbirda Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam tizimi shifokorlari assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizning olim va shifokorlari qatori Rossiya, AQSh, Turkiya, Janubiy Koreya, Germaniya, Isroil kabi dunyoning 15 davlatidan qariyb yetmish nafar malakali mutaxassislar ham ishtirok etmoqda. Tadbirda qayd etilishicha, 2017 yil davomida sakkiz yarim milliondan ko‘proq fuqaroga tez tibbiy yordam tizimi orqali xizmat ko‘rsatilgan. Uch millionga yaqin bemor statsionar va ambulator sharoitda davolangan. Shu davrda shoshilinch tibbiy yordam tizimida 50 mingdan ziyod bemorga yuqori texnologiyali operatsiyalar muvaffaqiyatli o‘tkazilgan. Jumladan, buyrak va jigar transplantatsiyasi amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.

Tez tibbiy yordam xizmatining moddiy-texnika bazasi ham takomillashib bormoqda. Jumladan, o‘tgan yilda tez tibbiy yordam xizmati uchun 1269 ta ixtisoslashtirilgan avtotransport xarid qilindi va hududlarning ushbu texnikaga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq qoplandi, dori-darmon va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash 3 barobarga ko‘paydi. Ya’ni, bugungi kunda har bir chaqiriq uchun minimal xarajatlar 5000 so‘m miqdorida belgilandi.

Shuningdek, joylardagi tez tibbiy yordam brigadalari va shoshilinch tibbiy yordam muassasalarining avtoparkini takomillashtirish maqsadida 2019 yili yana 200 ga yaqin maxsus transportlar xarid qilish ko‘zda tutilgan.

Shoshilinch tibbiy yordam tizimi shifokorlarining ikki kunlik s’yezdida tibbiyotimizning muhim yutuqlari va ilg‘or tajribalar ommalashtirilishi barobarida, dunyo tibbiyotida erishilayotgan muhim ilmiy-amaliy kashfiyotlar, yangi texnologiyalar hamda ulardan inson salomatligi yo‘lida samarali foydalanishga oid qiziqarli ma’ruzalar tinglanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring