Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston va AQSh madaniy boylikka doir muhim bitim imzolashi kutilmoqda

O‘zbekiston va AQSh madaniy boylikka doir muhim bitim imzolashi kutilmoqda

O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida  arxeologik va etnologik materiallar bo‘yicha madaniy boylik to‘g‘risida bitim imzolanishi kutilmoqda. AQSh Davlat departamenti Ta’lim va madaniyat masalalari byurosi qoshidagi Madaniy meros markazi direktori Erik Katalfamo va tahlilchi Enn Komptonning O‘zbekistonga 9 kunlik tashrifi davomida ana shu masala muhokama etildi.

AQSh elchixonasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mehmonlar O‘zbekiston turizm va madaniy meros vazirligi, bojxona qo‘mitasi, bosh prokuratura va boshqa manfaatdor tashkilot vakillari bilan madaniy mulk bo‘yicha kelishuvga erishish uchun yo‘l xaritasi yaratish haqida gaplashdi.

«Biz O‘zbekistonga tashrif buyurib, uning boy madaniy merosini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rishdan juda xursandmiz va hukumatning uni asrab-avaylash, muhofaza qilish borasidagi sa’y-harakatlarini olqishlaymiz», – dedi Madaniy meros markazi direktori E.Katalfamo.

Bu borada bitim imzolanishi madaniy boyliklarning ma’lum bir turlarini Qo‘shma Shtatlarga import qilinishi borasida cheklovlarni yuzaga keltirib, o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga zamin hozirlaydi. Import cheklovlari esa talon-toroj qilingan ob’yektlarning AQShga kirishiga to‘sqinlik qiladi va ularni mamlakatga qaytarishni osonlashtiradi.

Madaniy mulk bu – insoniyat tarixi va madaniyatlar xilma-xilligini o‘rganish uchun muhim bo‘lgan noyob va qayta tiklanmaydigan manbadir. Madaniy boyliklarning umumiy turlariga arxeologik ashyolar, nodir qo‘lyozmalar va marosimlarda foydalaniladigan buyumlar kiradi. Davlat departamenti tizimidagi Madaniy meros markazi madaniy boyliklarni noqonuniy savdodan himoya qilish hamda xalqaro ko‘rgazmalar va tadqiqot uchun madaniy boyliklarning qonuniy almashinuvini rag‘batlantirish bo‘yicha Vashington siyosatini ishlab chiqishda asosiy rol o‘ynaydi.

Hozirga qadar 25 ta davlat AQSh bilan madaniy mulk to‘g‘risida bitim tuzgan. Bitim tuzish haqida qaror qilishdan avval Madaniy meros markazi odatda talabgor mamlakat madaniy merosi bo‘yicha chuqur tadqiqotlar olib boradi.

Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston madaniy merosini muhofaza etishga asosan AQSh elchilarining madaniy merosni asrash jamg‘armasi (AFCP) orqali ko‘mak ko‘rsatib kelmoqda. Jamg‘arma 2001 yildan buyon O‘zbekistonda 14 ta loyiha, jumladan, Xivadagi XIX asrga oid Toshhovli saroyini saqlab qolish, Buxoro, Samarqand va Toshkentdagi bir qancha kolleksiya va tarixiy binolarni asarab-avaylash uchun qariyb 900 ming dollar mablag‘ ajratdi. Buxorodagi Ark davlat muzey-qo‘riqxonasidagi tosh asri va o‘rta asrlarga oid 700 dan ziyod arxeologik artefakt hamda Afrosiyob muzeyida (Samarqand) saqlanayotgan «Elchilar» deb nomlangan noyob surat ham ushbu jamg‘arma ko‘magida ta’mirlangan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring