O‘zbekiston texnoparklar qurish bo‘yicha Xitoy bilan hamkorlik qiladi
O‘zbekiston davlat organlari vakillaridan iborat delegatsiyaning Xitoyga safari doirasida «High-tech» sanoat zonasi rahbariyati hamda Xunan viloyatining ma’muriy markazi sanalmish Chansha shahrining hokimi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Suhbat chog‘ida tomonlar hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari haqida kelishib, ikki mamlakat o‘rtasidagi innovatsion rivojlanish bo‘yicha munosabatlarning muhim jihatlarini aniqlab oldilar.
Chansha shahri hokimi janob Li Syaoxon, Xunan viloyati ham, shaharning o‘zi ham texnoparklar va sanoat zonalari markazi ekanligini ta’kidladi. Bunday markazlarning asosiy yo‘nalishi mamlakatning barcha sohalarini, ayniqsa, sanoat, AKT, qishloq xo‘jaligi va biotibbiyot sohalarini texnologik va innovatsion jihatdan rivojlantirishdir.
O‘z navbatida delegatsiya rahbari, Innovatsion rivojlanish vazirining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Umarov mamlakatimiz infratuzilmasining turli yo‘nalishlarida innovatsion yechimlarni joriy qilishni boshlaydigan va ularni rivojlantiradigan 100 dan ziyod ilmiy-tadqiqot institutlari, tashkilotlar va boshqa birlashmalar mavjudligini ta’kidladi.
— Biz xitoylik hamkasblarimizning tajribalarini o‘rganib, investitsiyalar va hamkorlik uchun qulay sharoitlar yaratishga shaymiz. O‘zbekiston xalqimiz va davlatimiz gullab-yashanashi uchun xizmat qiladigan yangi g‘oyalar va islohotlar uchun hamisha ochiq. Mamlakatimiz infartuzilmasini va aholimiz turmushining yaxshilanishiga xizmat qiladigan mexanizmlar va mahsulotlar ishlab chiqaradigan qo‘shma ilmiy laboratoriyalar yaratish uchun innovatsion markazlarni yurtimizga taklif qilamiz, — dedi Baxtiyor Umarov.
Qayd etish joizki, mazkur tashrif «Huawei» kompaniyasi tomonidan davlat organlari boshqaruvini mukammallashtirish va O‘zbekiston aholisiga ko‘rsatilayotgan xizmatlarning samaradorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston davlat organlari vakillari uchun tashkil etilgan. «Huawei» kompaniyasi, shuningdek, O‘zbekiston sanoatining turli sohalariga innovatsion yechimlarni tatbiq qilishga ko‘mak beradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter