Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston-Pokiston: umumiy meros va intilishlar rishtalari nishonlandi

O‘zbekiston-Pokiston: umumiy meros va intilishlar rishtalari nishonlandi

Toshkentdagi  Pokiston elchixonasida «Do‘stlik oqshomi: O‘zbekiston-Pokiston  – umumiy meros va intilishlar rishtalarini nishonlash» deb nomlangan  tadbir bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda ikki davlat – Pokiston va O‘zbekistonni birlashtirib turgan boy madaniy aloqalar, umumiy tarix va chuqur ildizga ega do‘stlik rishtalari  borasida   so‘z  yuritildi.

Shuningdek, Pokiston birinchilardan bo‘lib O‘zbekiston mustaqilligini tan olgan davlat hisoblanishi, 1992-yilda birinchi bor mamlakatlar o‘rtasida yuqori darajada rasmiy delegatsiyalar almashinuvi bo‘lib o‘tgani yodga olindi.

«Bu esa O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi aloqalarning asosiy tamoyillariga asos solgan edi. Shundan beri mamlakatlarimiz rahbarlarining o‘zaro rasmiy tashriflari muntazam tus oldi», – deydi Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva.

Tadbirda, shu bilan birga o‘zbek va urdu tillarida yaratilgan dabiy-tarixiy meros hamda bu borada olib borilgan ilmiy ishlanmalar e’tirof etildi.

«Pokiston va  O‘zbekiston o‘rtasidagi chuqur ildiz otgan va ko‘p qirrali do‘stlikka bag‘ishlangan bu oqshom umumiy tariximiz va o‘zaro bog‘liq kelajagimiz rishtalarini nishonlash uchun shu yerda to‘planganimiz menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Pokiston-O‘zbekiston munosabatlari shunday kengaydiki, bir oqshomning o‘zi kifoya qilmaydi. Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy aloqalar tarixi ko‘p asrlarga borib taqaladi. Ikkala mamlakat ham boy merosga ega va vaqt o‘tishi bilan ularning o‘zaro munosabatlariga ta’sir ko‘rsatgan umumiy madaniy aloqalarga ega. Madaniy aloqalarining muhim jihatlaridan biri Markaziy Osiyoni Pokiston bilan bog‘lagan tarixiy Buyuk Ipak yo‘lidir. Ushbu savdo yo‘li tovarlar, g‘oyalar va qadriyatlar almashinuvini osonlashtirdi», – deydi Pokistonning O‘zbekistondagi Favqulotda va Muxtor elchisi  Ahmad Faruq.

Pokiston elchixonasida bo‘lib o‘tgan  tadbir hamjihatlik timsoli bo‘lib, ikki xalqning umumiy jihatlari va mushtarak merosini, yanada porloq kelajakka intilishini namoyon etishi ta’kidlandi.

«Do‘stlik oqshomi»  yakunida «Mango festivali»ning  ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Sharofiddin To‘laganov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring