Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston MTJ FIFA reytingida nima uchun Qirg‘izistondan ham pastga tushib ketdi?

O‘zbekiston MTJ FIFA reytingida nima uchun Qirg‘izistondan ham pastga tushib ketdi?

Foto: www.the-uff.com

Bugun FIFA milliy terma jamoalarning aprel oyidagi reytingini e’lon qildi. Unga ko‘ra O‘zbekiston milliy terma jamoasi birdaniga 18 pog‘ona pastlab, 88-o‘rinni egalladi. O‘FA buning sababini tushuntirdi.

Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha milliy terma jamoamiz Osiyoda 13-pog‘onada bormoqda. FIFA reytingiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, avvallari doimo FIFA reytingida bizdan pastroqda bo‘lgan Qirg‘iziston, Ummon, Falastin kabi terma jamoalar O‘zbekistondan yuqorida joylashishgan. Buning sababi nimada?

FIFA reytingida hisob-kitob juda ham oddiy. Xalqaro musobaqalarda g‘alaba qozongan har qanday terma jamoa FIFA reytingida ko‘tarilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ammo buning uchun muayyan bir terma jamoaning oxirgi 4 yillikda qayd etilgan natijalarning o‘rtacha ballari hisoblab chiqiladi. Bunda uchrashuvning qanday maqomga ega ekanligi, g‘alaba yoki durangning qanday musobaqada qo‘lga kiritilgani muhim ahamiyatga ega.

Oddiy qilib aytilganda, o‘rtoqlik uchrashuvlari FIFA reytingida eng kichik musobaqa maqomiga ega bo‘lib, koeffitsenti 1ga teng. Undan keyin Jahon chempionati yoki qit’a chempionati saralash musobaqasi bo‘lib, uning koeffitsenti 2,5 ga teng. Qit’a chempionati va FIFA Konfederatsiyalar kubogi kabi musobaqalarning final bosqichlari koeffitsenti 3ga teng bo‘lsa, eng yirik musobaqa sifatida Jahon chempionti final bosqichi hisoblanadi, uning koeffitsenti 4ga teng.

Ochkolarni hisoblash jarayonida raqib jamoaning reytingdagi o‘rni va uning konfederatsiyasi koeffitsenti ham muhim ahamiyatga ega. Misol tariqasida, KONMEBOL, ya’ni Janubiy Amerika jamoalari bilan o‘tkazilgan har qanday uchrashuv eng ko‘p ochko beradi, ya’ni koeffitsiyenti 1ga teng. Yevropa jamoalari 0,99, Osiyo, Afrika, Okeaniya va KONKAKAF jamoalarining koeffitsiyenti 0,85ga teng.

Mana shu jihatlarni inobatga oladigan bo‘lsak, O‘zbekiston MTJ nima sababdan bu qadar reytingda pastga tushgani oydinlashadi. Biz mart oyida Afrika terma jamoalari bilan 2ta o‘yin o‘tkazib, bitta durang, bitta mag‘lubiyat qayd etdik. Senegalga qarshi o‘yindagi durang terma jamoamizga ochkolar taqdim etdi. Agar O‘zbekiston mart oyidagi FIFA kunlarida o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazmaganida, FIFA reytingida bundan ham pastroq o‘rinlardan joy olgan bo‘lardi.

Dunyo miqyosida FIFA reytingida eng ko‘p yuqorilashga muvaffaq bo‘lgan Qirg‘iziston terma jamoasi Myanma va Hindiston bilan o‘ynagan bo‘lsada, lekin musobaqaning muhimligi jihatidan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazgan terma jamoalar, shu jumladan, O‘zbekiston terma jamoasiga nisbatan 2,5 barobar ko‘p ochko olgan.

Rasmiy musobaqalarda qatnashmaydigan terma jamoalarning reytingda pasayishi ro‘y beradigan holat hisoblanadi. Bu ayniqsa, rasmiy musobaqalar, masalan, saralash o‘yinlaridan ozod bo‘lgan jamoalarda ko‘p kuzatiladi. Rossiya terma jamoasi ayni paytda FIFA reytingida 66-o‘rinni egallab turibdi. Bu Rossiyaning zamonaviy futboli tarixidagi eng yomon natija hisoblanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring