Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston konchilik sanoatiga shaffoflik kerak

O‘zbekiston konchilik sanoatiga shaffoflik kerak

Foto: «Uchquduq» gazetasi

O‘zbekistonda qancha oltin, gaz, ko‘mir va boshqa qazilma boyliklar zaxirasi bor? Ulardan qanchasi o‘zlashtirilyapti, kim tomonidan va kelgusi avlod uchun qanchasi saqlanib qoladi? Bu kabi savollar sizni hech qiziqtirganmi?

Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan har yili foydali qazilma zaxiralari boyliklarining davlat balansi holati e’lon qilib boriladi. Ammo unda faqat zaxiralarning soni bor — qanday ishlatilyapti, kelayotgan daromad qancha va ularning ishlatilishi haqida hech qanday ma’lumot berilmaydi.

2018-yili «Fuqarolar uchun budjet» elektron kitobi e’lon qilinib, Moliya vazirligi tomonidan davlatimiz budjeti parametrlari bo‘yicha 100 sahifadan ziyod hisobot omma e’tiboriga havola qilindi. Bu ko‘pdan beri kutilgan qadam edi. Elektron kitobning bundan keyin ham har yili davomiy tarzda e’lon qilib borilishi shaffoflikni ta’minlash va hukumatning xalq oldidagi hisobdorligini oshirishga, shubhasiz, katta xizmat qiladi.

Moliya vazirligi tomonidan taqdim etilgan hisobotda yurtimizda ish yuritayotgan eng katta soliq to‘lovchilar infografika orqali ko‘rsatilgan. Infografika o‘quvchilarga hisobotni osonroq tushunib olishda yordam beradi.

Infografikadani ko‘rinib turibdiki, yurtimizdagi eng katta soliq to‘lovchilar va shu bilan birga, eng katta daromad keltiruvchi tashkilotlar aynan foydali qazilmalarni qazish va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi korxonalar ekan. Shu paytgacha aynan shu sohalardan keladigan daromadlarning qanchaligi, ushbu daromadlarning yurtimizning qaysi sohalariga qanday ravishda sarf etilishi aholiga qorong‘u bo‘lib, turli shubha va gumonlarga sabab bo‘lardi. Hukumat tomonidan muhim ma’lumotlarning ochiqlanishi tomon tashlangan qadam albatta tahsinga sazovor. Davlat daromadlari haqidagi ma’lumotlarning oshkor etilishi — hukumatning xalq oldida qay darajada o‘zini hisobdor his etayotganligini ko‘rsatadi va fuqarolik jamiyatining yanada kuchayishiga xizmat qiladi.

Boshqa tomondan, bunday ajoyib qadam yurtimiz obro‘sini xalqaro miqyosda ko‘tarishda qo‘l kelishini esdan chiqarmaslik lozim. Bu yerda gap Konchilik sanoatida shaffoflikni ta’minlash tashabbusi (KSShT, inglizchada — Extractive Industry Transparency Initiative) haqida ketyapti.

Ushbu tashabbus 2003-yili Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bleyr taklifi bilan tashkil etilgan bo‘lib, asosiy maqsad rivojlangan dunyo mamlakatlari kabi, rivojlanayotgan dunyo davlatlari hukumatlarining ham konchilik sohasidagi daromadlari, soliq va royaltilarning shaffofligini ta’minlash orqali mamlakatdagi tabiiy zaxiralarning aholi manfaatlari yo‘lida oqilona sarflanishiga erishishdan iboratdir. Tabiiy zaxiralar deganda, neft, tabiiy gaz va qimmatbaho metallar nazarda tutiladi. Tashabbusga qo‘shilgan davlatlar har yili o‘z hisobotlarini e’lon qilib borishlari lozim. Tashkilot esa davlatlarning taqdim etilgan hisobotlarini Tashabbus ishlab chiqqan xalqaro me’yorlar nuqtai nazaridan baholab, har bir a’zo davlatga to‘liq amal qiluvchi, qisman yoki mutlaqo amal qilmaydigan davlat maqomini beradi (ma’lumot uchun qarang: www.eiti.org). KSShTga Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasidan 51 davlat a’zo.

Tashabbusga qo‘shilish borasida bir necha savol tug‘ilishi tabiiy.

KSShTga qo‘shilish qanday tartibda amalga oshadi?

Konchilik sanoatida shaffoflikni ta’minlash tashabbusiga qo‘shilish yoki KSShT me’yorlarini bajaradigan davlat maqomiga ega bo‘lish uchun bir qancha shartlarni amalga oshirish so‘raladi. Agar KSShTga a’zo bo‘lish jarayoni jiddiy ravishda boshlanadigan bo‘lsa, u holda shu paytgacha turli davlatlar, xususan, Germaniya, Angliya, Meksika yoki Dominikan Respublikasi kabi davlatlarning arizalarini model qilib olsa bo‘ladi — ularning barchasining KSShT tashabbuslari tegishli veb-saytlarda joylashgan.

KSShTga qo‘shilish va uning shartlarini bajarish mamlakatimiz uchun katta moliyaviy xarajatni keltirib chiqarmaydimi?

Aslo. A’zo davlat qaysi davlat korxonalaridan qancha daromad kelayotganligini interaktiv grafikalar orqali hammaga tushunarli tilda izohlashi, tabiiy zaxiralarga oid sohalarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni hamda shu sohalarga kirgan mahalliy va xorijiy shirkatlar ma’lumotlarini e’lon qilishi lozim. Buning uchun avvalambor Moliya vazirligi, Geologiya qo‘mitasi va «O‘zNeftGaz» milliy xolding kompaniyasi kabi tashkilotlarimizda bunday salohiyatli kadrlarimiz borligiga shubha yo‘q.

Misollarga o‘tamiz. Zambiya, Filippin, Sierra-Leone, Gana, Mo‘g‘uliston va Indoneziya kabi davlatlar ham o‘z hisobotlarini muvaffaqiyatli tarzda topshirib kelishmoqda. Guvohi bo‘lyapsizki, bu davlatlar qatorida iqtisodiyoti yurtimizdagiga qaraganda ancha sust rivojlangan mamlakatlar ham bor. Demak, hukumatimizning salohiyati yetarli, bu hisobot unga katta xarajatni yuklamaydi.

KSShTga azo bo‘lish orqali mamlakatimiz nimalarni qo‘lga kiritadi?

Boshqacha aytganda, KSShTga kirishdan bizga nima naf? Foydasi juda ko‘p. Ushbu tashabbusga qo‘shilishimiz avvalambor hukumatimizning xalq mulkini oqilona sarflayotganining yorqin alomati hisoblanadi va yurtimiz brendini dunyoga yaxshi tanitish vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Bu narsa esa investorlar va xalqaro moliyaviy institutlar ko‘z o‘ngida yurtimizning ishonchli hamkor sifatidagi obro‘sini oshirib, investitsiya muhiti yaxshilanishiga xizmat qiladi. Ko‘pgina davlatlarning KSShTga kirishdan maqsadlaridan biri ham asli shu. Qolaversa, bu konchilik sohasida yurtimizga investitsiya kiritmoqchi bo‘lgan korporatsiyalar uchun juda muhim signaldir. Chunki AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Kanada kabi yirik investor davlatlar o‘z kompaniyalari chet eldagi faoliyatida korrupsiyaga aralashmasligi uchun alohida qonun qabul qilishgan. Misol uchun, AQSh dagi «Foreign Corrupt Practices Act» (1977) qonuniga ko‘ra, Amerika kompaniyalari xorijiy davlatlarda ish yuritish uchun o‘sha davlatlar rasmiylariga pora berishi taqiqlanadi va jiddiy jazolanadi.

KSShTga qo‘shimcha tarzda tabiiy zaxiralardan foydalanishga oid daromadlarni doimiy ravishda e’lon qilib borish G‘arb davlatlaridagi yirik neft-gaz va konchilik shirkatlarining yurtimizga o‘z kapitallarini kiritishi jadallashuviga sabab bo‘ladi, deb o‘ylaymiz. Korrupsiya bo‘lmasa, investorlar yurtimizga xotirjam kirib kelishadi. Eng muhimi, mehnatkash xalqimiz oldida uning mulki bo‘lmish tabiiy zaxiralar bo‘yicha daromadlar qanchaligi va ularning qaysi sohalarga yo‘naltirilayotgani haqida ochiq-oydin hisobot berilib, xalq va hukumat o‘rtasida mustahkam ishonch poydevori bunyod etiladi. 

Zaxiraga boy Markaziy Osiyo mamlakatlari bu borada qanday yo‘l tutishgan, KSShTga kirish ularga qanday ijobiy ta’sir ko‘rsatgan?

Qo‘shni Qozog‘iston va Qirg‘iziston ushbu Tashabbusga allaqachon a’zo bo‘lishgan. Ayniqsa, Qozog‘istonning bu borada hisobotlarni boshqa a’zo davlatlardan oldinroq topshirishi dunyo hamjamiyati tomonidan yuksak baholanyapti. Tojikiston ham bir necha yil oldin Tashabbusga qo‘shilish niyatini bildirdi, biroq, ma’lumotlarni yetarli darajada oshkor etmaganligi sababli KSShT ga a’zo bo‘lish jarayoni to‘xtatib qo‘yildi. Albatta, bu holat Tojikistonning xalqaro nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatgani shubhasiz. Turkmaniston esa KSShT ga a’zo bo‘lishi niyatini shu paytgacha ko‘rsatgani yo‘q.

Qozog‘istonning KSShT bo‘yicha rasmiy veb-sahifasi

KSShT kabi tashabbuslar G‘arb dunyosining rivojlanayotgan mamlakatlarni nazorat qilish mexanizmiga aylanib qolgani yo‘qmi?

To‘g‘ri, xalqaro huquqqa ko‘ra, har bir suveren davlatga o‘zining tabiiy zaxiralari bo‘yicha ma’lumotlarni oshkor etish majburiyati yuklanmagan, chunki bu har bir davlatning ichki yurisdiksiyasiga bog‘liq masala. Shunday ekan, juda ham oshirib aytganda, bunday tashabbuslardan neo-imperializmning hidi kelayotgani yo‘qmi?

Bunday tanqid albatta bir qancha davlatlardagi rasmiy doiralar orasida xavotirga sabab bo‘lganini rad etib bo‘lmaydi. Shunga qaramay, KSShT ga eng birinchilardan bo‘lib a’zo bo‘lgan va uning talablarini bajargan davlat — neftga boy Norvegiya hisoblanadi. Bundan tashqari, G20 davlatlari ham KSShTni tan olishgan va unga oid Birlashgan Millatlar Tashkiloti Rezolyusiyasi ham qabul qilinganligi nazarda tutilsa, ushbu Tashabbus neo-liberal maqsadlarda emas, balki mustaqil, o‘zining tabiiy zaxiralarini xalqi manfaatiga sarflamoqchi bo‘lgan davlatlarga yordam berish va ularning xalqaro obro‘sini oshirish yo‘lida tashkil etilganligi oydinlashadi.

Yuqoridagi sabablarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining ham KSShTga a’zo bo‘lib kirishining juda ko‘p ham ichki, ham tashqi ijobiy jihatlari mavjud. Ayniqsa, shu yilning o‘zida Geologiya qo‘mitasi e’lon qilganidek, 5,7 trillion AQSh dollarilik tabiiy zaxiraga ega yurtimizni shaffof va ishonarli sarmoya kiritish bozoriga aylantirish uchun KSShT kabi platforamalar juda ham zarur. Umid qilamizki, tegishli davlat idoralari ushbu taklifimizni o‘z e’tiborlariga olishadi.

Alisher Umirdinov,
Yaponiyadagi Nagoya iqtisodiyot universitetining
Biznes huquqi fakulteti professori, PhD,
Buyuk kyelajak ekspertlar kengashi a’zosi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring