O‘zbekiston Kinematografiya markaziga aylandi

Taniqli kinostudiyalar ijodiy va ishlab chiqarish resurslarini birlashtirib, alyans tuzishga qaror qilishdi.
Dushanbeda MDH davlatlari va Gruziya kinostudiyalari direktorlarining kinematografiya sohasidagi hamkorlik bo‘yicha kengashi bo‘lib o‘tdi. Kengash ishida MDH davlatlari va Gruziyaning yetakchi kinostudiyalari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi, «O‘zbekfilm» kinokonserni, «Tojikfilm» davlat muassasasi, «Belarusfilm» milliy kinostudiyasi, Shaken Aymanov nomidagi «Qozoqfilm» kinostudiyasi, «Sankt-Peterburg hujjatli filmlar studiyasi» ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi, «Gruziya-Film» studiyasi, Moldova Milliy kinematografiya markazi, «Mosfilm», «Lenfilm» va «Turkmanfilm» kinokonsernlari, «Lendok» studiyasi (Sankt-Peterburg) va boshqalar ishtirok etishdi.
Kengash a’zolari «MDH va Gruziya davlatlari kinostudiyalari xalqaro ijodiy uyushmasi» ishchi nomi ostida alyans tuzishga qaror qilishdi. Tashkil etilgan ishchi guruhga assotsiatsiyaning nizomi va tuzilmasini shakllantirish, hujjatlarni belgilangan tartibda Uyushma ta’sischilari davlatlarining davlat organlari bilan kelishish vazifasi yuklatildi.
«Belarusfilm» kinostudiyasi bosh direktori Vladimir Karachevskiy O‘zbekistonni hamkorlikning ijobiy namunasi sifatida ko‘rsatib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston joriy yilning birinchi yarmida Rossiya bilan hamkorlikda yaratilgan 4 ta film taqdimotini o‘tkazadi, «Belarusfilm» kinostudiyasi bilan 2 ta («Uzbechka», «Kazbek»), Qozog‘iston bilan 3 ta («Qo‘shnilar», «Eshelonlar Sharqqa ketadi», «Qo‘rqut ota»), Tojikiston bilan 2 ta film («Jomiy va Navoiy» va «Ko‘rinmas yulduz») suratga olish bo‘yicha shartnomalar imzolagan. “Bu hamkorlik sifatini oshirish, o‘zaro bozorlarga chiqish, kino ishlab chiqarishda ijodiy va iqtisodiy resurslarni birlashtirishga qaratilgan hamkorlikning yorqin namunasidir.
Biz O‘zbekiston bilan birgalikda 1941-1943yillarda Toshkentda yashagan, o‘zbek shoirlari Hamid Olimjon va Zulfiya bilan do‘st bo‘lgan afsonaviy Yakuba Kolosning 140 yilligiga bag‘ishlangan yangi kartina yaratishni rejalashtirganmiz. Shu bilan birga, biz bu hamkorlik tizimli va muntazam ko‘rinishga ega bo‘lishi kerakligini tushunamiz. Buning uchun yangi mexanizmlar talab etiladi, shuning uchun ham biz kino hamjamiyatini yaratmoqdamiz va O‘zbekiston tajribasini asos qilib olgan holda hamkorlik modelining ushbu variantini bir ovozdan qabul qildik», — deya ta’kidladi «Belarusfilm» kinostudiyasi bosh direktori.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter