«O‘zbekiston havo yo‘llari» Pyotr Karimovning da’vo arizasiga izoh berdi
Islom Karimovning o‘g‘li Pyotr «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAKning Moskva shahridagi filialida 13 yil davomida ishlagan. U bo‘shagandan so‘ng aviakompaniyani belgilangan maosh puli to‘lanmaganlikda aybladi, deb xabar bermoqda «Sputnik».
«O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK tomonidan Pyotr Karimovga bo‘shagandan so‘ng unga hisob-kitob qilinishi va hujjatlarni olib ketishi haqida ogohlantirish xati yuborilgan. Bu haqda aviakompaniyaning matbuot kotibi Zumrad Shojalilova ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, ommaviy axborot vositalarida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning o‘g‘li Pyotr Karimov «O‘zbekiston havo yo‘llari»ga nisbatan da’vo arizasi bilan Moskvaning Tver sudiga murojaat qilgani haqida xabarlar tarqatilgandi. Da’vo arizasi «to‘lanmagan ish haqini undirib berishga oid mehnat bo‘yicha nizolar» mazmunida topshirilgan. Sud yig‘ilishi 24 oktyabrga tayinlangan.
Pyotr Karimov 2004-yildan 2017-yil aprel oyigacha «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAKning Moskva filiali bosh vakilining yordamchisi lavozimida ishlagan.
«Karimov Mehnat kodeksiga asosan o‘z xohishiga ko‘ra bo‘shagan. Biz buyruqlarni ko‘tardik va bu fakt tasdig‘ini topdik», — degan aviakompaniyaning matbuot kotibi.
Pyotr Karimov 1969-yilda tug‘ilgan. OAV ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi vaqtda u Moskva viloyatida istiqomat qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter