«O‘zbekchang kimga kerak!?»
2009-2010-yillar edi. Fan nomzodi darajasini olish uchun dissertatsiyamni o‘zbekcha yozgandim. Ilmiy seminarga (rasmiy himoyadan oldingi bosqich) qo‘yilganda savol bo‘ldi:
«Na kakom yazike dissertatsiya?»
«Na uzbekskom...»
Savol berguvchi indamadi, ammo o‘sha vaqtlarda «qudratli» kishi edi ilmiy doiralarda. Yana ikki-uch «qudratli»lar o‘zbekcha yozilgan dissertatsiyani tushunmadi, ma’ruzada esnab o‘tirdi. Xullas, ishim seminardan qaytdi. Sabab, mavzu ixtisoslikka to‘g‘ri kelmas ekan. Mavzu o‘zgarishi kerak, degan talab bo‘ldi.
Noiloj, rozi bo‘ldim. Mavzu o‘zgardi, degani yana xat-hujjat, OAK byulletinida e’lon qil, kamida olti oy kut!
Yarim yilcha o‘tdi. Yana ilmiy seminar. Yana o‘sha savol: «na kakom yazike...» Bu seminardan ham o‘tmadi, sababi, endi ixtisoslik o‘zgarishi kerak ekan. Yana xat-hujjat, OAK byulletenida e’lon qilish, yana kutish...
Bilardimki, bu rasvoyi ovogarchilikning asl mansha’laridan biri dissertatsiyaning hanuz o‘zbekcha yozilayotgani, yana ilmiy rahbarim bilan «qudratli»larning orani ochdi qilayotganlari...
Dissertatsiya baribir o‘zbekcha yozildi. Qaytmadim. O‘sha «qudratli shaxs»lardan biri, ayol kishi edi, meni chetga tortib, maslahat bergan ham bo‘ldi, o‘zbekchada yozaman:
«Menga qara, sening o‘zbekchang kimga kerak? O‘zbekcha yozilgan ishingni kim o‘qiydi? Jahonga chiqmoqchimisan?..»
«Sen o‘qishing shartmas, o‘zbekcha tushunmasang!» dedim yuziga. Ko‘kardi, gezardi. «Cherez moy trup!» dedi. Yana nimalardir deb va’dalar berdi. «Poshla ti...» dedim, boshqa u vallamat bilan gaplashmadim, salom-alikni yig‘ishtirdim. Ko‘zimga shayton bo‘lib ko‘rinardi, yuziga qaramaslikka harakat qilardim. Qo‘rqqanimdan emas, albatta. Qolaversa, ularga bog‘liq joyim yo‘q edi.
Xullas, himoya qildim o‘zbekcha dissertatsiyani. Doktorlik dissertatsiyani ham o‘zbekcha yozdim. U «qudratli shaxslar» tarixning bir yoqimsiz sahifasiga aylandi. Ishdan ketdi. Unutildi. O‘zbekcha yozsa jazavasi qo‘ziydiganlar qolmadi oramizda.
Nega bu voqeani eslab qoldim. Ona tilimiz or-nomusli, g‘ururli insonlar sabab tirik, kuchli, o‘lmaydi! G‘urur bor ekan «cherez moy trup!» deydiganlarning dag‘dag‘asi, jazavasi, kibri vaqt masalasi.
Aslida, tilimizning bayrami faqat bugun emas. Ona tilida gapirgan har bir kunimiz bayram. Ona tilida gapira olmaydigan xalqlar qancha?
Har kuningiz bayram bo‘lsin, do‘stlar!
Baxtiyor Abdug‘afur, olim
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter