O‘zbek tiliga maftun turk qizi: Burcu Yilmaz bilan suhbat
Turkiyalik qizning ilm yo‘lida O‘zbekistonga tashrifi va o‘zbek tiliga muhabbatidan hayratlanib, u bilan suhbat qurishga oshiqdik. Suhbatni ramziy ma’noda Abdulla Qodiriy uy muzeyida tashkil etib, Qodiriy yurgan yo‘llar aro o‘tkan kunlarimizni birga xotirladik... Ayniqsa, Burcu «O‘tkan kunlar»dan parcha o‘qiganida, unga mehrim tovlanib ketdi... Bu, millatning o‘tkan kunlari yodi bilan yashayotgan, o‘z ona tiliga ishqi va hurmati baland har bir o‘zbek uchun faxr! Burcu Yilmaz Istanbul universiteti, Turkologiya taqdqiqotlar instituti doktoranti.
– Burcu, O‘zbekistonga xush kelibsiz! Bu Sizning O‘zbekistonga ilk tashrifingiz-a? Taassurotlaringiz qanday?
– Bu mening O‘zbekistonga birinchi kelishim emas. Ilk bor 2018 yilda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bo‘lib o‘tgan Xalqaro simpoziumda ma’ruza qilish uchun bir haftaga kelib, Toshkent va Samarqandda bo‘lgandim. Bu safar O‘zbekistonga 1 oy muddatga keldim. Ikki shahar ham menga juda manzur bo‘lib, go‘zal taassurotlar qoldirgandi. Uch yildan so‘ng guvohi bo‘lib turibmanki, Toshkent ancha o‘zgarib, rivojlangan, chiroyiga chiroy qo‘shilgan. Toshkentni sehrli shahar sifatida ko‘raman, u meni odamlari, ko‘chalari, havosi, tarix shukuhi taralib turguvchi muhiti bilan maftun etgan.
– O‘zbekistonga tashrifingiz sababi, ilmiy ishingiz mavzusi – o‘zbek tili bilan bog‘liq bo‘lganligi haqida ilk uchrashuvimizda aytib o‘tgandingiz. Nima uchun aynan, o‘zbek tilini ilmiy ishingiz uchun mavzu qilib oldingiz? Umuman, turkiyalik yoshlar ilmiy ish uchun mavzu tanlayotganda, nimalarga ko‘proq ahamiyat qaratishadi?
– Yozayotgan dissertatsiya ishimning mavzusi o‘zbek tili bilan bog‘liqligi sababining o‘z tarixi bor: Turkiyaning Marmara universitetida turk tili va adabiyoti bo‘yicha tahsil olganman. Til darslariga qiziqardim. Magistrlik darajasini turk tillari bo‘yicha olishni o‘ylardim. Lekin qaysi turkiy tilga ixtisoslashish borasida qaror qilmagandim. Bizga o‘sha vaqtda o‘zbek tili darsi o‘tilardi. O‘qituvchimiz Doniyor ismli o‘zbek yigiti bizga bu xalqning madaniyati, O‘zbekiston haqida gapirib berdi va Erkin Vohidovning «O‘zbegim» she’rini o‘qidi. Bu she’rdan juda ta’sirlandim. O‘sha kun ilmiy izlanishlarim ixtisoslashuvini o‘zbek tili bilan bog‘lashga qaror qildim. Keyin esa magistrlik dissertatsiyamda shu tilda Mahmud Hasaniy tomonidan o‘zbekchadan turkchaga tarjima qilingan Husayn ibn Ibrohim Muhammad at-Taflisiyning «Kamilut-ta’bir» – «Mukammal tush ta’birnomasi»ni (transkripsiya)ga ko‘ra til xususiyatlari haqida ishladim. Hozirda esa doktorlik dissertatsiyamni «Chig‘atoy tilidan zamonaviy o‘zbek tiliga o‘tishda iboralar va iboralarda yuzaga kelgan o‘zgarishlar” mavzuida yozayapman. Ilmiy ish mavzuimni tanlar ekanman, turkologiya va sohamga foydali bo‘lishi mumkin bo‘lgan mavzuni tanlashga e’tibor qaratdim.
– Ma’lumki, o‘zbek va turk tillarining mazmunan yaqinligi sababi – ikki tilning ham tarixiy kelib chiqishi turkiy tillar turkumiga mansubligi bilan bog‘liqligidadir. Shu nuqtai nazardan, o‘zbek va turk adabiyoti tili kayfiyatida qanday uyg‘unliklar ko‘rasiz?
– O‘zbeklar va turklar misoli bitta daraxning ikki xil shoxlari... Daraxtning shoxlari mutlaqo bir xil bo‘lmasa-da, ildizlari birdir! Shu sabab, ikki til – yakdil! O‘zbek tili bilan turk tilining sintaksisi, so‘zlari, idioma (ibora) va maqollari juda o‘xshash. Masalan, idiomalarni o‘rganish asnosida o‘zbek tilidagi idiomalarni turk tilidagi idiomalar bilan solishtiraman va ularning ko‘pchiligi bir xil yoki o‘xshash ekanligini ko‘raman. Bu bizga ikki xalqning madaniyati, urf-odatlari, yashash tarzining yaqinligidan dalolat beradi. Chunki iboralarni xalq madaniyati va hayotidan mustaqil ravishda tasavvur qila olmaymiz. Yana o‘ylaymanki, adabiyotimizdagi his-tuyg‘u kayfiyati, ritorika, vatanparvarlik mavzulari ham egizdek xuddi. Masalan, Mustaqillik urushidan so‘ng, Mehmet Akif Ersoyning «İstiklal Marşı» she’ri va Abdulla Oripovning O‘zbekiston madhiyasi uchun yozgan she’ridagi vatanparvarik tuyg‘ulari qalban yaqin. Bu mushtarakliklar ikki xalq adabiyotining mavzusi va mualliflari uslublarida aks etadi.
– O‘zbek adabiyotining ilk romani – Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar» asari tili va unda qo‘llanilgan iboralar Sizda qanday fikrlar uyg‘otgan? Umuman, Abdulla Qodiriy ijodi va aynan «O‘tkan kunlar» sizga qay jihatlari ila qadrli?
–«O‘tkan kunlar»dagi iboralarni hali ilmiy nuqtai nazardan tahlil qilishga ulgurmadim. Dissertatsiyamning keyingi qismlarida bunga to‘xtalish niyatim bor, albatta. Turkiyada ayni mavzu 2001 yili Şeref Yılmaz tomonidan magistrlik dissertatsiyasi (Abdullah Kadri’nin (Ötgen Künler) romanında geçen deyimlerin incelenmesi)da o‘rganildi. Roman tili ancha ravon va sodda. O‘qish va tushunish oson. Oson til va uslubga ega ekanligi asarni bir nafasda tushunishmizga imkon beradi. “O‘tkan kunlar» romani meni O‘zbekistonning madaniyati va an’analari ildizlari bilan yaqindan tanishtirgani bilan qadrlidir. Roman o‘z ichiga olgan mavzular ila universallik xususiyati kasb etib, bu uning abadiylikka daxldor maqomini belgilaydi. Abdulla Qodiriyning yutug‘i shundaki, u sizni roman ichiga olib kira oladi va qahramonlar o‘rnida o‘zingizni tasavvur etib, masalan, Kumushni tuyg‘ularini bevosita siz ham his qilasiz. Yozuvchi hayotiylik omili orqali qahramoni olamiga kitobxonni sherik qila olishi, bu yuksak mahorat.
– O‘zbek yozuvchisi, adabiyotshunos olimi – Ulug‘bek Hamdamning Abdulla Qodiriy haqida yozgan bir maqolasini o‘zbek tiliga tarjima qilganingiz haqida xabarim bor. Shu tarjima jarayoni qanday kechdi va bu maqola qay jihatlari ila qiziqish uyg‘otgandi?
–Ulug‘bek Hamdamning «Abdulla Qodiriy va Erkin Vohidov» nomli maqolasini tarjima qilish jarayoni yaxshi kechdi, chunki men uchun maqolalarni tarjima qilish badiiy matn tiliga qaraganda, birmuncha qulayroq. Buning sababi, maqoladagi so‘z va jumlalar qisqa va lo‘nda, aniq ifodalanashida. Odatda, menga yaqin bo‘lgan sohalar doirasida badiiy matnlar emas, balki ilmiy matnlar ustida ishlayman. Maqolada e’tiborimni tortgan jihat birinchi navbatda, Abdulla Qodiriyning o‘zbek adabiyotidagi o‘rnini ko‘rish bo‘ldi. Shuningdek, Abdulla Qodiriy o‘zbek adabiyotiga nafaqat o‘z asarlari ila, balki o‘zidan keyingi nomlar ijodiga bergan ilhomi bilan ham ma’nan ta’sir qilgani, vorislik rishtalariga ehtirom maqolaning mohiyatini tashkil etadi. Qodiriy asarlari meni dunyoimga ta’sir qilib, qalbimda chuqur iz qoldirgan. Maqola muallifi Abdulla Qodiriyning o‘zbek adabiyoti umumiy oqimiga katta ta’siri borligini nozik anglab, uni o‘z kuzatuvlari asosida ramziy bog‘liqlarni keltirib, ifoda etgan. O‘z o‘rnida xos kuzatuv didi va izchil tahlil bilan yozilgan bu maqola meni Qodiriy shaxsiga yana bir qadam yaqinlashtirdi. Bu go‘zal maqolani imkon qadar Turkiyaning ilm olamiga olib kirishga harakat qildim.
– Abdulla Qahhorning «Dahshat» hikoyasini turk tiliga tarjima qilganingizni eshitib, juda xursand bo‘ldim. Mazkur asarni tarjima jarayoni haqida gapirib bering. Tarjima uchun Abdulla Qahhorning nega aynan shu hikoyasini tanlagan edingiz?
– «Turk tili va adabiyoti» jurnalining o‘zbek-turkcha soniga hikoya tarjima qilish taklifi tushgandi va men tarjima uchun qanday asar olsam ekan, deb o‘ylay boshladim. Asosan, o‘zbek tili bilan shug‘ullanganim bois, o‘zbek adabiyoti bo‘yicha izlanuvchi do‘stim Hamza O‘zturkchudan tarjima uchun asar tavsiyasi borasida maslahat so‘radim. Istagim, o‘zbek adabiyotidan o‘zbeklar madaniyati izlarini o‘zida mujassam etgan va bizning ham xalqimiz bilan tutashib ketguvchi mushtarak jihatlarga ega hikoya topish edi. Do‘stim, Abdulla Qahhorning «Dahshat» hikoyasini tavsiya etdi. Bu aynan, men izlagan hikoya bo‘lib chiqdi. Asarni tarjima jarayoni men uchun ham qiziqarli, ham zavqli kechdi. Men to‘satdan o‘zimni ajoyib hikoyada topdim. Hikoya orqali o‘zbeklarning tarixi, madaniyati, an’analari, odat va yashash tarzi tasvirlarida bizning ham madaniyatga yaqin elementlarni ko‘rish, o‘rganish imkoniga ega bo‘ldim. Shunday qilib, o‘tmishdagi hayotni kuzatish, mening e’tiborimni tortgan asosiy jihatlardan biriga aylandi. Hikoyani tarjima qilar ekanman, voqealar tuyg‘usi ichida goh adashib, goh isyon qilib, goh kulib, goh esa o‘ylanib qolgan paytlarim bo‘ldi. Bu muallifning hikoyaga shaxsni qanchalik mohirlik bilan kiritganligi mahoratidan dalolatdir.
– Mana, bir necha kundirki, O‘zbekistonda mehmonsiz. Ilmiy ishingiz yuzasidan izlanishlaringiz sabab, ko‘pgina o‘zbek yoshlari bilan do‘stlashdingiz. Aytingchi, ularning og‘zaki nutqida o‘zbek adabiy tili qanday jarang sochayapti? Shunga hech qiziqdingizmi? O‘zbek tiliga mehr qo‘ygan inson sifatida sof o‘zbekcha so‘zlashni shakllantirish borasida nimalarga ko‘proq e’tibor qaratish lozim, deb o‘ylaysiz?
– O‘zbek tilini o‘rganishim tufayli O‘zbekiston va o‘zbekistonlik yoshlar bilan yaqin muloqotda bo‘ldim. Ko‘plab juda yaxshi do‘stlar orttirdim. Albatta, Turkiyada bo‘lganimda ham, bu yerda ham do‘stlarimning suhbatlarini kuzataman. Ko‘rib turganimdek, o‘zbek yoshlari o‘z ona tilini yaxshi ko‘radi, lekin uning himoyasi, ulug‘lanishi tilga bo‘lgan amaldagi hurmat bilan o‘lchanadi. Misol uchun, bir do‘stim bilan kechki ovqatni tanovvul qilish uchun yemakxonaga tashrif buyurdik. Do‘stim yemakxona xizmatchisidan vilka (sanchqi) so‘radi. Men tabiiy ravishda unga savol berdim: «Nega o‘z tilingda sanchqi so‘zi bo‘la turib, vilka deysan?...» U o‘ylanib qolib, siz haqsiz, dedi. Keyin biz bu so‘z haqida biroz suhbatlashdik. Men unga «sanchqi» so‘zining naqadar ma’noli ekani, so‘zning kelib chiqish tarixi haqida bilganlarimni ilindim. Ota-bobolar tilida go‘zal so‘z bo‘la turib, boshqa tillardan so‘z olish ma’nosiz, dedim. Albatta, bugun ham sof o‘zbekcha gapirish, bu tilni asrab-avaylash zarurati bor. Til bu, bizga asrlar davomida ishonib topshirilgan xazinadir. Bu xazinani asrab-avaylash o‘zbek yoshlarining ham, biz, o‘zbek tili mutaxassislarining ham burchimizdir. Bu yo‘lda qilinajak ishlar bisyor, avvalosi, bu mavzuning mohiyatini anglashdir. Zeroki, til bu – millatning yuzi!
– Zulfiyaxonim she’riyatiga ham qiziqishingizni eshitib, sizga nisbatan yanada mehrim va hurmatim oshdi. Zulfiyaxonim she’riyatining Sizni o‘ziga maftun etgan jihati nima edi?
– Ayol botini kuchining o‘rni va kuchli ayollar meni doim hayratda qoldiradi. Bir kuni Zulfiya ismli taniqli o‘zbek shoirasi borligini eshitib, uning ijodiga qiziqib qoldim. Keyin uning kitobini sotib oldim va o‘qish jarayonida shoira she’rlaridagi tuyg‘u menga qattiq ta’sir qildi. Shoira she’riyati meni g‘ururlantirdi. Uning ijodidan eng sevib o‘qiydigan she’rim bu – «Bahor keldi seni so‘roqlab».
– Kelgusidagi rejalaringiz?
– Turk va o‘zbek tiliga foydasi tegadigan olima bo‘lishni xohlayman. Bunday qudratli madaniyatning tilini asrab-avaylash va yuksaltirish Alisher Navoiydan keyin turkologiyaga yurakni bergan turkologlarga yuklangan, deb o‘ylayman. Va men ham ulardan biriman, deb faxr qilaman. Shuning uchun turkiy tilni asrab-avaylash va targ‘ib qilish, mening asosiy maqsadim. O‘zbek tilini dunyoda keng qo‘llaniladigan til sifatidagi mavqeini oshirish yo‘lida ilmiy izlanishlar olib borib, soha rivojiga munosib hissamni qo‘shsam, deyman.
– Burcu, o‘zbek tiliga maftun insonning o‘zbekcha ismi ham bo‘lishi kerak, nazarimda. Har holda bu meni sizga hurmatim ramzi. Siz bilan ilk bor oyning o‘n beshida va oy chiqqan mahal diydorlashgandik. Chehrangiz ham nurli oy kabi go‘zal ekan. Shu sabab, men sizni o‘zbekcha ism ila Oygul deb atagim keldi.
– Men buni mamnuniyat bilan qarshi olaman. Menga o‘zbekcha ism taklifini berishingiz bilan bog‘liq kechgan tasodiflar va fikrlarimizning uyg‘un kelishi manzur bo‘ldi. Go‘zal o‘zbekcha ism va mehmondo‘stligingiz uchun sizga katta rahmat!
Lobar Qobilova suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter